Линклар

Шошилинч хабар
25 апрел 2024, Тошкент вақти: 06:06

Malayziyadagi o‘zbek elchixonasi xodimlarining “mama Roza”lar bilan hamkorligi iddao qilinmoqda


Aldov bilan Malayziyaga olib kelinib¸ fohishalikka majburlanayotganini aytgan o‘zbek qizlari¸ O‘zbekiston elchixonasi va konsulligi xodimlarining vatanga qaytishga yordam so‘rab borayotgan odam savdosi qurbonlarini yana qaytarib “mama Roza”larga topshirayotganini iddao qildi. Malayziyadagi o‘zbek diplomatlaridan bu iddaoga munosabat olish samarasiz qolayotgan bir paytda¸ Ozodlikning mazkur elchixonaga yaqin manbasi konsullik xizmati xodimlari va “mama Roza”lar o‘rtasida aloqa borligini tasdiqladi.

Qo‘li uzun “mama Roza”lar

Ozodlikka kuni-kecha o‘zi bog‘langan Malayziyadagi o‘zbek qizlaridan biri 20 yashar Kamola (asl ismi xavfsizlik nuqtai nazaridan o‘zgartirilgan – tahr.) bir yil avval tanishining targ‘iboti bilan kiyim-kechak do‘konida sotuvchilik qilib¸ sarpo-surug‘ qilish xayolida Malayziyaga kelgan.

Kelganidan 10 kun o‘tib¸ uning toshkentlik targ‘ibotchisi Kamolani asli tojikistonlik ayolning uyiga keltirib¸ “bir oycha shu yerda ishlab turish”ni aytib¸ juftakni rostlagan.

Uning pasportini olib qo‘ygan qo‘shmachi xotin (uning ismi sharifi va yashash manzili Ozodlikka ma‘lum – tahr.) esa¸ Kamolani Toshkentdan olib kelish uchun 8000 dollar to‘lab qo‘ygani va bundan keyin qarzni uzish uchun fohishalik qilajagini aytgan.

Kaltak va tahdid ostida bir yildan beri kuniga o‘ndan oshiq mijozga xizmat ko‘rsatishga majburlanayotgan Kamola¸ kelganidan beri O‘zbekistonga ketishda yordam berishni so‘rab elchixonaga murojaat qilayotgani¸ biroq bu yerdan o‘zining qayta “mama Roza”siga berib yuborilayotganini iddao qiladi:

- Konsullikka boramiz¸ bizga pasport qilib bering¸ bizni sotib yuborishgan¸ zo‘rlanib¸ fohishalik qilib yuribmiz¸ desak¸ konsulstvo “mama Roza”ga telefon qiladi-da¸ “Sani jo‘jachang keldi¸ opket” deydi. Hammasi pul uchun til biriktirib olgan. Bir yildan beri shu shahardan chiqib keta olmayman. O‘zbekiston nima uchun chetda konsulstvo ochib qo‘ygan? Nechta qiz o‘lib ketayapti bu yerda¸ elchixonaning hech bir ishi yo‘q. Mana kechagina yana bitta qiz o‘lib qoldi. Kasal holida ishlatishdi¸ oxiri bolnitsaga olib borishdi va ertasiga o‘lib qoldi. O‘ligi hozir ham morgda yotibdi. Kim bu qizlar uchun javob beradi?(Ozodlikka Malayziyada o‘lgani aytilgan uchala qizning qo‘shmachi xotin qo‘ygan taxallusigina ma‘lum¸ ularning shaxsi va o‘limiga oid boshqa tafsilotlar hozircha mavjud emas – tahr.) Ayting¸ qo‘limizda na pasport va na boshqa hujjatimiz yo‘q bo‘lsa¸ elchixona yordamisiz qanday O‘zbekistonga qayta olamiz? deydi shaxsan o‘zi Malayziyada fohishalikka zo‘rlangan uch o‘zbek qizining o‘limiga guvoh bo‘lganidan qattiq shokka tushganini aytgan Kamola.

Uning iddaosicha¸ o‘zini bir necha bor elchixonadan qaytarib olib kelgan qo‘shmachi ayol¸ uzun qo‘lini istagan joyga cho‘za olishi va o‘zidan qochmoqchi bo‘lgan qizlarni qayerdan bo‘lsa ham topib kelishini o‘ta shallaqi ohangda muttasil takrorlashni kanda qilmaydi.

Elchixona xodimlari “muhim tadbirlardan” bo‘shamayotir...

Ozodlik muxbiri O‘zbekiston Respublikasining Malayziyadagi elchixonasiga bog‘lanib¸ bu jiddiy iddaoga o‘zbek diplomatlari javobini o‘rganishga urindi.

O‘zini elchixona kotibasi deb tanishtirgan ayol¸ mavzudan xabardor bo‘lgach¸ tegishli rasmiy bilan ulab berishi uchun kutishni so‘radi va qariyb 10 minutlik kutishdan so‘ng¸ konsullik xodimlarining “muhim tadbir”da ekanini aytib¸ boshqa kun bog‘lanishni maslahat berdi.

Boshqa kun qilingan telefon murojaatiga ham ayni uslub va ayni uzr bilan javob qilindi. Ozodlik hamon Malayziyadagi o‘zbek diplomatlarining bu mavzuda izoh berishini kutmoqda.

Malayziyadagi O‘zbekiston elchixonasi rasmiylari odam savdosi qurbonlariga yordam bermayotganlikda ayblanayotgan¸ bu iddaolarga javob berishdan o‘zini olib qochayotgan bir paytda¸ Toshkent hukumati odam savdosiga qarshi kurashni o‘zining ustivor vazifalaridan biri qilib belgilagan.

AQSh Davlat departamentining dunyo mamlakatlaridagi odam savdosi vaziyatiga doir 2014 yilgi hisobotiga ko‘ra¸ 2013 yil davomida O‘zbekiston hukumati 1392 fuqarosini odam savdosi qurboni sifatida e‘tirof etgan.

Bu qurbonlardan 125 nafari mamlakat ichkarisida¸ qolgani esa¸ xorijda ekspluatatsiya qilingan. O‘zbekistonning xorijdagi diplomatik vakolatxonalari¸ hisobotga ko‘ra¸ odam savdosi qurbonlaridan 380 nafarining vatanga qaytishiga yordam ko‘rsatgan.

O‘zbekiston hukumati¸ xususan¸ huquq-tartibot idoralari o‘z fuqarolarini odam savdosi muammosidan tinimsiz ogohlantirib¸ unga qarshi kurash iddaosi bilan xorij hukumatlari va xalqaro tashkilotlardan moliyaviy ko‘mak olib keladi. Shunga qaramay¸ Malayziyadagi o‘zbek elchixonasi xodimlarining Kamola va boshqa o‘zbek qizlari iddao qilgan kabi odam savdosi bilan shug‘ullanuvchi kriminal guruhlar bilan aloqasi borligini Ozodlik bilan o‘z shaxsi ochiqlanmasligi sharti bilan gaplashgan elchixonaga yaqin manba tasdiqladi:

- Men konsullik xodimlari¸ xususan¸ konsullarning “mama Roza”lar bilan gaplashib¸ uchrashib turishini yaxshi bilaman. Shaxsan o‘zim konsullarning muammo chiqqanda¸ “mama Roza”larga telefon qilib¸ ularni ofisga chaqirib¸ masalani hal qilganini ko‘rganman. Ular orasida aloqa borligini tasdiqlayman¸ deydi Malayziyadagi O‘zbekiston elchixonasiga yaqin rasmiy manba.

Ayni paytda¸ bu manba ayni iddaolarning avvalgi elchi va konsullar xizmat davriga taalluqli ekani¸ yangi elchi va konsul faoliyati haqida gapirishga erta ekanini bildirdi.

2009 yilda O‘zbekistonning Malayziyadagi Favqulodda va Muxtor elchisi etib tayinlangan 51 yoshli Shukur Sobitov joriy yilning iyul oyida Toshkentga chaqirtirilib, elchilik vazifasidan olingan edi. Ayni paytda¸ Sobitov oilasiga yaqin manbalarga ko‘ra¸ O‘zbekiston prokuraturasi elchixona mulkini talon-taroj qilganlik aybi bilan sobiq elchiga jinoiy ish qo‘zg‘agan.

Ozodlikka ma‘lum bo‘lishicha¸ elchi ortidan O‘zbekistonning Malayziyadagi konsuli ham Toshkentga chaqirtirilgan va o‘rniga yangi konsul tayinlangan.

O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirining muovini lavozimida ishlab kelgan Murod Asqarov avgust oyi oxirida Malayziyaga elchi etib tayinlandi.

Shukur Sobitov o‘rniga elchi etib tayinlangan Murod Asqarov O‘zbekistonning BMTdagi elchisi¸ so‘ngra Tashqi ishlar vaziri o‘rinbosari lavozimida ishlagan.

Malayziyaning odam savdosiga qarshi kurash ko‘rsatkichlari abgor

Malayziyada fohishalikka majburlanayotgan Kamola¸ har biri o‘nlab o‘zbek qizini fohishalikka majburlab¸ ular har biridan oyiga o‘rtacha 20 ming dollardan daromad qilayotgan o‘nlab o‘zbek “mama Roza”si nafaqat o‘zbek konsullari¸ balki Malayziya politsiyasini ham sotib olib qo‘yganini iddao qiladi:

- Bossimiz hamma polislarni taniydi. Ularga faqat pora beradi. Ularning kattasi bizning boss bilan til biriktirgan. Polisga borsak¸ ular kim bossing deb so‘raydi. Otini aytsak¸ darrov telefon qilib¸ “Qizing shu yerda” deydi va bizni berib yuboradi. Bizning bossning qo‘lida 60-70 tacha qiz ishlasa¸ hech qaysining vizasi yo‘q. Meniyam hech qanaqa hujjatim yo‘q. Biz oylik viza bilan kelib¸ shundan beri soxta viza bilan yuribman. Ishonmasangiz¸ viza kopiyasini yuboraman¸ deydi o‘zbekistonlik Kamola.

Ozodlik muxbirining Malayziya politsiyasi rasmiylaridan bu iddaoga munosabat olish urinishlari ham hozircha natija bermadi.

AQSh Davlat departamentining odam savdosiga oid 2014 yilgi hisobotida Malayziya hukumatining odam savdosiga qarshi kurashi jiddiy tanqid qilindi.

AQSh hukumati Malayziyaning bu jabhadagi kurashini eng elementar xalqaro talablarga ham javob bermaydigan deb topdi va uni bu borada dunyodagi eng sharmandali davlatlar qatoriga qo‘ydi.

Odam savdosiga qarshi kurash bo‘yicha Malayziya reytingining bunday keskin pastlatilishi¸ Kuala Lumpur hukumatini xalqaro va AQSh moliyaviy yordamidan mosuvo qilib¸ unga nisbatan muayyan sanktsiyalar qo‘llanishiga asos bo‘lishi mumkin.

“Malayziya odam savdosini jilovlash borasida umuman jiddiy ish qilayotgani yo‘q. Kun tartibidagi asosiy narsa daromad va korruptsiya. Malayziya odam savdosi qurbonlari¸ birinchi galda muhojir qurbonlarni emas¸ biznes¸ qo‘shmachi va vositachilarni himoya qiladi. Bularni jazolash o‘rniga¸ Malayziya huquq idoralari migrantlarni qo‘lga olib¸ ayb qo‘yib¸ deporatiya qilish bilan shug‘ullanib kelmoqda”¸ deydi aksar aholisi musulmon sanaladigan Malayziyadagi odam savdosi vaziyatiga baho bergan Tenaganita nohukumat tashkiloti rahbari Aegile Fernandez G‘arb muxbiri bilan suhbatda.

O‘zbekiston¸ qolaversa¸ Malayziyada keng ildiz otgan ayni shu korruptsiya¸ Kamola kabi odam savdosi qurbonlari fojeiy taqdirini o‘zgartirish yo‘lidagi asosiy to‘siq sifatida ko‘rilmoqda.

XS
SM
MD
LG