Линклар

Шошилинч хабар
10 май 2024, Тошкент вақти: 21:53

Moskvada soxta hujjat tayyorlashda gumonlangan O‘IH a‘zolari qo‘lga olindi


Rossiya Ichki ishlar vazirligi soxta hujjatlar tayyorlashda gumonlangan O‘zbekiston islomiy harakati a‘zolari qo‘lga olingani haqida xabar berdi. O‘tkazilgan tezkor amaliyot chog‘ida¸ rasmiy bayonotga ko‘ra¸ gumondorlar kvartirasidan ikki yuzdan ortiq Rossiyaning ichki, xorijiy hamda 40dan ziyod boshqa davlatning pasportlari topilgani aytiladi.

Rossiya Ichki ishlar vazirligi matbuot xizmati xodimi Vladimir Konovalovning Ozodlikka aytishicha, Rossiya IIVning jinoyat-qidiruv bo‘limi bosh boshqarmasi xodimlari Moskva shahridagi o‘z hamkasblari bilan birgalikda Yasenova tumanidagi kvartiralardan birida O‘IH a‘zolarini qo‘lga olgan:

- O‘tkazilgan tezkor amaliyot chog‘ida radikal islomga e‘tiqod qilgan va kelib chiqishi markaziy osiyolik bo‘lgan odamlar yashagan kvartira aniqlandi. Bu odamlar taqiqlangan O‘zbekiston islomiy harakati a‘zolari bo‘lgan. Moskvada ular g‘ayriqonuniy tarzda soxta pasportlar, haydovchilik guvohnomalari va boshqa hujjatlar tayyorlashgan, dedi matbuot xizmati xodimi.

Vladimir Konovalovga ko‘ra, bu kvartiradan 200 ta Rossiya ichki va 15 ta xorijiy pasporti, shuningdek 40 dan ortiq xorijiy mamlakat pasportlari topilgan.

“Memorial” inson huquqlari tashkilotining faoli Bahrom Hamroyev soxta pasportlar tayyorlaydigan guruhlar borligini inkor qilmas ekan, bu guruhlarni O‘zbekiston islomiy harakati bilan bog‘lashning bahsli masala ekanligini aytadi:

- Hozir Rossiyaga O‘zbekiston va Tojikistonning repressiv rejimlaridan qochib kelganlarning qalbaki pasportlarga ehtiyoji katta. Odamlar bu davlatlarda nohaq qamalib ketmaslik va qamoqxonalariga tushib qiynoqlardan o‘lmaslik uchun ham shunday pasportlarni sotib olib yashayapti, xorijga chiqib ketayapti. Lekin bularni O‘zbekiston islomiy harakatiga a‘zo deb gumon qilishi hali bahsli masala, deydi Bahrom Hamroyev.

Rossiya Ichki ishlar vazirligining qayd etishicha, bu mamlakatda ushlangan O‘zbekiston islomiy harakatining birinchi a‘zolari emas. Joriy yilning may oyida Rossiya IIVi Moskva viloyatining Noginsk shahrida 27 yoshli erkakning ushlanganini xabar qilgan edi.

O‘shanda qo‘lga olingan shaxsning ismi va qaysi davlatdan ekanligi ochiqlanmagan va u O‘zbekiston islomiy harakatining markaziy osiyolik a‘zosi ekanligi aytilgan edi.

Rossiya politsiyasi ma‘lumotiga ko‘ra, Moskva viloyatida harakat qilgan, asli tojikistonlik bo‘lgan O‘IHning a‘zolari 2012 yilda Moskvadagi kompaniyalardan biriga hujum qilib, menejerni yaralagan va 900 ming rublni olib chiqib ketgan edi.

XS
SM
MD
LG