Линклар

Gulnoraga jinoyat ishi ochildi, TeliaSonera Ucellni sotishi iddao qilindi


Shvetsiya prokuraturasi TeliaSonera shirkatini Gulnora Karimova doxil guruhga 350 million dollar pora berganlikda gumonlamoqda.

Shvetsiya prokuraturasi TeliaSonera shirkatini Gulnora Karimova doxil guruhga 350 million dollar pora berganlikda gumonlamoqda.

Shvetsiyaning TeliaSonera shirkati Ucell mobil operatorini sotib yuborishi mumkinligiga oid xabarlar paydo bo‘ldi. Uzmetronom nashri ishonchli manbalarga tayanib, tarqatgan bu iddaoli xabar O‘zbekiston Bosh prokuraturasi dushanba kuni Gulnora Karimovaga nisbatan jinoyat ishi ochgan paytga to‘g‘ri keldi. Toshkentdagi muzokaralarda qatnashgan TeliaSonera rasmiysi, Ozodlik bilan suhbatda, shirkatning O‘zbekiston bozoridan ketish niyati yo‘qligini bildirdi. O‘zbekistondagi biznesi uchun to‘siqlarni olib tashlash maqsadida Gulnora Karimovaga pora berganlikda ayblanayotgan TeliaSonera vakili shirkatning O‘zbekistondagi strategiyasi o‘zgarmaganini ta‘kidladi.

O‘tgan hafta TeliaSonera vitse-prezidenti Erik Halberg boshchiligidagi delegatsiya Toshkentda O‘zbekiston aloqa, axborotlashtirish va telekkommunikatsiya texnologiyalari Davlat qo‘mitasida muzokaralar o‘tkazdi.

Uzmetronom nashri ishonchli manbalarga tayangan holda, Erik Halberg O‘zbekiston hukumati mulozimlari bilan so‘zlashuvlar chog‘ida TeliaSonera shirkatining O‘zbekistondagi sho‘basi Ucell operatori uchun konvertatsiyani ochish masalasini ko‘targan. Ucell o‘zbek so‘mida olayotgan foydani xorij valyutasiga konvertatsiya qilish imkoni berilmasa, Erik Halberg TeliaSonera “o‘zbek bozorini tark etishga majbur bo‘lishini bildirdi”, deya xabar qildi Uzmetronom.

Uzmetronom nashrining yozishicha, Ucell tushumini konvertatsiya qilish iltimosi rad etilgan va TeliaSonera O‘zbekistondagi sho‘‘ba korxonasiga yangi bosh direktor etib tayinlagan Tonu Gryunberg mobil operatorini sotish jarayonini boshlagan.

4 sentabr kuni Toshkentdagi muzokaralarda ishtirok etgan TeliaSonera vitse-prezidenti Piter Borsos, Ozodlikka bergan intervьyusida, Ucell mobil operatori sotilishiga doir xabarni mish-mish, deya atadi:

- Yo‘q, mish-mishlarni izohlamaymiz, lekin biz o‘z faoliyatimizni olib borayotgan bozorlarda uzoq muddatli rejalarimiz va strategiyamizni o‘zgartirganimiz yo‘q, dedi TeliaSonera vitse-prezidenti.

Shu bilan birga Piter Borsos Toshkentdagi so‘zlashuvlarda TeliaSonera uchun og‘riqli muammo bo‘lib qolayotgan konvertatsiya masalasi ko‘tarilganini tan oldi:

- Tashrif davomida investorlar bilan uchrashuv paytida biz uchun muammo bo‘lib qolayotgan o‘zbek valyutasini konvertatsiya qilish masalasi muhokama qilindi. Bu muammo yuzasidan biz doimo o‘z pozitsiyamizni ochiqchasiga bildirib kelganmiz. O‘zbekistondagi tushumni mamlakatdan olib chiqish uchun o‘zbek so‘mini konvertatsiya qilish katta qiyinchiliklar bilan bog‘liqligi hech kimga sir emas. Lekin, yana aytaman, bu haqda anchadan beri ochiqchasiga gapirib kelganmiz.Shu bilan birga bu masalani hal qilish borasidagi urinishlarimizni davom ettirish niyatidamiz va O‘zbekistonda yuqori darajali telekommunikatsiya xizmatlarini taqdim etish borasida olgan majburiyatlarimiz o‘zgarishsiz qolmoqda, hamda mablag‘larimizni mamlakatdan olib chiqish masalasi hal etilishiga umid qilamiz,- dedi TeliaSonera vitse-prezidenti Piter Borsos.

Shved telekom shirkati mulozimlarining Toshkentga tashrifi Ucell mobil operatorining minoritar haqdori Takilant kompaniyasi xo‘jayinlari O‘zbekistonda qamoqqa tashlangan paytga to‘g‘ri keldi.

Katta qismi Shvetsiya hukumatiga qarashli TeliaSonera o‘zbek telekom bozoriga kirish uchun Takilant orqali o‘zbekiston prezdentining qizi Gulnora Karimovaga 350 million AQSh dollari miqdorida pora berganlikda gumon qilinmoqda.

8 sentabr kuni O‘zbekiston bosh prokuraturasi Gulnora Karimova va u doxil “uyushgan jinoiy guruh”ning boshqa a‘zolariga nisbatan jinoyat ishi ochilganini ma‘lum qildi.

O‘zbekiston Bosh prokuraturasiga ko‘ra, Gulnora Karimova doxil jinoiy guruh “davlat aktivlarini sun‘iy pasaytirilgan narxlarda qo‘lga kiritish” va boshqa usullar bilan yuzlab milliard so‘m miqdoridagi pullarni o‘margan.

Rasmiy xabarnomada, Gulnora Karimova va TeliaSonera o‘rtasidagi noqonuniy oldi-berdi haqida hech narsa aytilmagan. O‘zbekiston Bosh prokuraturasi Ozodlikning bu haqdagi savolini javobsiz qoldirdi.

Shvetsiya Bosh prokuraturasining Korruptsiyaga qarshi kurash boshqarmasi boshlig‘i Gunnar Stetler O‘zbekiston hukumati o‘tgan yili e‘lon qilgan bayonotida Takilant firmasi bilan TeliaSonera o‘rtasidagi munosabatlar qonuniy, deb topganini eslatadi.

Ozodlik bilan 9 sentabr kungi suhbatda, shved tergovchisi, o‘zbekistonlik hamkasblarining dushanba kungi bayonoti ortidan Toshkentga Gulnora Karimovaga doir savollarni yuborish niyatida ekanini bildirdi:

- Bilishimcha, O‘zbekiston rasmiylari bir yarim yil avval Gayane Avakyan va TeliaSonera o‘rtasidagi munosabatlar risoladagidek ekanini iddao qilishgan edi. Lekin o‘zbek rasmiylari bugun ham shunday fikrdami, yo‘qmi buni bilmayman. Kecha bosh prokuratura e‘lon qilgan bayonot, O‘zbekiston rasmiylariga Gulnora Karimova va Gayane Avakyan o‘rtasidagi munosbatlar xususida so‘rov yuborishimga asos bo‘la oladi, dedi shved prokuraturasi vakili Gunnar Stetler.

O‘zbekiston Bosh prokuraturasi bayonotida tergov harakatlari natijasida “jinoiy guruh a‘zolarining yarim trillion so‘mlik mulklari davlat daromadiga o‘tkazildi”, deyiladi.

O‘zbekiston Bosh prokuraturasi "uyushgan jinoiy guruh" a‘zosi Gulnora Karimovaga nisbatan ehtiyot chorasi ko‘rilganmi, yo‘qmi ochiqlamadi. Lekin prezident qizining o‘zi sizdirgan xabarlarga ko‘ra, u bir necha oydan beri uy qamog‘ida qolmoqda.

XS
SM
MD
LG