Линклар

Mamlakat Sog‘liqni saqlash vazirligiga qarashli kasalxona¸ universitet va kollejlarda ayni kunlarda paxta yig‘im-terimiga ommaviy safarbarlik jarayoni boshlandi. Ozodlikka vrach va talabalardan kelayotgan bu xabarga munosabat bildirgan vazirlik rasmiysi¸ “O‘zbekistonda vrachlarning dehqonchilik emas¸ bemorni davolash bilan shug‘ullanishi”ni pisanda qildi.

Tibbiyot universiteti va kollejlar paxtaga hozirlanmoqda

Ayni kunlarda O‘zbekiston bo‘ylab oliy o‘quv yurtlari talabalaridan paxtaga bormasam¸ talabalar safidan chiqarilishga roziman degan mazmunda “Kafolat xati” yozdirib olinmoqda.

Ozodlikka 4 sentabr kuni bir necha bir-biridan mustaqil manbadan kelgan xabarlarga qaraganda¸ bu jarayonda Sog‘liqni saqlash vazirligi nazoratidagi muassasalar¸ oliy va o‘rta o‘quv dargohlari peshqadamlik qilmoqda.

Xususan¸ Buxoro davlat tibbiyot instituti talabalari o‘zlari qo‘l qo‘yishga majburlangan “Kafolat xati” nusxasini Ozodlik elektron pochtasiga yuborishdi.

Tibbiët instituti talabalari qo‘l qo‘yishga majburlanaëtgan "Kafolat xati".

Tibbiët instituti talabalari qo‘l qo‘yishga majburlanaëtgan "Kafolat xati".

Mazkur maktubda vrach bo‘lish niyatida o‘qishga kirgan talabalarning “davlatimiz¸ millatimiz boyligi bo‘lgan paxtani” yig‘ib olishda ishtirok etmasam¸ talabalar safidan chiqarilishga roziman¸ deb ont ichiladi.

O‘tgan yildan boshlab aksar oliy va o‘rta maxsus o‘quv yurtlari talabalaridan majburan olinayotgan bunday “Kafolat xati”ga qo‘l qo‘ygan talaba gapiradi:

- O‘zim kecha qo‘l qo‘yib chiqdim. Paxta mavsumiga to‘liq qatnashaman¸ normani bajaraman. Agar bajarmasam¸ qanday chora ko‘rsangizlar¸ shunga roziman¸ deb dekan aytib turdi¸ biz yozdik. Ayrimlardan kuratorlar yozdirib oldi¸ deydi Ozodlikka ismi ochiqlanmasligi sharti bilan gapirgan talabalardan biri.

Buxoro davlat tibbiyot universitetining o‘quv ishlari bo‘yicha prorektori¸ bu yilgi paxta shtabi rahbari bunday “Kafolat xati” haqida izoh berish so‘ralishi bilanoq¸ o‘zining bandligini aytib¸ telefon go‘shagini ilib qo‘ydi.

Ozodlikka murojaat qilgan Samarqand viloyati Payariq tumani Tibbiyot kollejining birinchi kurs talabasi esa¸ O‘zbekiston hukumati 18 ga to‘lmagan bolalarning qishloq xo‘jalik ishlariga hokimiyat tizimlari tomonidan chiqarilmayotganini yana xalqaro jamoatchilikka ko‘z-ko‘z qilishga hozirlanayotganiga qaramay¸ o‘zlariga kuratorlari yaqin kunlarda paxtaga chiqishlari haqida topshiriq berganini bildirdi. Kollej ma‘muriyati bilan kun davomida bog‘lanishning imkoni bo‘lmadi – telefon go‘shagini ko‘taradigan topilmadi.

Kardiologu jarroh – dalaga!

O‘zbekiston Sog‘liqni saqlash vazirligiga qarashli yana bir muassasa – poytaxt Toshkentdagi ko‘ptarmoqli shifoxonaning tajribali vrachi ham 4 sentabr kuni Ozodlikka yoshu-qari tibbiyot xodimlarining bariga 15 sentabrdan boshlab Jizzax viloyatining Arnasoy tumaniga paxta terishga jo‘nash uchun hozirlik ko‘rish haqida buyruq berilganini ma‘lum qildi:

- Avgust oyi oxirida maxsus ro‘yxat qilindi¸ kimning qachon borishi yozilib¸ adashmasam¸ uni vazirlikka topshirishdi. Bosh vrachimizning o‘zi Arnasoyga borib¸ joy tayyorlab keldi yana. Bu yil uchinchi bizni paxtaga jo‘natishayapti. O‘tgan yili 10 kunga 350 ming so‘m berib¸ o‘rnimizga mardikor yuborgandik. Bu yil bungayam ruxsat yo‘q¸ o‘zimiz borishimiz shart ekan¸ mardikorlar normani bajarmasmish. Bizga kuniga 80 kilodan terasan¸ degan norma ham qo‘yilgan. Oliy malakali vrachmi¸ professor-akademikmi¸ farqi yo‘q¸ hamma borishi kerak. “Bormayman deganlar¸ joyini bo‘shatib qo‘ysin. Ishga kiraman degan boshqalar ko‘p” deb po‘pisa qilishdi¸ deydi 10 yil vrach bo‘lish uchun o‘qib¸ bugun umri hasharchilik va paxtakorlikdan bo‘shamay qolganini ta‘kidlagan vrach.

Bu manba ta‘kidicha¸ poytaxtdagi tibbiyot xodimining o‘zi 10 kun Arnasoyga borib¸ o‘ta og‘ir sharoitda paxta terib berish barobarida¸ haftasiga “paxtakorlar” ovqati uchun 10-20 ming so‘mdan yig‘ib berishga ham majbur.

- O‘zi 300 ming so‘m oylik olaman. Mardikor ham bizdan yaxshi topadi. Bu oylikning yarmini yana plastikka o‘tkazib berishadi. O‘z hisobimizdan paxtaga borib¸ tekin paxta terib¸ yana boshqa paxtakorlarni ham boqishimiz kerak ekan. Paxta biznesi avjida! O‘zi shundoq ham kasalxona hududini tozalash¸ gul va daraxt ekish ham vrachga yuklangan. Biz hokimiyatning tekin quliga aylantirildik¸ deydi Ozodlik suhbatlashgan toshkentlik vrach.

O‘zbekiston Sog‘liqni saqlash vaziri yordamchisi¸ Ozodlikka murojaat qilgan vrach va bo‘lg‘usi vrachlar bildirgan xabarlarni inkor qildi:

- Vrachlar¸ tibbiyot talabalari paxtaga chiqsin degan buyruq yo‘q. Bo‘lmagan gap. Bilsangiz¸ vrachning vazifasi bemorni davolash¸ paxta terish emas. Sog‘liqni saqlash vazirligi vrach yoki talabalarni ommaviy paxtaga safarbar qilish haqida hech qanday buyruq bermagan¸deb gapni qisqa qildi Sog‘liqni saqlash vaziri qabulxonasi telefoni go‘shagini ko‘targan rasmiy.

O‘zbekiston hukumati bolalar mehnatini taqiqlashga oid xalqaro hujjatlarni ratifikatsiya qilishi va hukumatning 18 yoshga to‘lmaganlarni qishloq xo‘jalik¸xususan¸ paxta terimiga jalb etmaslik haqidagi qator farmonlaridan so‘ng¸ maktab o‘quvchilari va kollejlarning 1-kurs talabalarini paxtaga ommaviy safarbar qilishning 2013 yilda to‘xtatilgani kuzatildi.

Ayni paytda¸ kamida 2 million bolaning paxta dalasiga chiqmay qolishi ortidan tug‘ilgan tekin ish kuchiga nisbatan ehtiyoj¸ davlat byudjetiga bog‘langan muassasalar ishchi-xizmatchilari¸ qolaversa¸ oliy o‘quv yurtlari talabalarini ommaviy ravishda paxtaga safarbar qilish hisobiga qondirilmoqda.

Toshkent hukumatining bolalar mehnatiga barham berish iddaosi bilan mamlakatning 18 yoshdan oshgan aksar aholisini tekin yoxud arzon paxtakorga aylantirish siyosati ham xalqaro maydonda jiddiy tanqidga uchramoqda.

XS
SM
MD
LG