Линклар

Шошилинч хабар
19 апрел 2024, Тошкент вақти: 21:06

Xorazmda tibbiyotchilar ommaviy ravishda paxtaga haydaldi


O‘zbekiston tumanlaridagi aksariyat korxona-tashkilotlar va muassasalarda bugungi kunda ana shunday e‘lonni uchratish mumkin
O‘zbekiston tumanlaridagi aksariyat korxona-tashkilotlar va muassasalarda bugungi kunda ana shunday e‘lonni uchratish mumkin

Xorazm viloyatining tumanlaridagi kasalxona, poliklinika va qishloq vrachlik punktlarining shifokoru hamshiralari paxta terimiga safarbar etildi. Kasalxonalarda sanoqli doktor qolayotgani sababli dardiga davo istab borgan bemorlar shifokorlarni ish joyidan topolmay uyiga qaytmoqda.

Xorazm viloyatining barcha tumanlarida paxtaga ommaviy safarbarlik boshlandi.

Byudjetdan maosh olib ishlaydigan korxona va tashkilotlar xodimlarining asosiy qismi majburiy tarzda paxta terimiga chiqarilmoqda.

Hazorasp tumanidagi qishloq vrachlik punktlaridan birida ishlaydigan hamshiraga Ozodlik qo‘ng‘iroq qilib, uni paxta dalasidan topdi. Hamshiraning aytishicha, QVPda ishlaydigan doktoru hamshiralar paxta terimiga haydalgan:

- Bugun bizga dam olish kuni bo‘lishi kerak. Lekin majburan paxtaga chiqarildik. Aytishlaricha, ikki oy paxta terar ekanmiz. Bir kunga 50 kilo norma qo‘ygan. Hozir mana soat 4 bo‘ldi, zo‘rg‘a 30 kilo terdim, - deydi hamshira.

Suhbatdoshning aytishicha, qishloq vrachlik punktida faqat navbatchi shifokor va bitta hamshira qoladigan bo‘lgan:

- Mana bizda ikkita do‘xtiru 13 nafar hamshira ishlaydi. Hozir bitta do‘xtiru va bitta hamshira qolgan, xolos. Qolganlar paxta teryapti. Agar kimki qarshilik qilib, "chiqmayman" desa, maoshining 30 foizi kesilarmish, - dedi hazorasplik hamshira.

Shovot tumanida istiqomat qiluvchi Ollobergan akaning aytishicha, u tuman kasalxonasiga bemor olib borib, doktorlarni topolmagan:

- Kecha Shovot tumani markazidagi kasalxonaga chaqaloq nevaramni olib borgandim. Hamma eshiklar berk va ularga “Hamma paxta yig‘im-terimida” deb yozib qo‘yilgan ekan. Kerakli vrachlarni topolmadik. Qidirib-qidirib, zo‘rg‘a bitta vrachni topib ko‘rsatdik. Hamshirayu sanitarkalarning deyarli hammasi paxtaga ketgan, - dedi shovotlik Ollobergan aka.

Ozodlik Xorazm viloyati tibiiyot birlashmasiga qo‘ng‘iroq qilib, bu voqealarga munosabat olishga harakat qildi. Biroq dam olish kuni bo‘lgani uchun telefon go‘shagini hech kim ko‘tarmadi.

O‘zbekiston hukumati bolalar mehnatini taqiqlashga oid xalqaro hujjatlarni ratifikatsiya qilishi va hukumatning 18 yoshga to‘lmaganlarni qishloq xo‘jalik ishlariga¸ xususan¸ paxta terimiga jalb etmaslik haqidagi qator farmonlaridan so‘ng maktab o‘quvchilari va kollejlarning 1-kurs talabalarini paxtaga ommaviy safarbar qilishning 2013 yilda to‘xtatilgani kuzatildi.

Ayni paytda kamida 2 million bolaning paxta dalasiga chiqmay qolishi ortidan tug‘ilgan tekin ish kuchiga nisbatan ehtiyoj davlat byudjetiga bog‘langan muassasalar ishchi-xizmatchilari¸ qolaversa¸ oliy o‘quv yurtlari talabalarini ommaviy ravishda paxtaga safarbar qilish hisobiga qondirilmoqda.

O‘zbekiston hukumatining bolalar mehnatiga barham berish iddaosi bilan mamlakatning 18 yoshdan oshgan aksar aholisini tekin yoxud arzon paxtakorga aylantirish siyosati ham xalqaro maydonda jiddiy tanqidga uchramoqda.

XS
SM
MD
LG