Линклар

Ozodlikning huquq tizimlaridagi manbalariga ko‘ra¸ Al-Xorazmiy nomidagi Urganch davlat universiteti rektori, Xorazm Ma‘mun akademiyasi raisi, biologiya fanlari doktori Ro‘zimboy Eshchonov pora olganlik va katta miqdordagi pul o‘zlashtirganlikda gumonlanib, viloyat MXX xodimlari tomonidan o‘tgan hafta hibsga olingan.

Ozodlikning Xorazm viloyati huquq-tartibot organlaridagi manbalari Ro‘zimboy Eshchonov ustidan jinoiy ochilib¸ ehtiyot chorasi sifatida hibsga olingani haqidagi ma‘lumotni tasdiqladi.

Ozodlik manbalariga ko‘ra¸ akademik Eshchonov boshqargan universitet va akademiyada Xorazm viloyat prokuraturasi va MXX birgalikda taftish o‘tkazgan. Jamoatchilikka rasman ochiqlanmayotgan ma‘lumotlarga ko‘ra¸ Eshchonov katta miqdorda pora olganlik¸ o‘z daromadlarini Yevropadagi banklarda saqlab kelganlik va Yevropa davlatlarida ko‘chmas mulk sotib olganlikda ayblangan.

Bundan oldin muxolifatdagi O‘zbekiston Xalq harakati nashri Ro‘zimboy Eshchonovning poraxo‘rlikda ayblanib hibsga olingani haqida ma‘lumot tarqatgan edi.

Ro‘zimboy Eshchonovning aynan nima ayb bilan hibsga olingani¸ uning hozir qayerda saqlanayotgani haqida Xorazm viloyat prokuraturasi Ozodlik radiosiga izoh bermadi.

Eshchonov Xalq deputatlari Xorazm viloyat Kengashidagi O‘zMTDP deputatlik guruhi rahbari sifatida faoliyat yuritib kelgan.

Ozodlik bog‘langan Al-Xorazmiy nomidagi Urganch davlat universiteti , Xorazm Ma‘mun akademiyasi va O‘zbekiston Milliy tiklanish partiyasi viloyat kengashi mulozimlari Ro‘zimboy Eshchonovning bir haftadan beri ishga chiqmayotganligini aytish bilan cheklanishdi.

O‘zbekiston telekanali Ro‘zimboy Eshchonov ishtirok etgan lavhani 27 avgust kuni efirga uzatgan edi.

Ana shundan keyin akademik Ro‘zimboy Eshchonovning ko‘zdan g‘oyib bo‘lgani aytilmoqda.

Akademik Gulnoraning kasriga qoldimi?

Xorazmdagi qudratli shaxslardan biri sifatida ko‘rilgan akademik Ro‘zimboy Eshchonovning sirli ravishda g‘oyib bo‘lishi shaharda turli farazlarni urchitdi.

Ana shunday taxminlardan biriga ko‘ra¸ “Akademikka O‘zbekiston prezidentining to‘ng‘ich qizi Gulnora Karimova boshpanoh bo‘lgan. Gulnora Karimova qudratdan ketganidan keyin¸ Eshchonovning oti o‘zmay qolgan.”

Ismi aytilishini istamagan xorazmlik jurnalist Ozodlik bilan suhbatda bu gapda jon borligini ta‘kidladi:

- Har safar Gulnora Karimova Xorazmga kelganida Ro‘zimboy Eshchonov unga hamrohlik qilar edi. Gulnora Karimova Xivani aylanganida¸ doimo uning yonida Ro‘zimboy akani ko‘rish mumkin edi. Gulnora Karimova tashabbuslarini Xorazmda¸ asosan¸ Ro‘zimboy aka amalga oshirar edi. Ro‘zimboy aka Gulnora Karimovaning xolasi Tatьyana Sobirova va uning xonqalik eri bilan ham yaqin edi. Ro‘zimboy akaning bu yaqinlikni kerak joyida pisanda qilib ishini bitirib yurgani ham to‘g‘ri gap¸ deydi suhbatdosh.

Suhbatdoshga ko‘ra¸ Eshchonov Gulnora Karimovaning soyaboni ostida bamaylixotir yurgan. Mahalliy huquq-tartibot organlari Gulnora Karimovaning aralashuvidan qo‘rqib¸ Urganch davlat universiteti va Xorazm Ma‘mun akademiyasidagi moliyaviy jinoyatlarni taftish qilishga jur‘at topishmagan.

Biologiya sohasidagi katta tadqiqotlar muallifi¸ akademik Ro‘zimboy Eshchonov UrDU rektori lavozimiga 2007 yil yanvarь oyida tayinlangan edi.

Joriy yil mart oyidan e‘tiboran esa o‘rindoshlik asosida Xorzam Ma‘mun akademiyasi raisi lavozimida ham ishlab kelgan.

Xorazm Ma‘mun akademiyasi 1997 yilda Xivada tashkil qilindi.

Ayni paytda akademiyada 13 ta loyiha doirasida 40 nafardan ortiq ilmiy xodim ilmiy tadqiqot ishlarini olib borishmoqda.

Akademiyada yigirmaga yaqin xorijiy ilmiy markazlar bilan hamkorlik aloqalari o‘rnatilib, xalqaro va respublika miqyosida yirik ilmiy konferentsiyalar tashkil etilmoqda.

Xivadagi Ma‘mun akademiyasi bundan 1000 yil oldin Bag‘dodda faoliyat ko‘rsatgan va xorazmlik ulug‘ olim Al- Xorazmiy ilmiy kashfiyotlar yaratgan Bag‘dod Ma‘mun akademiyasi («Bayt ul – hikma»)ga taqlidan qayta tashkil qilingan.

Bugunda O‘zbekistonning eng chekka joyiga aylangan Xivadan farqli o‘laroq¸ 813 yili Ma‘mun xalifa bo‘lganidan so‘ng, Bag‘dod shahri yer yuzidagi ilm-irfon poytaxtiga aylangan edi.

Al- Xorazmiy o‘zining algebra kitobini va xozirgi kibertexnologiyaga asos bo‘lgan qiyosiy algoritmlar kitobini Bag‘doddagi Ma‘mun akademiyasida yozgan edi.

Barcha davrlarnimg eng muhim kashfiyat sanaladigan 0 raqami ham Ma‘mun akademiyasida Al- Xorazmiy tarafidan kashf qilingan.

XS
SM
MD
LG