Линклар

logo-print

Pokiston II vaziri namoyishchilarga “terrorchi” sifatida qarashga chaqirdi


Islomobod shahridagi Pokiston hukumatiga qarshi namoyishchilar, 2014 yil 1 sentabr.

Islomobod shahridagi Pokiston hukumatiga qarshi namoyishchilar, 2014 yil 1 sentabr.

Pokiston Ichki ishlar vaziri Chaudri Nisar Ali Xon deputatlarni Islomobod shahridagi hukumatga qarshi namoyishchilarga politsiya “bosqinchi va terrorchi” sifatida qarashi to‘g‘risida “aniq yo‘llanma” berishga chaqirdi. Vazir buni namoyishchilar “davlatga qarshi isyon qilishga uringani” bilan izohladi. 30 avgustdan beri politsiya va norozilar o‘rtasida davom etayotgan zo‘ravonliklarda uch namoyishchi o‘ldi.

Pokiston Ichki ishlar vazirining chaqirig‘i 2 sentabr kuni mamlakat parlamentining Bosh vazir Navoz Sharif raisligida boshlangan favqulodda yig‘ilishida yangradi.

Uch kundan buyon politsiya bilan to‘qnashayotgan namoyishchilar Bosh vazir iste‘foga chiqishini talab qilmoqda.

Namoyishlarga boshchilik qilayotgan Imron Xon va taniqli ulamo Tohir ul-Qadriy norozilar talabi bajarilmaguncha namoyishlar davom etishini ta‘kidlagan.

30 avgust kuni kechqurun Bosh vazirning rasmiy rezidentsiyasiga bostirib kirishga uringan norozilar bilan politsiya o‘rtasida sodir bo‘lgan to‘qnashuvlarda uch namoyishchi o‘ldi.

31 avgust va 1 sentabr kunlari namoyishchilar televideniye bosh qarorgohini qisqa muddat egallab olgan paytda va Navoz Sharifning idorasiga bostirib kirishga uringan paytda yana to‘qnashuvlar ro‘y berdi.

2 sentabr kungi chiqishida Pokiston ichki ishlar vaziri Islomobod shahridagi namoyishlar siyosiy tadbir emas balki, “davlat idoralari va Pokiston hukumatiga qarshi isyon ekani”ni ta‘kidladi.

Vazir namoyishda harbiy tayyorgarlikdan o‘tgan janggarilar ishtirok etayotganini urg‘uladi:

- Namoyishchilardan 1000 yoki 1500 nafari tayyorgarlikdan o‘tgan terrorchilar. Ular janggari tashkilotlar va guruhlardan kelib qo‘shilgan,- deya bayon qildi Pokiston Ichki ishlar vaziri.

Ayni paytda, Mudofaa vaziri Xvaja Muhammad Osif hukumat namoyishchilarga nisbatan cheklangan choralar ko‘rish, jumladan, ularga nisbatan “kuch qo‘llash va hibsga olish” masalasini ko‘rib chiqayotganini aytdi.

Namoyishchilar Bosh vazir Navoz Sharif hukumatini korruptsiyada ayblagan va Sharifni 2013 yilda o‘tkazilgan saylov natijalarini soxtalashtirish orqali hokimiyat tepasiga kelganini iddao qilgan.

Sharif barcha ayblovlarni inkor qilib, iste‘foga chiqmasligini ta‘kidladi.

Imron Xon yetakchiligidagi muxolif Tahriki Insof partiyasidan parlamentga saylangan deputatlar 2 sentyabrь kungi parlament sessiyasiga boykot e‘lon qildi.

Boshqa siyosiy partiyalar Navoz Sharifni iste‘foga chiqishga chaqirishdan bosh tortdi.

Ular buni ko‘cha namoyishlari orqali hukumat boshlig‘ini iste‘foga chiqarish konstitutsiyaga zid ekani bilan izohlagan.

XS
SM
MD
LG