Линклар

logo-print

O‘zbekistonda odamlarni paxta terishga majburlash taqiqlanishi va taqiqni buzganlar jazolanishi kerak. Bir necha huquq tashkilotini birlashtiruvchi Cotton Campaign guruhi O‘zbekistonda paxta terimiga ommaviy safarbarlik e‘lon qilingan bir paytda Toshkent hukumatiga shunday tavsiya bilan murojaat qildi.

O‘zbekistonda hukumat belgilagan paxta rejasini bajarish uchun rasmiylar bu yil ham fermerlarni tazyiq ostiga olib, kattalar va yosh bolalarni po‘pisalar bilan paxta dalalariga hayday boshlagani kuzatilmoqda.

O‘zbekistonda bu kabi zamonaviy qullikni darhol tugatish kerak, deyiladi Cotton Campaign guruhi bayonotida.

- O‘zbekistonda majburiy mehnatni tugatish uchun bu mamlakatda hukumat odamlarni paxta terishga majburlashni butunlay taqiqlashi, bu taqiqni buzganlarni jazolashi kerak. Fermerlarga ishchilarni yollash imkoni berilishi, paxta teruvchilarga mehnatiga loyiq haq to‘lanishi kerak. Mustaqil jurnalistlar va huquq faollariga paxta sektoridagi ahvol bilan tanishishlariga izn berilishi lozim. Shuningdek, paxta sektori isloh qilinib, hukumat paxta soxasiga sarflaydigan harajat va paxtadan ko‘radigan daromadlari haqida Oliy Majlisga hisobot berishi kerak. Biz O‘zbekiston hukumatini shu tavsiyalarga amal qilishga chaqiramiz,- deydi Cotton Campaign guruhi vakili Mettyu Fisher Dali.

Cotton Campaign guruhi vakili, O‘zbekistonda paxtadan ko‘riladigan daromad haqida hatto O‘zbekiston parlamenti ham bexabar qolishi umuman qabul qilib bo‘lmaydigan holdir.

- Mamlakat qishloq xo‘jaligi sektori bu yil ham o‘zbek paxtasidan ko‘riladigan daromaddan yana quruq qolishi tayin. Bu mablag‘lar qayerga ketganini hatto O‘zbekiston parlamenti ham tekshirolmaydi. Bu zamonaviy qullikdir va o‘zbek hukumatigina siyosiy iroda topib, bunga chek qo‘ya oladi,- deydi Cotton Campaign guruhi vakili Mettyu Fisher Dali.

O‘tgan yili O‘zbekiston hukumati xalqaro bosimlar ortidan Xalqaro mehnat tashkiloti mutaxassislarini paxta dalalarida monitoring o‘tkazishlariga ruxsat berdi.

16 yoshgacha bo‘lgan bolalarning paxta terimiga chiqarilishini chekladi. Bu yil ham O‘zbekiston hukumati rasmiylari kollej talabalari va o‘quvchilar paxtaga chiqarilmasligini aytmoqda.

Lekin, O‘zbekiston hukumati paxta planini bajarishni fermerlar zimmasiga yuklar ekan xosilni terib olish davlat xizmatchilari zimmasiga tushmoqda.

Bu yil ham o‘tgan yildagi kabi bir million odamning paxta terimiga majburlanishiga oid xavotirlar bor.

Cotton Campaign guruhi faoliga ko‘ra, O‘zbekistonda hozirdanoq o‘qituvchilar va shifokorlardan paxta terimiga o‘z ixtiyorlari bilan borishlari haqida, majburan, ishdan haydash bilan tahdid qilib, tilxatlar olinmoqda.

Shuningdek, oliy o‘quv yurti talabalarining ota-onalariga ham farzandlarining paxtaga chiqarilishiga rozi ekanliklari haqida til xatlarga imzo chektirilmoqda.

Ozodlik muxbiri ham surishtiruv o‘tkazib, shunday faktlarni aniqladi.

– Paxtaga chiqasizlar, chiqmaganlar ishdan haydalasanlar, deyapti. Paxta termasanglar ariza yozinglar, ishdan ketinglar, sizla ishlamasanglar, ishlaydigan ko‘pa, degan gaplarni aytishadi,- deydi Toshkent Davlat Tibbiyot instituti qoshidagi klinikasining ismini aytmagan xodimi juma kuni Ozodlik muxbiri bilan suhbatda.

Qoraqalpog‘istonda esa yangi o‘quv yili boshlanar-boshlanmas o‘qituvchilar paxta terimiga haydalyapti.

Bu haqda ismi sir qolishini istagan qoraqlpog‘istonlik sobiq maktab direktori shularni aytdi.

- O‘quvchilar bu yil paxtaga chiqarilmaydi. Ularni o‘rniga o‘qituvchilar paxta teradi. Har bir maktabda paxtaga boradigan o‘qituvchilarni ro‘yxati tuzilyapti. Navbatlashib paxtaga chiqishadi, - dedi ismi sir qolishini istagan qoraqalpog‘istonlik sobiq maktab direktori.

Sirdaryoda esa mahalla faollari uchastka militsiya noziri hamroxligida uyma-uy yurib odamlarni paxtaga haydayapti.

- Oiladan bir odam paxtaga chiqishi kerak, deyapti. Majbur ekan, aks xolda shtraf to‘laysizlar, deyapti. Hozir o‘quvchilar chiqmas ekanu, shunga qattalar chiqishi kerak, deyapti,- deydi sirdaryolik Baxtiyor aka.

O‘zbekistonda yiliga paxtadan qariyb 3 yarim million tonna xosil olinadi. G‘arb davlatlaridagi yuzdan ziyod shirkat O‘zbekiston paxta sanoati majburiy mehnatga asoslangani sabab bu mamlakat paxtasiga boykot e‘lon qilgan.

Шарҳларни кўрсатинг

XS
SM
MD
LG