Линклар

6 sentabr kuni Toshkentning Qo‘yliq qurilish bozoriga borgan Bektemir tuman hokimi o‘rinbosari do‘kon sohiblariga kelasi haftada tumandan paxta terimiga odam jo‘natish lozimligini, paxtaga bora olmaydiganlar 800 ming so‘mdan pul yig‘ib berishi kerakligini aytgan. Bu haqda Ozodlikka hokimiyat vakillari o‘tkazgan majlis ishtirokchilardan biri ma‘lum qildi.

Toshkent shahar Bektemir tumanida joylashgan Qo‘yliq qurilish (M.I.T.Stroy Servis) bozoridagi do‘kon sohiblaridan biri Ozodlik bilan suhbatda shanba kuni tuman hokimi o‘rinbosari va departament vakili bozorga kelib, har bir do‘kondan bittadan odam paxta terimiga borishi lozimligini, paxtaga bora olmaydiganlar 800 ming so‘mdan pul yig‘ib berishlari kerakligini aytganini iddao qildi.

- 6 sentabr kuni soat 11 da hammani bir joyga yig‘ib, majlis o‘tkazishdi. Bozorning o‘ziga tuman hokimi o‘rinbosari va departament vakili keldi. Kech qolganim uchun otlarini bila olmadim.

Ular: “Mana, 5 sentabrdan paxta mavsumi boshlandi. Keyingi haftadan Bektemirdan odam jo‘natishimiz kerak. Kimki borolmasa, do‘kon boshiga 800 ming so‘mdan pul to‘lasin. Yoki bo‘lmasa, o‘zinglar borib, terib kellaring. Biz Surxondaryo yoki Qashqadaryoda odam yollab, (paxtani) o‘zimiz terdirtirib olamiz”, deyishdi, - deydi do‘kon sohibi.

Suhbatdoshga ko‘ra, Bektemir tuman hokimi o‘rinbosari va departament vakili o‘tkazgan yig‘ilishda Qo‘yliq qurilish bozoridagi 70-80 chog‘li do‘kondor qatnashgan.

Uning iddaosicha, Bektemir tuman hokimi o‘rinbosari va departament vakili Qo‘yliq qurilish bozoridagi paxtaga bora olmaydigan do‘konchilar pulni kelasi haftada yig‘ib berishlari kerakligini aytgan.

- “Keyingi haftada bitta odam keladi, pulni qatorma-qator yig‘ib berasizlar”, dedi, - deydi qurilish materiallari bilan savdo qiladigan do‘kon sohibi.

Mahalliy hokimiyat rasmiylarining paxtaga bora olmaydiganlar 800 ming so‘mdan pul yig‘ib berishi kerakligi haqida aytgan gapiga majlis qatnashchilaridan birortasi e‘tiroz bildirmagan.

Ismi sir tutilayotgan do‘konchi majlisda hamma mulzam bo‘lib turgani sababini quyidagicha izohladi:

- Agar e‘tiroz bildirsangiz, bozordagi do‘konlarning hammasi arenda emasmi - ertaga sizni u yerdan haydab chiqarib yuborishadi, tushunyapsizmi? Yoki nalogoviyni bostirib yuboradi.

Shuning uchun majlisda bor gapni eshitib-eshitib, indamasdan qaytaverasiz. Boshqa iloji yo‘q, - deydi do‘kon sohibi.

5 sentabr kuni Qashqadaryo viloyat hokimligi va Ichki ishlar boshqarmasida majlis o‘tkazgan O‘zbekiston Bosh vaziri Shavkat Mirziyoyev¸ Ozodlik manbalari yo‘llagan xabarga ko‘ra¸ bu yilgi paxta terimi mavsumida maktablar¸ shuningdek, litsey va kollejlarning 18 yoshga to‘lmagan o‘quvchilarini dalaga chiqarmaslik haqida qat‘iy buyruq bergan.

Qashqadaryo viloyat hokimligi va Ichki ishlar boshqarmasida majlis o‘tkazgan O‘zbekiston Bosh vaziri nafaqat Qashqadaryo¸ balki butun mamlakat miqyosida oliy o‘quv yurtlari talabalari¸ qolaversa¸ davlat va jamoatchilik tashkiloti ishchi-xizmatchilarini yoppasiga paxta terimiga jalb qilish haqida ko‘rsatma bergan.

Ushbu ko‘rsatma asosida poytaxt Toshkent va viloyatlarda paxta terimiga ommaviy safarbarlik jarayoni qizib borayotgani aytilmoqda.

XS
SM
MD
LG