Линклар

logo-print

Besh oy gazsiz qolgan O‘shga gaz qachon berilishini Miller ham bilmaydi


"Gazprom" shirkati rahbari Aleksey Miller Bishkekdan O‘shga gaz quviri yotqizmoqchi.

"Gazprom" shirkati rahbari Aleksey Miller Bishkekdan O‘shga gaz quviri yotqizmoqchi.

Oktabr oyidan boshlab Qirg‘izistonga arzon bahoda gaz berilishini aytgan “Gazprom” rahbari Aleksey Miller besh oydan beri O‘zbekiston ta‘minotdan uzib qo‘ygan O‘shga gaz qachon berilishi haqida jo‘yali bir gap aytmadi.

Bishkekda 8 sentabr kuni prezident Almazbek Atambayev bilan uchrashganidan so‘ng matbuot anjumani o‘tkazgan “Gazprom” rahbari Aleksey Miller O‘shni gaz bilan ta‘minlash uchun Bishkekdan janubiy viloyatlarga 600 kilometrlik gaz quvuri qurish rejasi borligini ma‘lum qildi. Miller bu gaz quvuri qurilishi qachon boshlanishi va buning uchun qancha mablag‘ ajratilishi to‘g‘risida hech qanday ma‘lumot yo‘q ekanini bildirdi.

- Hozir “Gazprom” “shimol-janub” gaz quvirini barpo etishning optimal yo‘llarini aniqlashga harakat qilayapti. Ayni paytda ikki yo‘nalish tanlab olindi. Har bir yo‘nalishga uchtadan loyiha varianti taklif qilinmoqda. Mazkur uzoq muddatli loyiha mamlakatni gaz bilan uzluksiz ta‘minlash muammosini hal etadi.

Aleksey Millerning gaplaridan kelib chiqiladigan bo‘lsa, besh oydan beri gazsiz qolayotgan O‘sh shahriga gaz ta‘minotini tiklash masalasi hozirgacha hal etilmagani ayon bo‘lmoqda.

O‘zbekiston O‘shga gaz berishni shu yilning 14 aprelida to‘xtatgan edi. Bunga 10 aprel kuni “Qirg‘izgaz” “Gazprom”ga bir dollarga sotilgani, buning ortidan Qirg‘izistonni gaz bilan ta‘minlash vakolati to‘lig‘i bilan Rossiya ixtiyoriga berilgani sabab qilib ko‘rsatilmoqda.

Prezident Atambayev “Gazprom” bilan bu borada shartnomani imzolar ekan, bundan buyon Rossiya Qirg‘izistonni arzon va uzluksiz tarzda gaz bilan ta‘minlashini, mamlakat O‘zbekistondan bo‘lgan gaz qaramligidan qutilganini aytgan edi. Biroq prezidentning bu bayonoti besh oydan beri gazsiz o‘tirgan o‘shliklarga “zangori olov” o‘rnini bosa olmayapti.

Qirg‘iz rasmiylari O‘shni gaz bilan ta‘minlash masalasida O‘zbekiston bilan olib borilayotgan muzokaralar natijasiz yakunlanayotganini aytib kelmoqda. 8 sentabr kuni o‘tgan matbuot anjumanida ham Aleksey Miller Toshkent bilan gaz muzokaralari qanday borayotgani haqidagi savollarni javobsiz qoldirdi.

Prezident Almazbek Atambayev esa o‘shliklarni yana sabr-toqatga undab, “Gazprom” yaqin kunlarda Qirg‘izistonda gaz qazib olishni boshlashi to‘g‘risida bayonot berdi.

- Joriy yilning noyabridan boshlab “Gazprom” Jaloloboddagi Maylisuv va Qo‘gart konlaridan gaz qazib olish bo‘yicha razvedka ishlarini boshlaydi. Mazkur hududda tahminan 2,5 milliard kubometr gaz zahirasi bor,-dedi Atambayev Qirg‘iziston Mustaqillik kuni munosabati bilan 31 avgustda so‘zlagan nutqida.

Ayni paytda Qirg‘iziston parlamenti vitse spikeri Bo‘do‘sh Mamirova yaqin kunlarda parlamentda O‘shga gaz berish masalasi muhokama qilinishini bildirdi:

- Miller kelib ketgani bilan muammoni hal etish yo‘llari aytilmadi. Aksincha, Miller har kelib ketganida prezident Atambayev “qo‘shnilar bizga ataylabdan gaz bermayapti, bizga mana shunday salbiy munosabatda bo‘layapti” qabilidagi tushunarsiz gaplarni ayta boshladi. Shuning uchun ham bu yil O‘shga gaz berilmay qoladi, degan xavotir bor. Sentabr oyining o‘rtalarida hukumatni parlamentga chaqiramiz. Hukumat gaz ta‘minoti masalasida javob beradi, - dedi Bo‘do‘sh Mamirova.

Qirg‘iziston O‘zbekistondan har yili 1 milliard kubometrga yaqin gaz sotib olar edi.

XS
SM
MD
LG