Линклар

OzodJavobning navbatdagi sonida keksalar va nogironlarni Saxovat" internat uylariga joylashtirish tartib- qoidalari borasida suhbatlashamiz.

Toshkent shahrida yashovchi 1-guruh nogironi bo‘lgan 22 yashar yigit hozirda onasi bilan yashaydi. Ismini ochiqlashni istamagan yigit Ozodlik bilan suhbatda nogironlar uyiga joylashishni istayotgani haqida gapirdi:

“Men 1-guruh nogironiman. 6 yildan beri aravachaga o‘tirib qoldim. Yashashga uy-joyim yo‘q. Ijarada turibman. Toshkentda qayerdadir nogironlar uyi bor ekan. Shu yerga bormoqchi edim. Lekin u yerga qanday borishni, qanday joylashishni bilmayman. Nogironlar uyiga joylashish uchun qanaqa hujjat kerak yoki biror tashkilot joylashtiradimi? Bu haqda hech qanday ma‘lumotim yo‘q. Iltimos shu haqda ma‘lumot bersanglar”, deya iltimos qildi toshkentlik yigit.

Samarqandlik mushtariy esa qariyalar uyida yashash tartib-qoidalari bilan qiziqdi:

“Men g‘aribxona (qariyalar uyi – tahr.)ga joylashmoqchi edim. O‘zim yolg‘iz yashayman. O‘g‘lim Rossiyaga ko‘chib ketgan. Qizim o‘zini turmushi biln. Yolg‘izlikdan hayot zerikarli bo‘lib borayapti. Agar g‘aribxonaga joylashsam, hayotimda quvonch paydo bo‘lar deyapman. Lekin bir tomondan o‘ylayman, balki u yerda hamma narsani cheklab qo‘yishgandir. Balki xuddi turma kabi hamma narsa cheklangandir. U yerdagi hayot haqida bilib bersangizlar”, deya murojaat qildi samarqandlik mushtariy.

Oddiy xalq "g‘aribxona" deb ataydigan qariyalar uyi hozirda “Saxovat” internat uyi deb ataladi.

O‘zbekiston Mehnat va aholini ijtimoiy muhofaza qilish vazirligiga qarashli “Saxovat” uyi keksalar va nogironlarga mo‘ljallangan.

Mazkur vazirlikdan olingan ma‘lumotga ko‘ra, "Saxovat" uyiga O‘zbekistonda doimiy yashaydigan, parvarish qilishi shart bo‘lgan qarindoshlari bo‘lmagan yolg‘iz keksalar qabul qilinadi.

Shuningdek, “Saxovat” uyiga 1- va 2- guruh nogironlari bo‘lgan shaxslar 18 yoshidan boshlab qabul qilinishi mumkin.

Fuqaroni "Saxovat" internat uylariga joylashtirish joylardagi mehnat va aholini ijtimoiy himoya qilish bosh boshqarmalarining buyrug‘i asosida amalga oshiriladi.

"Saxovat" uyiga joylashishish uchun quyidagi hujjatlar taqdim etiladi:

- Ariza;

- Pasport nusxasi;

- Sog‘ligi haqidagi tibbiy hujjat;

- Tuman (shahar) hokimining yolg‘iz shaxs sifatida hisobga olish to‘g‘risidagi qarori nusxasi;

- Agar pensioner bo‘lsa, pensiya guvohnomasining nusxasi;

- 2 ta (6 sm x 4 sm hajmli) fotosurat.

Agar "Saxovat" uyiga nogiron kishi joylashmoqchi bo‘lsa, tibbiy-mehnat ekspert komissiyasi tomonidan berilgan nogironlik to‘g‘risidagi ma‘lumotnomaning nusxasi ham taqdim etiladi.

"Saxovat" uyiga fuqaro quyidagi holatlarda qabul qilinmaydi:

- Har oyda 5 martadan ko‘p tutqanoq sodir bo‘ladigan epilepsiya, muntazam tutqanoqlarga, epileptik maqomga, kun oxiriga borib bo‘shashuvchanlikka, disforiyalarga moyillik;

- Har qanday ruhiy kasalliklar;

- Sil kasalligi;

- Teri va soch kasalliklari;

- O‘tkir yuqumli kasalliklar;

- Salbiy jarayondagi, yomon holatda o‘tadigan shish kasalliklari va retsidivlari;

- Tanosil kasalliklari, OIV yuqqanlar;

"Saxovat" uyiga joylashgan fuqarolarning tibbiy-ijtimoiy ta‘minoti to‘liq davlat tomonidan amalga oshiriladi. Ular bepul ovqat, kiyim-kechak, poyabzal va boshqa zarur narsalar bilan ta‘minlanadi.

Bu yerda yashayotganlar qarindoshlar, tanishlar va do‘stlari bilan uchrashishi, telefon orqali bog‘lanishi, pochta jo‘natmalari olishi va jo‘natishi mumkin.

Ehtiyoj bo‘lganda ular protez-ortopediya buyumlari va reabilitatsiyaning texnik vositalari bilan bepul ta‘minlanadilar.

Shuningdek, ularga pensiya va nafaqalar to‘lanishi mumkin.

Ayni paytda "Saxovat" uyidan tashqariga chiqish faqat raxbariyatning maxsus ruxsati bilan amalga oshirilishi mumkin.

Hozirda deyarli har bir viloyatda "Saxovat" uylari faoliyat ko‘rsatmoqda.

Ayni paytda ruhiyatida sezilarli nuqsoni bo‘lgan I va II guruhlar nogironlari 18 yoshidan boshlab "Muruvvat" internat uylariga joylashishi mumkin. Shunday nuqsonli 4 yoshdan 18 yoshgacha bo‘lganlar esa "Muruvvat" nogiron bolalar internat uylariga joylashtirilishi mumkin.

Urush va mehnat faxriylari uchun Toshkentda respublika pansionati mavjud bo‘lib, agar bu yerda bo‘sh joylar bo‘lsa, faxriylardan tashqari qarovchisi bo‘lmagan keksalar va 18 yoshga to‘lgan I va II guruhlar nogironlari ham qabul qilinishi mumkin.

Shuningdek, qariyaning farzandlari boshqa shahar yoki mamlakatga ishlashga ketsa, uyda unga qaraydigan odam bo‘lmasa, uni mazkur pansionatga joylashtirish mumkin. Bunday holatda tegishli tashkilotlar bilan shartnoma istalgan muddatga tuzilishi va xohlagan paytda shartnoma bekor qilinib, qariya uyiga olib ketilishi mumkin.

Amaldagi tartibga ko‘ra, shartnoma pullik bo‘lib, 1 oyga kamida 500 ming so‘mni tashkil qiladi.

******* **** **** **** *** *** *** *** *** *** *** *** *** ***

Aziz mushtariy¸ agar sizning bugungi savollarga muqobil javoblaringiz bo‘lsa, yoki o‘z tajribangizda sinalgan holatlar bilan Ozodlik olgan javoblarni to‘ldira olsangiz, o‘z fikr-mulohazalaringizni sharh sifatida qoldirishingizni so‘raymiz.

Shuningdek, yana qaysi savollarga javob topishni istaysiz - OzodJavobga murojaat qiling.

Savollaringizni Skype orqali OzodSkype yoki ErkinMikrofon manzillariga yo‘llashingiz mumkin.

Shuningdek, telefon orqali +420 602 612 713 va +420 221 123 381 raqamlariga qo‘ng‘iroq qilib, savollaringizni berishingiz mumkin.

XS
SM
MD
LG