Линклар

Qashqadaryolik savdogarlar Chiroqchi tuman markazidagi dehqon bozorining hokimiyat buyrug‘i asosida buzib tashlanganiga norozilik bildirishmoqda. Ularga ko‘ra, bozorning buzilishi yuzlab dehqon va bozorda savdo qiluvchi tadbirkorga jiddiy iqtisodiy zarar yetkazgan.

Chiroqchi tumani markazidagi dehqon bozorining chakana savdo rastalari va bozor hududidagi xususiy do‘kon va oshxonalar o‘tgan oy bir kun ichida buzib tashlangan.

Rasta va oshxonalar egalariga yetkazilgan moddiy zararni qoplash haqida biron gap aytilmayapti, deydi Chiroqchi bozorida savdo qilib kelgan Feruza opa:

- Bozorni bir kunda buzib tashlashdi. Chiroqchining markazidagi bu bozorda uchta qator magazinlar bor edi. Hammasi buzildi. Bolalar uchun muzqaymoq do‘konlari bor edi. Bayram kunlari bolalar kelib, shu yerdan muzqaymoq, u bu olib yerdi. Hozir bozor xuddi Afg‘onistonga bomba tushganday ostin-ustun bo‘lib yotibdi, deydi chiroqchilik Feruza opa.

Ozodlik suhbatlashgan chiroqchiliklarga ko‘ra¸ mazkur bozor Qashqadaryoning turli tumanlaridan kelgan dehqonlar uchun ham tirikchilik manbai bo‘lib kelgan.

Shaxrisabzlik 39 yashar Gulnora Rashidova shundaylardan biri:

- O‘sha dehqon bozorida kartoshka, piyoz sotar edim. Bozorni rekonstruksiya qilamiz, deb bizni haydab yuborishdi. To‘rtta bolamni shu bozor hisobidan boqib kelayotgandim. Erimdan ajrashganman. Endi bolalarimni qanday boqaman? O‘zi shusiz ham ish yo‘q bo‘lsa. Endi oxirgi rizqimizni ham qirqib qo‘yishayapti, deydi Gulnora opa.

65 yashar mahalliy tadbirkor Muborak Sultonova esa bozor rekonstruktsiyasi bois uchta do‘konidan ayrilganini aytadi:

- Shu bozorda do‘konlarimiz bor edi. To‘qsoninchi yillarning o‘rtasida xususiylashtirib olgandik. Shu do‘konlarda o‘ndan ziyod sotuvchimiz kun ko‘rib o‘tiruvdi. Hozir shular ishsiz qoldi. Men ham faqat pensiyaga qarab qoldim, deydi Muborak opa.

Chiroqchi dehqon bozorida savdo-sotiq bilan shug‘ullanib kelgan tadbirkorlar o‘z do‘konlarini ta‘mirlash uchun millionlab so‘mlik mablag‘ sarflaganliklari, hokimiyatning do‘konlarni bir kunni ichida buzib tashlashi ishsizlik kuchaygan bir sharoitda bozorda tirikchilik qilib yurgan yuzlab odamni ancha og‘ir ahvolga solib qo‘yganini aytishadi:

- Bozorda hammasi bo‘lib 74 ta do‘kon buzildi. Tadbirkorlarning mablag‘lari hisobiga qurilgan do‘konlarni hukumat buzib tashlayapti, zararini qoplashni hech kim istamaydi. Hammamiz hokimiyatga arz qildik, ular arzimizga quloq solmaydi. Buzamiz, buzishimiz kerak, degan gapni aytishadi. Axir biz bu do‘konlarga qancha pul sarflaganmiz! Hozir yangi do‘kon qursak, ertaga boshqa hokim kelib buzamiz, deydimi? Bu nima gap? deydi Muborak opa.

Chiroqchi tumani hokimiligining Ozodlik muxbiri suhbatlashgan rasmiysi bozorni buzishdan maqsad eski bozor o‘rnida zamonaviy ko‘rinishga ega bo‘lgan savdo rastalarini barpo etish ekanini iddao qildi:

- Bozor rekonstruksiya bo‘ladi. Savdogarlarga boshqa joydan yer ajratganmiz. Hech kim ularga to‘sqinlik qilayotgani yo‘q. Bozorda faqat kadastrdan o‘tmagan rastalar buzildi va endilikda bozor zamonaviy talablar asosida rekonstruktsiya qilinadi. Bu bozor rekonstruktsiya qilib bo‘lingandan keyin, ularga savdo rastalari va do‘konlar bo‘lib beriladi, deydi Chiroqchi hokimiyatining ismini ochiqlamagan xodimi.

Chiroqchilik tadbirkor Nurali akaning aytishicha, hokimiyat xususiy do‘konlarni buzib, savdogarlarga ikkiga-ikki metrlik joyning bir oylik ijarasi uchun 10 million so‘m so‘ramoqda:

- Buning ortida hokimiyatga yaqin puldor odamlar turibdi. Ular shu bozorda aylanadigan pulni nazorat qilishadi. Hokimiyatdagilarni ham og‘zini moylab qo‘yganmi, ular shu hokimiyat bilan til biriktirib, bozorda aylanadigan pulni o‘z nazoratlariga olishmoqchi. Butun savdo rastalari va do‘konlarni savdogarlarga ijaraga berib, hammasini o‘zlariga tortishmoqchi. Shu bozordan tirikchilik ko‘rib kelayotgan oddiy xalqni ular shu yo‘l bilan talamoqchi, buning jabrini ular tortmoqda, deydi Nurali aka.

Bozorlarning buzilishi faqat Qashqadaryoda bo‘layotgani yo‘q. O‘tgan yil Urganch va Jizzaxda ham dehqon bozorlari va u yerdagi xususiy do‘konlar buzilishi savdogarlarning keskin noroziligiga sabab bo‘lgan edi.

XS
SM
MD
LG