Линклар

Шошилинч хабар
16 апрел 2024, Тошкент вақти: 22:42

O‘zbekiston paxtasining 70 foizini o‘zida qayta ishlamoqchi


O‘zbekistonning davlatga qarashli “O‘zbekengilsanoat” aksiyadorlik jamiyati rasmiylari 2021 yilga borib O‘zbekiston paxtasining 70 foizini mamlakatning o‘zida qayta ishlash rejalanayotganini aytishmoqda.

Shirkat rahbarlaridan biri Dilbar Mahmudovaning mahalliy ommaviy axborot vositalariga ma‘lum qilishicha, 2015-2020 yillar oralig‘ida bu rejani amalga oshirish uchun bir milliard dollar sarflanadi.

“O‘zbekengilsanoat” rasmiysi shu yilni o‘zida O‘zbekistonda yetishtiriladigan paxtaning 44 foizini mamlakatda qayta ishlash rejalanayotganini ham ta‘kidlagan.

Ayni paytda O‘zbekiston mamlakatda qayta ishlangan tola va tekstil mahsulotlari eksporti hajmini qariyb ikki baravar oshirmoqchi.

Hozir O‘zbekiston tekstil mahsulotlari eksportidan yiliga 800 million dollar daromad ko‘radi. Kelajakda bu ko‘rsatkichni 1,5 milliard dollarga yetkazish ko‘zda tutilmoqda.

O‘zbekiston rasmiylari paxtani ko‘proq qismini mamlakatning o‘zida qayta ishlash rejasi haqida birinchi marta gapirayotganlari yo‘q.

Uch yil avval O‘zbekiston bosh vaziri Shavkat Mirziyoyev 2015 yilga borib o‘zbek paxtasining 70 foizini mamlakatning o‘zida qayta ishlash rejasi borligini aytgan edi.

Mirziyoyev o‘shanda Janubiy Koreyaning "Kabul Tekstayl" shirkati bilan hamkorlikda O‘zbekistonda tolani qayta ishlovchi korxonalar ishga tushirilganini bunga misol qilib keltirgandi.

Lekin ko‘p o‘tmay Janubiy Koreyaning bu shirkati mamlakatni tark etdi.

Shuningdek, O‘zbekistonning yengil sanoat sohasiga millionlab dollarlik sarmoyalar kiritgan Hindiston va Turkiyaning bir qator shirkatlari ham mamlakatdan birin-ketin keta boshladi.

O‘zbekistonda 2003 yili ish boshlagan Turkiyaning "TOSH KAYA TEKSTİL" iqtisodiy va siyosiy jinoyatlar, jumladan, soliqdan bo‘yin tovlash va bojxonaga oid qonunchilikni buzganlikda ayblanib, 2013 yilda yopildi.

Turkiyadagi "Gunes Textil" shirkati ham mamlakatga yirik sarmoyalarni kiritib, bor-yo‘g‘idan ayrilgan va 2012 yilda mamlakatdan chiqib ketishga majbur bo‘lgan.

Hindistonning yirik “Spentex” tekstil shirkati esa O‘zbekiston hukumatini To‘ytepadagi korxonasini noqonuniy tortib olganlikda ayblab, xalqaro arbitrajga murojaat etganini bildirgan.

Paxtani ko‘proq qismini O‘zbekistonning o‘zida ishlab chiqarish rejasi esa rejaligicha qolib kelyapti.

O‘zbekistonda har yili 3 million tonnadan ko‘proq paxta xom ashyosi tayyorlanadi.

Mamlakat yiliga 1 million tonnadan oshiq paxta tolasi ishlab chiqaradi. Shundan 600-700 ming tonnasini chetga sotadi.

Kelasi oy Toshkentda bo‘ladigan paxta yarmarkasida o‘zbek tolasini chetga sotish bo‘yicha shartnomalar imzolanishi kutilyapti.

O‘zbekistonning asosiy xaridori Osiyo mamlakatlari bo‘lib qolyapti.

O‘zbekiston paxta tayyorlashda bolalar va kattalar majburiy mehnatidan foydalanishi sababli jahonning yetakchi chakana savdo shirkatlari o‘zbek paxtasidan tayyorlangan mahsulotlarga boykot e‘lon qilgan.

XS
SM
MD
LG