Линклар

Toshkentda “Lada” avtomobil salonining rasmiy ochilishi marosimi bo‘lib o‘tdi. Mazkur salonda hozircha Rossiyaning AvtoVAZ zavodlarida ishlab chiqarilgan uch turdagi avtomobil sotuvga chiqishi rejalangan. Ayni paytda Rossiya mashinalarining O‘zbekiston bozorida xaridorgir bo‘lishiga shubha bildirilmoqda.

5 sentabr kuni mahalliy axborot agentliklari Toshkent shahrining Mirzo-Ulug‘bek tumanidagi Qorasuv - 6 manzilida “Lada” avtosalonining rasmiy ochilish marosimi bo‘lib o‘tganini ma‘lum qildi.

Xabarga ko‘ra, o‘zbekistonlik avtohavaskorlar “Lada” avtosalonidan Lada Kalina rusumidagi mashinani sotib olishlari mumkin.

Biroq Lada Priora va Lada Granta rusumidagi avtomobillar oktabr oyidan boshlab sotuvga chiqarilishi rejalangan.

Xabarlarga ko‘ra, “Lada”ning so‘nggi modeli Lada Vesta esa hozircha O‘zbekistonga olib kelinmagan.

Toshkentdagi Vostok Rus Avto salonining o‘zini tanishtirmagan xodimi Ozodlik bilan suhbatda salonda faqat UAZ avtomobillari sotilishini aytdi:

- Bizda Lada yo‘q, faqat UAZ mashinalari bor. Hozir Toshkentda “Lada”ni hech kim sotmayapti. Odamlar u mashinaga ishqiboz bo‘lmasa kerak. Chunki O‘zbekistonda ishlab chiqarilayotgan mashinalar Ladaga qaraganda yaxshi. Benzin sarflashi, texnik jihatdan, hamma tomondan yaxshi. Har bir odam mashina olayotgan paytda birinchi bo‘lib yurishiga ahamiyat beradiku. Bizning mashinalar ularnikiga qaraganda yumshoqroq yuradi. Bizning mashinalarning xodovoylari ham yaxshi. Bizlardan “Lada”ni bir-bir adashib so‘rab qolishmasa, lekin hech kim so‘ramaydi, - deydi avtosalon xodimi.

Toshkentdagi avtomobilga texnik xizmat ko‘rsatish markazi xodimi Bahodir Ozodlik bilan suhbatda “Lada” avtomobillariga o‘zbekistonliklar orasida qiziqish katta emasligini aytdi:

- Xuddi oldingidek, “Lada”ga ruslar qiziqadi. Misol uchun men, o‘zimizning mashinalarga nisbatan “Lada”ning sifatini pastroq deb bilaman. O‘zbeklarga mahalliy Shevrolet avtomobillari har tomonlama yaxshiroq. Rossiyaning yangi keladigan mashinalarini bilmayman, ammo oldingilarining salonlari taqir-tuqur bo‘lgani uchun odamlar yoqtirmasdi. Men ham Rossiyaning “Lada”sini minganman. Shovqini ko‘proq mashina,- deydi Bahodir.

Toshkentda sotilishi rejalangan Lada Priora, Lada Granta va Lada Vesta avtomobillarining eng qimmat narxlari 14 - 16 ming AQSh dollarini tashkil qiladi.

Bahodir fikricha, bu Rossiya avtomobillari uchun qimmat narx. Chunki GM-Uzbekistan qo‘shma korxonasida ishlab chiqarilayotgan avtomobillar “Lada”ga nisbatan har tomonlama ustun:

- Texnik tomondan, menimcha, “Lada” tezroq buziladi. Avval ham Jigulining xodovoyi Neksiyaga nisbatan tezroq ketar edi. Rossiya mashinalari yonilg‘i kam sarflamaydi. 100 kilometrga 8-10 litr benzin ketadi. Bizada chiqayotgan Kobalt, Sparklar 100 kilometrga 7-7,5 litr benzin sarflaydi. Bu juda zo‘r,- deydi suhbatdosh.

Bahodir Rossiyada ishlab chiqarilgan “Lada” avtomobillari O‘zbekiston bozorida katta kelajakka ega emas degan fikr bildirdi:

- Bizning bozorga kiraversin. U yog‘ini ko‘ramiz. Agar motorini kuchli qilib chiqargan bo‘lsa, balki kimlargadir yoqar. Buni vaqt ko‘rsatadi. Kelib sotib ko‘rishsin. Shaxsan men Rossiya mashinasini olmayman,- dedi toshkentlik Bahodir.

Hozir GM Uzbekistan qo‘shma korxonasida yiliga 250 ming dona avtomobil, xususan, Nexia, Cobalt, Lacetti, Malibu, Gentra, Matiz, Spark va Damas rusumidagi avtomobillar ishlab chiqarilmoqda.

Ularning aksari Rossiyaga eksport qilinadi. Ayni paytda, o‘zbek avtomobillarining Rossiyadagi narxi O‘zbekistonda mahalliy aholiga sotilaëtganidan qariyb bir yarim baravar arzon ekanligi aytiladi.

Шарҳларни кўрсатинг

XS
SM
MD
LG