Линклар

Шошилинч хабар
28 март 2024, Тошкент вақти: 18:21

O‘zbekistonda bloggerlikka to‘siq yaratuvchi qonun qabul qilindi


O‘zbekiston hukumatining bloggerlik faoliyatini tartibga solish bo‘yicha qabul qilgan yangi o‘zgarishlari so‘z va fikr erkinligiga qo‘yilgan yana bir to‘siq sifatida baholanmoqda.

4 sentabr kuni “O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qonuni matbuotda e‘lon qilindi.

Yangi o‘zgartishga muvofiq, bundan buyon veb-sayt yoki blog egalari biron axborotni internetga joylashtirishdan oldin uning to‘g‘riligini obdon tekshirishlari talab etiladi.

Shuningdek, bloggerlarning “O‘zbekistondagi konstitutsiyaviy tuzumini ag‘darish, mamlakat xududiy yaxlitligiga qarshi da‘vatlar, terrorizm, diniy ekstremizm, separatizm va fundamentalizm g‘oyalarini targ‘ib etuvchi materiallar“ni chop etishlari ham taqiqlanadi.

Aks holda ular jinoiy javobgarlikka tortilishlari mumkin.

Shuningdek, bloggerlarga davlat siri hisoblangan ma‘lumotlar, milliy, irqiy, etnik va yo diniy nizo qo‘zg‘atuvchi, shuningdek, fuqarolarning sha‘ni va qadr-qimmatiga yoki obro‘siga putur yetkazuvchi, ularning shaxsiy hayotiga aralashuvchi axborotni tarqatish ham taqiqlanadi.

So‘z erkinligiga to‘siq

O‘zbekistonlik bloggerlar mazkur qonuniy o‘zgarishlarni o‘z faoliyatlariga to‘siq sifatida ko‘rishmoqda.

- Biz buni O‘zbekistonda bloggerlarni himoya qiladigan qonun deb o‘ylagandik, o‘qib chiqsak, bu qonun hukumatni bloggerlardan himoya qiluvchi qonun ekan, - deydi ismi sir qolishini istagan o‘zbekistonlik bloggerlardan biri.

O‘zbekistonlik yana bir blogger yangi qonun so‘z erkinligiga qo‘yilgan yangi to‘siq ekanini aytadi:

- Bu yerda blogni ommaviy axborot vositasiga tenglashtirish bo‘lyapti. Lekin o‘zi asli blog bu har bir odamni o‘z kechinmalari, o‘y- fikrlarini yozib boradigan onlayn kundaligi. Blog bu erkin fikr. Bu qonun ana shu erkin fikrga to‘g‘anoq bo‘lyapti, - deydi o‘zbekistonlik blogger.

Onlayn kundalik – bloglar fikr erkinligi¸ axborot olish va yoyinlash jabhasida o‘ziga xos inqilob sifatida paydo bo‘ldi.

Avvallari axborotni topib, uni ommaga yetkazish bilan, asosan, jurnalistlar shug‘ullangan bo‘lsa, endilikda internet tufayli har bir inson o‘ziga ma‘lum axborot va o‘z nuqtai nazarini ortiqchi rasmiyatchilik va hech qanday mablag‘siz ommaga yetkazishi mumkin.

O‘zbek bloggerlari mahalliy matbuotda haqiqatni yozish imkoni yo‘qligi bois asl voqelikni bloglar orqali yoritishga harakat qilayotgan edilar.

Saylovlar oldidan axborot makoni jilovlanmoqda

Internetdagi "Fergana.ru" mustaqil axborot nashri asoschisi va bosh muharriri Daniil Kislovning ishonishicha, axborot oqimi ustidan nazoratni yana ham kuchaytiradigan yangi qonuniy o‘zgarishlarning aynan parlament va prezidentlik saylovi arafasida qabul qilinayotgani bejiz emas:

- Menimcha, bu qonun u yoki bu blogning yopib qo‘yilishini oqlash uchun aynan parlament va prezidentlik saylovlari arafasida qabul qilinyapti. Bu saylovlar shu yilning oxiri va kelasi yilning mart oyida bo‘lishi kutilyapti. Balki hukumat shu yo‘l bilan o‘zlari istamagan axborotning Internetda tarqalib ketishining oldini olish ya‘ni axborot makonini yana ham kuchliroq jilovlashga urinmoqda. Lekin ular shundoq ham Internetni to‘sib, barcha bloggerlarni burchakka siqib qo‘ygan, - deydi Kislov.

O‘zbekiston blogosferasiga bolta urildi

O‘zbekistonning Kogon shahri yaqinidagi poligonda sodir bo‘lgan 2008 yilgi portlashlar haqida jamoatchilik bloggerlar orqali xabardor bo‘lgan edi. Bu hodisa O‘zbekiston ommaviy axborot vositalarida yoritilmagandi.

Yangi media sohasi mutaxassisi To‘lqin Umaraliyevga ko‘ra, bloggerlik O‘zbekistonda o‘ziga xos fuqarolik jurnalistikasi (citizen journalism)ga aylanayotgandi.

- O‘zbekistonda matbuot kuchli nazorat qilinadi. Ko‘chada ro‘y berayotgan hodisalar haqida odamlar aynan bloggerlar orqali xabar topayotgan edi, - deydi Umaraliyev.

To‘lqining aytishicha, Internetda o‘z blogini ochgan o‘zbekistonliklar soni so‘nggi paytda ancha ko‘payib qolgan:

- O‘zbekistonni blogosferasi endi rivojlanyapti. Shu rivojlanayotgan blogofseraga bolta urilyapti. Endi agar biron blogger hukumat yoqtirmagan tanqidiy postni qoldirar ekan, uning posti konstitutsiyaviy tuzumga qarshi, deb baholanib, blogger javobgarlikka tortilib qolishi mumkin. Bu esa shundoq ham ehtiyotkor bloggerlarda qo‘rquv hissini yana ham kuchaytirib yuboradi, - deydi To‘lqin Umaraliyev.

O‘zbekistonda qaysidir blogda siyosiy yoki hukumatga toqat qila olmaydigan mavzularga o‘rin beriladigan bo‘lsa¸ ular blok qilinayotganini kuzatish mumkin.

XS
SM
MD
LG