Линклар

Kaliningrad viloyatining Svetlogorsk shahar politsiyasi o‘tkazgan reyd davomida shahrda hujjatsiz yashab kelgan o‘zbekistonlik oila aniqlandi va ma‘muriy javobgarlikka tortildi. Ma‘lum bo‘lishicha, o‘zbekistonlik er-xotinning uchchala farzandi ham Rossiyada tug‘ilgan.

Kaliningradning Svetlogorsk shaharchasida mahalliy politsiya xodimlari o‘tkazgan reyd davomida 28 xorij fuqarosi hujjattini tekshirdi.

Ulardan ikki nafarigina ma‘muriy javobgarlikka tortildi, deya xabar qildi Kaliningrad viloyat Ichki ishlar boshqarmasi.

“Olib borilgan profilaktika amaliyoti davomida Xutorskiy tor ko‘chasidagi uy qurilishlaridan birida O‘zbekiston fuqarolari bo‘lgan ko‘p bolali oila Rossiya hududida noqonuniy yashab kelgani aniqlandi”, deb yozdi boshqarma matbuot xizmati.

Ma‘lum bo‘lishicha, o‘zbekistonlik er-xotin pasportsiz bo‘lgan. Undan tashqari, o‘zbek muhojirlari olti, to‘rt va bir yarim yoshda bo‘lgan uch farzandni yaroqsiz sharoitlarda tarbiya qilayotgani haqida xabar qilindi.

Ozodlik qo‘lga kiritgan ma‘lumotlarga ko‘ra, bu oila Svetlogorskka Kaliningrad shahridan ikki hafta oldin kelgan, undan avval er-xotin bolalari bilan qurilish ob‘ektlarida ishlab, kun kechirgan. Uchchala bola Kaliningradda tug‘ilgani to‘g‘risidagi tug‘ruqxonadan berilgan guvohnomadan tashqari bu oila boshliqlari hech qanday hujjatga ega bo‘lmagan.

Kaliningrad viloyati Ichki ishlar boshqarmasida er-xotin hujjatsiz yashagani uchun Rossiya Federatsiyasi Ma‘muriy huquqbuzarliklar to‘g‘risidagi Kodeksning 18.8 moddasiga muvofiq javobgarlikka tortilgan va ularning ishi mahalliy Migratsiya bo‘limiga topshirilgan.

Svetlogorsk shahar politsiya bo‘limida Ozodlik so‘roviga oilada norasida farzandlar borligi bois protokol tuzilgandan keyin, er-xotin qo‘yib yuborilganini ma‘lum qilishdi.

​Ayni paytda, politsiyachi hujjatsiz yashagan oila bunday huquqbuzarlik uchun sud qarori bilan O‘zbekistonga deportatsiya qilinishi mumkinligini ham qo‘shimcha qildi.

XS
SM
MD
LG