Линклар

Шошилинч хабар
28 март 2024, Тошкент вақти: 16:37

O‘zDSMI bitiruvchisi diplomiga yozilgan mutaxassisligi nimaligini bilmayapti


Abdulla Qodiriy nomidagi O‘zbekiston davlat san‘at va madaniyat institutining “Kasb ta‘limi – Ijtimoiy ish” mutaxassisligi bo‘yicha bu yilgi bitiruvchilaridan biri Ozodlikka ish topolmayotganligidan shikoyat qildi.

Uning aytishicha, qo‘lida diplomi bo‘laturib, hatto qanday kasb egasi ekanligini o‘zi bilmaydi.

Bitiruvchining bu ajabtovur iqroridan paydo bo‘lgan savollarga institut rahbariyati bergan javoblar biroz aniqlik kiritganday bo‘ldi.

Ozodlikda bitiruvchi qiz bilan suhbatning audioyozuvi mavjud, lekin ismi aytilishi va ovozi eshittirmasligini iltimos qildi.

Bitiruvchining aytishicha, u 2010 yili Toshkent davlat madaniyat institutining Kasb tanlash fakultetiga o‘qishga qabul qilingan 50 talabaning biri edi.

- O‘shanda bizga shaxs va jamiyat, madaniyat, milliy istiqlol g‘oyasi va shunga o‘xshash fanlardan o‘qituvchi bo‘lib chiqasizlar, deyishgan, deb eslaydi bitiruvchi.

2012 yili Toshkent Davlat madaniyat instituti va O‘zbekiston Davlat san‘at instituti bazasida O‘zbekiston Davlat san‘at va madaniyat instituti tashkil etildi.

- Ikki institut qo‘shilganidan so‘ng fakultetimiz nomi o‘zgardi, diplomimizga nima deb yozilishini ikki yildan beri hech kim aytib berolmadi. Har gal yozma ish topshirganimizda ishning ustiga “Kasb ta‘limi” deb, qavslar ichida esa, “Ijtimoiy ish”, deb yozardik, dedi bitiruvchi.

4 yillik o‘qish yakunlanib, suhbatdoshimiz bu yil diplom oldi.

Bitiruvchining aytishicha, diplomida mutaxassisligi mana bunday yozilgan: “Kasb ta‘limi – Ijtimoiy ish – (Ijtimoiy ta‘minot tizimi bo‘yicha) ijtimoiy pedagogika mutaxassisligi fani o‘qitish metodikasi fani o‘qituvchisi”.

Suhbatdoshimizning aytishicha, "4 yil davomida darslar yaxshi o‘tilgan, lekin diplomda ko‘rsatilgan ixtisosning mujmalligi ish topishga to‘sqinlik qilmoqda".

- Uchta kollejga murojaat qildim ish so‘rab, bizda bunday mutaxassislik yo‘q, deyishdi, dedi bitiruvchi.

Masalaga oydinlik kiritishini so‘rab, Abdulla Qodiriy nomidagi O‘zbekiston davlat san‘at va madaniyat instituti prorektorlaridan biri bilan bog‘landik.

U kishining aytishicha, “Ijtimoiy ish, Ijtimoiy madaniy faoliyat, deb yozilgan diplom olgan studentlarning har bittasida shartnoma bor, shartnoma asosida ishga yo‘llanma berilgan. Bu masala doim institut rahbariyati diqqat markazida turadi.“

Institut rahbariyati vakili “Ijtimoiy ish yo‘nalishini bitirganlar qayerda ishlaydi”, degan savolimizga javoban bunday dedi:

- Hamma joyda, masalan, mahallalarda ishlashi mumkin.

- Mahallada kim ishga oladi?

- Bitirish jarayonida har bir bitiruvchi o‘z viloyatidan shartnoma olib kelgan. Komissiya o‘sha shartnomalarni ko‘rib chiqadi...

Gap shu joyga kelganda suhbatdoshimizga Vazirlar Mahkamasidan qo‘ng‘iroq qilib qolishdi va u kishi bizga Pedagogika kafedrasi bilan bog‘lanishni maslahat berdi.

Kafedraning o‘zini tanishtirmagan o‘qituvchisi bunday dedi:

- “Ijtimoiy ish”ni bitirganlar ijtimoiy qatlamni himoya qilish bo‘yicha ishlashi mumkin. Masalan, Aziza ismli bir talabamiz Qibraydagi hokimiyatga ijtimoiy qatlamni himoya qilish markazimi, bo‘limimi ochilgan ekan, o‘sha yerga ishga joylashibdi. Pensiya jamg‘armalariga va shunga o‘xshash yo‘nalishlar bo‘yicha ishga joylashsa bo‘lar ekan.

- Mehnat va aholini ijtimoiy muhofaza qilish vazirligiga qarashli idoralarga joylashsa bo‘lar ekanda bitiruvchilaringiz?

Bu savolimizga kafedra vakili “Ha”, deb javob berdi.

- Bas, shunday ekan, unda nima uchun ular Madaniyat va san‘at institutida o‘qidi?

- Bu savolingizga javob berolmayman, dedi kafedra o‘qituvchisi.

XS
SM
MD
LG