Линклар

Tojikistonda Rog‘un GESi qurilishi loyihasi bo‘yicha ekspertlar guruhining yakuniy hisobotini e‘lon qilgan Jahon banki bunday to‘g‘on qurilishini texnik jihatdan amalga oshirish mumkinligi, uning ekologik va ijtimoiy oqibatlari esa keragicha yumshatilishi lozimligini qayd etadi.

Jahon bankining bu boradagi xulosasi 1 sentabr kuni e‘lon qilindi.

JB hisobotiga ko‘ra, Rog‘un GESi loyihasining texnik-iqtisodiy asoslanishi bo‘yicha tadqiqot Frantsiyaning Coyne et Bellier, Italiyaning Electroconsult va Buyuk Britaniyaning IPA shirkatlari konsortsiumi tomonidan o‘tkazilgan. Bunga parallel ravishda Shveysariyaning Poyry Energy Ltd. shirkati loyihaning ekologik va ijtimoiy ta‘sirini baholagan.

Hisobot mualliflari loyihaning ijobiy jihatlari bilan bir qatorda yoz paytida daryo quyisida suv hajmi kamayib ketishi ehtimoli doxil barcha salbiy jihatlarni ham ko‘rib chiqish zarurligini ta‘kidlaganlar.

Rog‘un GESi o‘n yillardan buyon O‘zbekiston va Tojikiston hukumatlari o‘rtasidagi ziddiyat o‘chog‘i bo‘lib kelmoqda.

O‘zbekiston prezidenti Islom Karimov 2012 yilda Ostona shahrida Markaziy Osiyodagi suv mojarosi urushga olib kelishi mumkinligidan ham ogohlantirgan.

O‘zbekiston hukumati iddaolariga ko‘ra, Rog‘un GESi loyihasi bundan 40 yil avval eskirgan konstruktsiya va texnologik qarorlar asosida ishlab chiqilgan hamda qurilish davom ettirilishdan avval bu inshoot loyihasi xalqaro ekspertizadan o‘tkazilishi, uning mintaqa ekologiyasiga xavfsizligi, Amudaryo suv oqimiga ta‘siri, uning zilzilabardoshliligiga ob‘ektiv va asoslangan baho berilishi shart.

O‘zbekiston hukumati Rog‘un GESi seysmik jihatdan xavfli hududda joylashgani, bu hududda bir necha marta 10 balli zilzilalar qaydga olinganini ta‘kidlar ekan, shunday tabiiy ofatning yana qaytalanishi ortidan GES to‘g‘oni yorilib, mintaqadagi yuz minglab odamlar hayotiga xavf solishi mumkinligini qayd etadi.

Biroq Tojikiston tomoni GES mintaqa ekologiyasiga xavf solmasligini, agar to‘g‘oni balandligi 335 metr bo‘lgan Rog‘un ishga tushsa, mazkur suv omborida qo‘shni davlatlarning sug‘orish ishlari uchun suv jamg‘arilishi oson bo‘lishini iddao qiladi.

O‘zbekiston rahbariyatining hisob-kitobicha, agar Tojikistondagi Rog‘un GESi qurilguday bo‘lsa, uning to‘g‘oni ortidagi havza to‘lgunicha, o‘zbekistonliklar 8 yil suvsiz o‘tirishga majbur bo‘ladi.

Biroq, tojik rasmiylariga ko‘ra, O‘zbekiston tomonining bu xavotiri ham asossiz.

XS
SM
MD
LG