Линклар

O‘tgan hafta rus matbuoti Rossiya ichki ishlar vazirligi xabariga tayanib Moskvaning Yasenevo tumanida bir guruh markaziy osiyolik qo‘lga olingani to‘g‘risida yozdi. Bu haqda xabar qilmagan deyarli biror nashr qolmadi. Islomshunos mutaxassislar buni Rossiya maxsus xizmatlarining “estremizm va terrorizmga qarshi kurash” tadbirini jamoatchilikka namoyish qilishning o‘ziga xos usuli ekanini ta‘kidlamoqda.

Rossiya Ichki ishlar vazirligi matbuot xizmati xodimi Vladimir Konovalov Ozodlik bilan suhbatda Rossiya IIVning jinoyat-qidiruv bo‘limi bosh boshqarmasi xodimlari Moskva shahridagi hamkasblari bilan birgalikda Yasenova tumanidagi kvartiralardan birida O‘IH a‘zolarini qo‘lga olganini ma‘lum qildi:

- O‘tkazilgan tezkor amaliyot chog‘ida radikal islomga e‘tiqod qilgan va kelib chiqishi markaziy osiyolik bo‘lgan odamlar yashagan kvartira aniqlandi. Bu odamlar taqiqlangan O‘zbekiston islomiy harakati a‘zolari bo‘lgan. Moskvada ular g‘ayriqonuniy tarzda soxta pasportlar, haydovchilik guvohnomalari va boshqa hujjatlar tayyorlashgan,- dedi matbuot xizmati xodimi.

Vladimir Konovalovga ko‘ra, bu kvartiradan 200ta Rossiyaning ichki va 15ta xorijiy pasporti, shuningdek, 40dan ortiq xorijiy mamlakat pasportlari topilgan.

"Bu bolalar hatto namoz o‘qimaydi..."

Bu xabar ortidan Ozodlikka murojaat qilgan va qo‘lga olingan yigitlarni yaxshi tanishini aytgan o‘zbek muhojiri O‘zbekiston islomiy harakatiga a‘zolikda ayblanayotgan yigitlar hatto namoz o‘qimasligini ma‘lum qildi:

- Bu bolalar hatto namoz o‘qimaydi. Ichida bittasi soqol o‘stirib yurgan – o‘shanga gumon qilishganmi... Bu yerda hech qanaqa terrorist-perrorist bo‘lishi mumkin emas. Jami Kazanskiy vokzal atrofida hujjat savdosi bilan shug‘ullanadigan 400-500 odam ishlasa, hammasi biladi qo‘lga olingan bollarni. Mana ozod qilinibdi – “Petrovka-38” peredachasidan ko‘rib hayron qoldim: “radikal islomiy” deyapti – qanday qilib unda qo‘yib yubordi ularni?- deydi ismini ochiqlashni istamagan o‘zbek muhojiri.

Ayni paytda suhbatdosh qo‘lga olingan yigitlar pasport, tibbiy kitobcha, ishga ruxsatnoma va mehnat muhojirlari uchun zarur bo‘lgan boshqa soxta hujjatlarni tayyorlash bilan shug‘ullanib kelganini tasdiqlaydi:

- Bu pasportlar bilan chet elga chiqish u yog‘da tursin – ko‘chagayam chiqib bo‘lmaydi! Masalan, boshqa davlat fuqarosiga 20-18 ming oylik, rossiyalikka – 40-45 ming oylik beradi. Shu uchun bir marotaba olib borib ko‘rsatish uchun qilingan pasportlar. Bu bolalar hujjat bilan shug‘ullanadigan bolalar, terrorrist emas,- dedi o‘zbekistonlik yigit.

Rossiya Ichki ishlar vazirligi tarqatgan xabarda hibsga olingan shaxslar “O‘zbekiston” islomiy harakati a‘zosi bo‘lgan tojikistonliklar ekani aytiladi.

Rossiya IIV matbuot xizmatining Vladimir ismli yana bir vakilidan "Markaziy osiyoliklarning qaysi belgilar asosida O‘zbekiston islomiy harakatiga mansubligi aniqlangani" to‘g‘risida so‘radik:

- Bilmadim, bu relizni bizga Jinoyat-qidiruv bo‘limining bosh boshqarmasidan yuborishdi. To‘g‘risi, qayerdan bu ma‘lumotni ular olganini ayta olmayman,- deya gapni qisqa qildi politsiya rasmiysi.

Rossiya Islom qo‘mitasi asoschisi, faylasuf va jamoatchilik arbobi Haydar Jamol musulmonlarga qarshi fobiyani kuchaytirish Rossiyada odatiy holga aylanganini gapirdi. U bunday “islomiy guruhlarga qarshi amaliyotlar” hisobot uchun tayyorlanadi, deydi:

- Bu odatiy tus olgan maxsus xizmatlarning firibgarlarga qarshi firibgarligi. Ular duch kelgan odamni ushlab, xavfli odam deya e‘lon qilishi doimo kuzatilmoqda. Bu nafaqat Rossiyada, Tojikistonda ham, O‘zbekistonda ham, Kavkaz respublikalarida ham odatga aylandi. Tashqi ko‘rinishidan musulmon bo‘lsa yetarli – ularga qarshi ish soxtalashtiriladi va bu bechoralar umrida eshitmagan tashkilotlarga a‘zolikda ayblanadi. O‘zbekiston Islomiy harakati Moskvada paydo bo‘lishiga men shaxsan ishonmayman, bu kulgili. Odatda bu yerda ushlangan musulmonlarni Hizbut Tahrirga a‘zolikda ayblashadi,- deya munosabat bildirdi Haydar Jamol.

Rossiyada muhojirlarning O‘zbekiston islomiy harakatiga a‘zolikda gumonlanib hibs qilinishi ilk bor kuzatilayotgani yo‘q.

Joriy yilning may oyida Rossiya IIVi Moskva viloyatining Noginsk shahrida 27 yoshli erkakning O‘IHga gumonlanib ushlanganini xabar qilgan edi.

2011 yilning dekabr oyida Moskva viloyatida qo‘lga olingan bir guruh musulmonlar Moskvada terrorchilik harakatlarini amalga oshirishga tayyorgarlik va geroin savdosida ayblangan edi.

XS
SM
MD
LG