Линклар

Farg‘onalik tadbirkor: “Hokim peshonangdan otaman, dedi”

  • Садриддин Ашур

Yangi rekonstruktsiyadan chiqqan do‘konlar Farg‘onada yana buziladigan bo‘ldi.

Yangi rekonstruktsiyadan chiqqan do‘konlar Farg‘onada yana buziladigan bo‘ldi.

Farg‘ona viloyati hokimi do‘konlari buzilishiga qarshi chiqqan tadbirkorlarni “peshonangdan otaman” deb dag‘dag‘a qilgan. Bu haqda Ozodlikka shikoyat qilgan tadbirkorlarning aytishicha, Farg‘ona shahar bosh plani asosida dehqon bozori atrofida rekonstruktsiya qilingan yangi do‘konlarning buzilishiga qarshi chiqqan tadbirkorlarga bu gapni hokim umumiy yig‘ilishda aytgan.

Farg‘ona shahrining bosh plani asosida rekonstruktsiya bo‘lgan dehqon bozori atrofidagi xususiy do‘konlar yana buzilmoqda.

Ana shu buzilishlarga bag‘ishlangan yig‘ilishda viloyat hokimi Shuhrat G‘aniyev do‘konlari buzilishiga qarshi chiqqan tadbirkorlarga po‘pisa qilgan. Bu xabarni bir-biridan mustaqil tasdiqlagan va majlisda ishtirok etgan uch tadbirkorning Ozodlikka aytishicha, hokim uning "hukmiga qarshi chiqqanlarni otaman" deb qo‘rqitgan.

Ismi sir qolishini so‘ragan majlis qatnashchilaridan biri bu haqda shunday deydi:

"Hokim zalga vajohat bilan kirib keldi va “bu yerda faqat men gapiraman, faqat men savol beraman. Dehqon bozori atrofidagi do‘konlar buzilishi kerak, agar kimki bunga qarshi chiqsa o‘zim peshonasidan otaman” deb dag‘dag‘a qildi. Hech kim bir og‘iz gap aytolmadi. Bu zo‘ravon hokimlardan har narsa kutish mumkin,- dedi tadbirkorlardan biri.

Viloyat hokimligining o‘zini tanishtirmagan mulozimi Ozodlik bilan suhbatda hokimning "tadbirkorlarni peshonasidan otaman" degan gapni aytganini inkor qildi:

"Bu bo‘lmagan gap. Hokim bunaqa gapni aytgani yo‘q. Hamma buzilishlar bosh plan bo‘yicha olib borilyapti, do‘kondorlar oldindan ogohlantirilgan va ularga boshqa joydan do‘kon qurish uchun joy ajratilgan", dedi hokimlik mulozimi.

Shu paytgacha qirqqa yaqin tadbirkorning viloyat hokimini bu qaroridan norozi bo‘lib O‘zbekiston prezidenti, Bosh prokuraturasi va Oliy sudga yozgan shikoyat arizalari javobsiz qolmoqda.

Shahar dehqon bozori hududida do‘koni bo‘lgan tadbirkor Isroiljon Xolmatov (do‘kon uning xotini Muborak Sotiboldiyeva nomiga rasmiylashtirilgan)ning aytishicha, uning do‘koni ikki marta rekonstruktsiya qilinganidan so‘ng, yana buzilishga tushgan:

- Hokimiyat dehqon bozori atrofidagi tadbirkorlarning qonini ichyapti. Bozor atrofidagi 37ta do‘konni buzasan, deb hokimiyat qaror chiqargan. Bular prezidentimizning qarorlarini nuqul teskarisini qilyapti. Yonimizdagi do‘konlarni ko‘pini buzib tashladi. Bugun kelishib meni do‘konimning tomini ochib tashlashibdi. Besh-oltitamiz qolganmiz, hozir hokimiyat bilan “jang” qilyapmiz,- dedi tadbirkor.

Isroiljon Xolmatov “jang” qilyapmiz deganda hokimiyat bilan sudlashayotganlarini nazarda tutdi. Uning aytishicha, Farg‘ona shahar hokimiyati tadbirkorlarni sudga bergan. O‘z navbatida tadbirkorlar sudga qarshi ariza kiritgan.

Fuqarolik ishlari bo‘yicha Farg‘ona tumanlararo sudi 8 avgust kuni bu ishni ko‘rib chiqib uch nafar tadbirkorning do‘konlari buzilishiga oid shahar hokimining 2014 yil 28 mayda chiqargan 747-sonli qarorini bekor qilgan.

Biroq, Isroiljon Xolmatovga ko‘ra, shahar hokimligi bu qaror bo‘yicha viloyat sudiga appelyatsiya bergan va viloyat sudi bu ishni qayta tekshirishga qaytargan:

- Sababi, go‘yoki hokimlikning ishonchli shaxsiga berilgan ishonch qog‘ozi fuqarolik sudiga emas, balki xo‘jalik sudi uchun yozilgan emish. Shuni bahona qilib deloni qaytarishdi. Fuqarolik ishlari bo‘yicha tumanlararo sudi esa hatto bizni chaqirmasdan, do‘konlar buzilsin degan qaror chiqarib yuboribdi, dedi Isroiljon Xolmatov.

Tadbirkorning aytishicha, Farg‘ona shahrini qayta qurish bosh planiga asosan u do‘konini ikki marta rekonstruktsiya qilgan:

- Keyingi sarflaganimda 30 million so‘m sarfladim. 8 metrlik do‘konimni ayvonini buzdirib, oynaklik qildim. Ichkaridagi do‘konimga esa undan ko‘p, 80-90 million so‘m sarflagan edim. Bultur sentyabrь oyidan kitob do‘koni qilgan edim. Lekin zo‘ravonlik bilan buzishmoqchi,- dedi Isroiljon Xolmatov.

Do‘koni buzilayotgan yana bir tadbirkor Nilufar Yusupovaning aytishicha, qayta qurilgan do‘konlari uchun arzimas tovon puli berilgan:

- 150 kvadrat metr do‘konim buzilyapti. Hokimning buyrug‘i bilan ikki etajli qilib qurdik, keyin ikki marta rekonstruktsiya qildik. 200 million so‘mdan ko‘p sarfladim. Uch marta yaqin yuz million so‘m kredit olganman. Hali qarzlarimni uzmay turib, buzasan deyapti. Bor-yo‘g‘i 14 million so‘m kompensatsiya beribdi. Bu nima degan gap axir? Axir bu pulga bir xonali kvartira ham bermaydiku. Do‘konim o‘rnini gulzor qilib qo‘yisharkan, davlat zaxirasiga olarkan,- deydi tadbirkor.

O‘zbekiston Bosh vaziri Shavkat Mirziyoyev 2011 yilning 22 noyabrь kuni Farg‘ona viloyati xalq deputatlari Kengashida o‘tkazgan yig‘ilishida Farg‘ona shahrini rekonstruktsiya qilish rejasini boshlashga oid farmoyish bergan edi.

Shahar rekonstruktsiyasi boshlangandan keyin Ozodlikka murojaat qilgan ko‘plab farg‘onaliklar shaharni obodonlashtirish bahonasida amalga oshirilgan buzish va qurishlar oqibatida uysiz va do‘konsiz qolganlaridan shikoyat qilgan edilar.

Farg‘ona shahrining rekonstruktsiya bo‘lgan ko‘chalari prezident Karimovning tashrifidan so‘ng mahalla raislari har bir uyning darvozasiga milliy naqsh solish uchun xonadon egalarini yana chiqim qilishga majburlagan edi.

XS
SM
MD
LG