Линклар

Шошилинч хабар
25 апрел 2024, Тошкент вақти: 07:00

"Islomiy davlat" amerikalik yana bir jurnalistni qatl etdi


Stiven Sotloff
Stiven Sotloff

Iroq va Suriyada xalifalik e‘lon qilgan "Islomiy Davlat" janggarilari amerikalik jurnalist Stiven Sotloffning boshi tanasidan judo qilingani aks etgan videoni tarqatdi. Ikki hafta avval janggarilar amerikalik boshqa bir jurnalist Jeyms Foleyni qatl etgandi.

AQSh Milliy xavfsizlik kengashi “Islomiy davlat” guruhi janggarilari Internet orqali tarqatgan amerikalik jurnalist Stiven Sotloffning boshi tanasidan judo qilingani aks etilgan videoni haqiqiyligini tasdiqladi.

Bu haqda chorshanba kuni Milliy xavfsizlik kengashi rasmiy vakili Keytlin Heyden ma‘lum qildi.

31 yashar Sotloffning qatliga oid video Internetda 2 sentabr kuni paydo bo‘ldi.

Mazkur videoda yuziga niqob kiygan janggarining da‘vosicha, Sotloffning o‘limi orqali Iroq shimolidagi "Islomiy davlat" pozitsiyalariga berilgan havo zarbalari uchun qasos olingan.

“Time”, “The National Interest” va “Foreign Policy” nashrlari uchun ishlagan Stiven Sotloff 2013 yilning avgust oyida Suriyada janggarilar tomonidan o‘g‘irlab ketilgandi.

O‘tgan hafta jurnalistning onasi “Islomiy davlat” guruhi rahbaridan o‘g‘lini ozod qilishni so‘rab, videomurojaat bilan chiqqandi.

19 avgust kuni “Islomiy davlat” janggarilari boshqa bir amerikalik jurnalist Jeyms Foleyning qatli aks etgan videoni tarqatgandi.

“Amerikaga mujda” deb nomlangan videoda niqobli janggari, agar Vashington Iroqda havo zarbalari berishni to‘xtatmasa, o‘ldirilajak keyingi odam Sotloff bo‘lishi haqida amerikalik rasmiylarni ogohlantirgandi.

Frantsyaning AFP agentligi va AQShning Global Post kompaniyasi jurnalisti bo‘lgan Jeyms Foley ham 2012 yil noyabrida Suriyada qurollangan noma‘lum odamlar tomonidan o‘g‘irlangandi.

Besh daqiqali videoda qurollangan guruh AQSh prezidenti Barak Obama Iroq shimolidagi "Islomiy davlat" pozitsiyalariga havo zarbasi berishni buyurganiga javoban Foleyni o‘ldirganini da‘vo qiladi.

Ushbu videoda Amerikaning Time jurnali muxbiri Stiven Sotloff ham garovdagi asir sifatida ko‘rsatilib, janggarilar Sotloff taqdiri AQSh Prezidenti Barak Obamaning “keyingi qarori”ga bog‘liq bo‘lishini ta‘kidlagan.

Jurnalist Jeyms Foley Islomiy davlat ekstremistik guruhining asli britaniyalik a‘zosi tarafidan o‘ldirilishi ortidan Britaniyaga qaytayotgan jihodchilar mamlakatda hujum uyushtirishi mumkin, degan xavotirlar tug‘ildi.

Joriy yil iyunь oyi o‘rtalarida Iroqqa hujum qilgan IShID - hozirda esa o‘zini "Islomiy davlat" deb atagan janggarilar guruhi 29 iyun kuni bu hududda xalifalik e‘lon qilgan.

XS
SM
MD
LG