Линклар

Шошилинч хабар
25 апрел 2024, Тошкент вақти: 11:59

Bosh vazir bolalarni paxtazorga yaqinlashtirmaslikni buyurdi


5 sentabr kuni Qashqadaryo viloyat hokimligi va Ichki ishlar boshqarmasida majlis o‘tkazgan O‘zbekiston Bosh vaziri Shavkat Mirziyoyev¸ Ozodlik manbalari yo‘llagan xabarga ko‘ra¸ bu yilgi terim mavsumida maktablar¸ shuningdek litsey va kollejlarning 18 yoshga to‘lmagan o‘quvchilarni dalaga chiqarilmaslik haqida keskin buyruq bergan. Ayni paytda¸ prem‘er oliy o‘quv yurtlari talabalari¸ qolaversa¸ davlat va jamoatchilik tashkiloti ishchi-xizmatchilarini yoppasiga terimga jalb qilish haqida nafaqat Qashqadaryo¸ balki butun mamlakat miqyosida ko‘rsatma bergan. Poytaxt Toshkent va viloyatlarda ushbu ko‘rsatma asosida paxta terimiga ommaviy safarbarlik jarayoni qizib bormoqda.

Yangicha (teskari) taqiq

Bu haqda Bosh vazirning Qarshida o‘tkazgan yig‘inlaridan birida qatnashgan Ozodlik manbasi xabar yo‘lladi.

Ozodlik manbalariga ko‘ra¸ Bosh vazir ayni shu talabni boshqa viloyat rahbarlari¸ qishloq xo‘jalik mutasaddilari va boshqa rasmiylar bilan o‘tkazayotgan selektor yig‘ilishlarida ham keskin tarzda o‘rtaga qo‘ymoqda.

5 sentabr kuni Ozodlikka qo‘ng‘iroq qilgan Jizzax viloyatidagi kasb-hunar kollejlaridan biri o‘quvchisi¸ shu kunlarda o‘quvchilardan paxta dalasiga yaqin ham bormayman¸ degan mazmunda tilxat yozdirilayotganini ma‘lum qildi.

- Bizga bu yil paxtaga umuman chiqmayman¸ dalaga yaqinlashmayman¸ o‘qishni qoldirmayman¸ paxtaga borsam¸ ma‘muriy chora ko‘rishingizga roziman¸ degan mazmunda “Kafolat xat”i yozidirib olishdi. Ota-onamizga o‘qishdan keyin paxta terishda yordam berish ham taqiqlandi. Borsak¸ ularga ham chora ko‘rilar ekan. O‘qishmi o‘qish ekan bu yil¸ deydi Jizzax kollejlaridan birining 1-kursida o‘qiyotgan 16 yashar talaba.

Ayni shunday¸ Ozodlikka ma‘lum bo‘lishicha¸ fermerlar ham 18 yoshga to‘lmagan bolalarni paxtaga chiqarish oqibatlari “yomon” bo‘lishidan ogohlantirilmoqda.

Quyosh qayerdan chiqdi???

Yillardan beri 2 milliondan oshiq 18 yoshga to‘lmagan bolani oylab majburan paxta terdirib kelgani uchun xalqaro maydonda jiddiy tanqid va bir trillion dollarlik kiyim-kechak sanoati boykotiga uchragan O‘zbekiston hukumati 2013 yildan boshlab bu muammoni bartaraf etishning o‘ziga xos yo‘lini topdi.

Xalqaro tashkilotlar¸ xorij hukumatlari va keng jamoatchilikni O‘zbekistonda bolalar mehnati yo‘qligiga ishontirish rejasida Toshkent BMT qoshidagi Xalqaro mehnat tashkiloti(XMT) kuzatuvchilarining 2013 yilgi yig‘im davrida mamlakatda monitoring o‘tkazishiga ruxsat berdi.

XMT bilan O‘zbekiston uchun foydali bu hamkorlik 2014 yilda yanada rivojlandi va Bosh vazirning 18 yoshga to‘lmaganlarni paxtaga yaqinlashtirmaslik buyrug‘i ana shu jarayonga soya tushirmaslik ilinjida berilmoqda¸ degan fikrda O‘zbekistondagi bolalar mehnatiga qarshi yillardan beri kurashib kelayotgan faol Umida Niyozova:

- O‘zbekiston hukumati paxta terish yukini bolalardan olib¸ kattalar yelkasiga qo‘ymoqda. Oxirgi ikki yil ichida shu tendentsiya yaqqol kuzatilmoqda. Bu¸albatta¸ tashqi bosim bilan bog‘liq. Xalqaro mehnat tashkiloti O‘zbekitonda ofisini ochayapti. Bu yil bu tashkilot kuzatuvchilari paxta dalalarida monitoring o‘tkazmaydi. Lekin O‘zbekiston ichkarisida xalqaro tashkilotlar missiyasi ishlab turgandan keyin vaziyatga oid ma‘lumotni bekitish juda qiyin bo‘ladi¸ deydi Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston - Germaniya forumi rahbari Umida Niyozova.

Huquq faoliga ko‘ra¸ O‘zbekiston hukumatini paxta mavsumida bolalar mehnatidan voz kechtirishga ko‘ndirish maqsadida xalqaro moliya tashkilotlari berayotgan bir milliarddan oshiq pul ham Toshkent rahbarlarini bolalar mehnatidan voz kechishga majbur qilmoqda.

Bolalarni paxtaga¸ kattalarni paxtadan qo‘ymaslik siyosati

O‘zbekiston qishloq xo‘jaligi¸ uning asosini tashkil etuvchi paxtachilikni isloh qilish¸ modernizatsiyalash uchun berilayotgan bir milliard dollardan ortiq mablag‘ning qayerga sarflanayotgani qorong‘u bo‘lib qolayotgan bir paytda¸ “o‘zbekcha islohot” paxtani bolalar qo‘li bilan terishni to‘xtatib¸ kattalarni yoppasiga paxtakorlikka majburlash shaklida namoyon bo‘lmoqda.

Ozodlikka tinimsiz kelayotgan xabarlarga qaraganda¸ ayni kunlarda mamlakatdagi barcha oliy o‘quv yurtlari talaba va o‘qituvchilari¸ davlat byudjetidan maosh oluvchi tashkilot va muassasalarga 10 sentabrdan boshlab paxtaga jo‘nashga haqida buyruq berilgan.

Bu ommaviy safarbarlik¸ Ozodlik manbalariga ko‘ra¸ Vazirlar mahkamasi tomonidan berilgan og‘zaki buyruq asosida tashkil etilmoqda.

O‘zbekiston konstituttsiyasi va qonunlari¸ xususan¸ Mehnat kodeksining 7-moddasida “Majburiy mehnat, ya‘ni biron-bir jazoni qo‘llash bilan tahdid qilish orqali (shu jumladan mehnat intizomini saqlash vositasi tariqasida) ish bajarishga majburlash taqiqlanadi” deb yozib qo‘yilganiga qaramay¸ talabalar o‘qishdan haydalish¸ ishchi-xodimlar esa ishdan haydalish tahdidi bilan paxta terimiga borishga majburlanmoqda:

- Paxtaga bormayman deganlar¸ srazu ariza yozib¸ ketinglar. Sizlar ishlamasalaringiz¸ ishlaydigan ko‘p¸ deyishdi. Qaysi qonun¸ qaysi farmon asosida paxtaga ketishimiz kerak¸ desak¸ hech nima ko‘rsatishmaydi. Aftidan yuqoridan yana telefon bo‘lgan yoki majlisda topshiriq berilgan¸ deydi Toshkent Tibbiyot akademiyasi qoshidagi ko‘p tarmoqli kasalxonaning 15 senyabrdan Arnasoyga paxtaga jo‘nash haqida buyruq olgan vrachi Ozodlik bilan suhbatda.

O‘zbekiston hukumati nihoyatda kuchli xalqaro bosim ostida bolalarning suvtekin mehnatidan qullarcha foydalanish siyosatidan chekinishga majbur bo‘ldi. Bu yuk zimmasiga tushayotgan O‘zbekistondagi 18 yoshdan kattalar bu majburiy mehnat muammosi haqida ochiq gapirib¸ o‘z qonuniy haqlarini talab qilishni boshlamasa¸ ular paxta quli bo‘lib qolaveradilar¸ deydi Umida Niyozova:

- Millionlab kattalar majburiy mehnat muammosi haqida qancha tez ovoz chiqarib gapira boshlasa¸ vaziyat shuncha tez o‘zgaradi. Xalqaro tashkilotlarning bu muammoni yechishi juda qiyin¸ qachonki bu haqda faqat ular gapirsa. O‘zbekiston ichkarisidagi majburiy mehnatga majburlanayotganlarning o‘zi gapirishi kerak. Ular gapirsa¸ O‘zbekiston qonunlariga¸ Mehnat kodeksining 7-moddasiga tayanib turib gapirishga haqli. Har bir odam O‘zbekiston qonunlaridan amalda foydalanishga harakat qilsa¸ muammo shuncha tez yechiladi¸ deydi Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston-Germaniya forumi rahbari Umida Niyozova.

Ushbu chaqiriq forumning yana kattalar majburiy mehnati asosida terib olishi rejalangan Paxta-2014 kampaniyasi munosabati bilan e‘lon qilgan bayonotdan o‘rin olgan.

O‘zbekistonda paxta kampaniyasi boshlanayotgani munosabati bilan O‘zbekiston - Germaniya Forumining murojaati:

"Yaqin kunlarda paxta yig‘im-terimi boshlanadi. Xuddi avvalgi yillarda bo‘lgani kabi hukumat qishloq xo‘jaligiga umuman aloqasi yo‘q kishilarni yana paxta terimiga jo‘natishi kutilmokda.

Majburiy mehnat – bu kishini biror jazo qo‘llash tahdidi bilan har qanday ishni bajarishga majburlashdir. Majburiy mehnat O‘zbekiston Mehnat kodeksining 7-moddasi, Xalqaro mehnat tashkilotining 29 va 105-konventsiyalari bilan taqiqlangan.

Bosh vazirdan tuman hokimigacha bo‘lgan amaldorlar o‘qituvchilarni, tibbiyot xodimlarini, talabalarni va boshqa kishilarni paxta terishga majburlab, O‘zbekiston qonunchiligini buzmoqda, kishilar farovonligiga, ularning salomatligiga zarar yetkazmoqda hamda o‘quvchilar va talabalarning ta‘lim sifati yomonlashuviga sabab bo‘lmoqda.

Paradoks shundaki, qonunchilikka rioya etilishini nazorat qilish vakolatiga ega bo‘lgan militsiya va prokuraturaning o‘zi kishilarni noqonuniy ekspluatatsiya qilishda ishtirok etayotir.

Propaganda qilinayotganidan farqli o‘laroq, “Paxta – bu bizning milliy boyligimiz (EMAS)”. Uni sotishdan olinadigan barcha foyda bir to‘da amaldorlar tomonidan nazorat qilinadi. Paxta eksportidan keladigan daromadning qanchasi byudjetga tushishi, qanchasi ularning tubsiz cho‘ntaklarini to‘ldirishini faqat ularning o‘zi biladi. Paxta eksportidan juda katta foyda oladigan bu kimsalar mavjud tizimni har qanday yo‘l bilan saqlab qolishdan manfaatdordir.

O‘zbekiston Osiyo taraqqiyot bankidan 500 million dollardan ortiq, Jahon bankidan 400 million dollar va Yevropa Ittifoqidan 230 milliondan dollardan ko‘proq mablag‘ oladi. Bu mablag‘ning barchasi, xalqaro donorlarning ehtimoliga ko‘ra, qishloq xo‘jaligidagi islohotlarga sarflanishi kerak. Islohotlar esa ham paxta teruvchilarni, ham fermerlarni majburiy mehnatdan ozod qilishga olib kelishi lozim.

Garchi O‘zbekiston bu mablag‘larni mamnuniyat bilan qabul qilsa-da, rahbarlarimizda haqiqatda ham tizimni o‘zgartirish uchun siyosiy iroda bor-yo‘qligini bilmaymiz.

Bizda qonunsizlikka qarshi kurashishning birgina usuli bor. Bu oshkoralikdir. Biz vaziyatni hozir o‘zgartira olmasligimiz mumkin, ammo hech bo‘lmaganda aslida nima bo‘layotganini ayta olamiz.

Tashkilotimiz, Inson huquqlari bo‘yicha o‘zbek-germaniya forumi, joriy paxta mavsumida kattalar va bolalar majburiy mehnatini monitoring qiladi. Shuning uchun biz sizdan haqqoniy xabarlarni yig‘ishda yordam so‘raymiz.

Agar Siz yoki Sizning yaqinlaringiz paxta terimiga majburlansa yoki Sizni paxtaga bormaslik uchun pul to‘lashga majburlashsa, iltimos, o‘zingizda mavjud ma‘lumotni bizga elektron pochta orqali yuboring yuboring. Manzilimiz: NoForcedLabor@gmail.com "

O‘zbek-Germaniya forumi murojaati matni shu yerda tugadi.

Bolalar mehnati¸ xususan¸ kattalarni tahdid bilan majburan paxtgaga yuborish holatlari haqidagi ma‘lumotlarni Ozodlikka sharh yozish¸ Skypedagi OzodlikOnline, OzodOvoz, OzodSkype manzillariga qo‘ng‘iroq qilish¸ shuningdek WhatsAppdagi +420 724 971 539 raqamiga xabar va suratlar yo‘llashingiz mumkin.

XS
SM
MD
LG