Линклар

logo-print

Kiyev va Rossiya tarafdori bo‘lgan ayirmachilar o‘rtasida sulh o‘rnatilganiga qaramay, yakshanbaga o‘tar kechasi Ukraina sharqidagi Mariupolь shahri yaqinida to‘p va portlash ovozlari eshitildi. Bu voqea ikki tomon amal qila boshlaganiga ikki kun ham bo‘lmagan sulh barbod bo‘lishi mumkinligi haqidagi xavotirlar kuchayishiga sabab bo‘ldi. Portlashlar Donetsk aeroporti yaqinidagi hududda sodir bo‘lgani aytilmoqda.

Ukraina sharqidagi Rossiya tarafdori bo‘lgan ayirmachilar 7 sentabr kuni hukumat kuchlari Donetsk aeroporti binosini tark etgani va to‘qnashuvlar atrofdagi harbiy inshoot yaqinida borayotganini iddao qildi.

Yakshanbaga o‘tar kechasi Azov dengizi sohilida joylashgan va hukumat kuchlari nazoratida bo‘lgan Mariupolь shahrida ham o‘t ochishni to‘xtatish kelishuvi qo‘pol ravishda buzilgan.

Xabarlarga ko‘ra, ayirmachilar hukumat kuchlarini to‘plar va “Grad” raketalari bilan o‘qqa tutgan.

Mariupol shahridagi guvohlarning Assoshieyted press agentligiga telefon orqali ma‘lum qilishicha, portlash ovozlari shahardan sharq tomonda - Ukraina hukumati kuchlari ayirmachilarga qarshi mudofaa istehkomlari o‘rnatgan hududlarda eshitilgan.

Ukraina Milliy mudofaa va xavfsizlik kengashi matbuot kotibi Vladimir Polevoy 7 sentabr kuni Kiyevda o‘tkazilgan matbuot anjumanida hukumat kuchlari ayirmachilar bilan erishilgan kelishuv shartlarini bajarayotganini ta‘kidladi.

- Ukraina qo‘shinlari kelishuv va otashkesim shartlarini to‘liq bajaryapti. Ayni paytda, so‘nggi 24 soat mobaynida terrorchilar bizning bir necha postimizni o‘qqa tutdi. Masalan, Mariupol shahri yaqinidagi pozitsiyalarimiz to‘plardan o‘qqa tutildi, deya bayon qildi Vladimir Polevoy.

7 sentabr kuni BBS ikki tomon bir-birini to‘plardan o‘qqa tutayotganini xabar qildi.

BiBiSi ma‘lumotiga ko‘ra, Mariupol shahri ayirmachilar tomonidan qurshovga olingan.

Undan oldin Rossiya prezidenti Vladimir Putin va Ukraina prezidenti Petro Poroshenko Ukraina sharqida tomonlar otashkesimga rioya qilayotganini ma‘lum qilgan, biroq tomonlar bir-birini sulhni buzayotganlikda ayblagan edi.

Ukraina sharqida qon to‘kilishiga chek qo‘yish maqsadida 5 sentabr kuni Ukraina, Rossiya va Kreml dastaklayotgan ayirmachilar Belarus poytaxti Minskda o‘t ochishni to‘xtatish haqida kelishuv imzoladi.

Muzokara qatnashchilari barcha og‘ir qurollarni mintaqadan olib chiqishga, hamma asirlarni ozod qilishga va urush harakatlaridan jabr ko‘rgan aholiga gumanitar yordam yetkazib berishga rozi bo‘ldi.

G‘arb liderlari Rossiya Minskda erishilgan kelishuvga rioya qilishiga shubha bildirdi.

Ayni paytda Xalqaro Qizil Xoch qo'mitasi Tvitterdagi o‘z sahifasida tashkilot xodimlari 6 sentabr kuni Lugansk shahriga gumanitar yordam olib kirishga harakat qilgani, ammo shaharning shimoli-sharqiy qismida o‘qqa tutilganidan so‘ng ortga qaytganini bildirdi.

Xalqaro qizil xoch ushbu voqea yuzasidan boshqa ma‘lumot tarqatmadi.

BMT ma‘lumotiga ko‘ra, Ukraina sharqida aprel oyida qurolli to‘qnashuvlar boshlanganidan beri shu kungacha kamida 2600 kishi o‘lgan, yuz minglab odam uy-joyini tashlab, xavfsizroq hududlarga qochishga majbur bo‘lgan.

XS
SM
MD
LG