Линклар

O‘tgan hafta Toshkent markazidagi “Komfort-elit” mebel magazinlarining egasi bo‘lgan uch aka-ukadan birining qamoqdan chiqqach olamdan o‘tgani ma‘lum bo‘ldi.

Uch aka-ukadan biri Jasliqda jazo o‘tayotgani va yana biri chet elga qochib ketgani Ozodlik o‘tkazgan jurnalistik surishtiruv davomida ayon bo‘ldi.

37 yashar tadbirkor Najmiddin Abdujabborovning janozasida qatnashgan Ozodlik manbasinig aytishicha, marhum Namangandagi qamoqda sil kasaliga chalingani bois muddatidan oldin ozod qilingan va uyiga kelib olamdan o‘tgan.

Ozodlik manbalarining aytishicha¸ Toshkent markazidagi “Komfort-elit” mebel magazinlari egalari - uch aka-uka Abdujabborovlar 2011 yil bahorida reyderlik tajovuzlariga nishon bo‘lgan:

“Aka-ukalar ochgan “Komfort-elit” do‘koni Toshkentdagi ba‘zi kattakonlarni nazariga tushdi. Keyin ular mahkamaga tortildi. Magazinlar muxrlandi. Magazindagi tovarlar musodara qilindi. Najmiddin va uning katta akasi qamaldi. Shirkatning hisobchisi ham qamaldi. Bitta akasi qochib ketdi.”- deydi Ozodlik manbasi.

Aka-uka Abdujabborovlarni yaqindan bilganlardan biri, O‘zbekiston vazirliklardan birining mulozimi ismi aytilmasligi sharti bilan Ozodlikka ba‘zi ma‘lumotlarni ochiqladi:

“Komfort-elit” do‘koni aka-ukalarniki edi. Akasi Ramziddin 3 yildan beri Jaslikda o‘tiribdi. Yemu obeshchayut chto on ottuda "jivyem" ne viydet. Ukasi Najmiddin Popdagi turmada o‘tirgandi. Soppa-sog‘ bola edi silga chalinib qaytib keldi. Bir hafta oldin to‘satdan o‘lib qoldi. Besh nafar qizi chirillab yurishibdi”, deb ta‘kidlagan suhbatdosh marhum Najmiddin Abdujabborovning biznesi MXXdagi aka-uka Hayot va Javdat Sharifxo‘jayevlarning reyderlik tajovuziga nishon bo‘lganini iddao qildi:

- Ha, ularni xamma biladi. Hayot va Javdot Sharifxo‘jayevlar buyrug‘i bilan bularning biznesi sindirildi. Hatto musodara qilingan mebellarni asllaridan ularga ham tekkanmish. Xozir Hayot va Javdot Sharifxo‘jayevlar ishdan olindi, kamokda deyishadi, lekin uyidan har kuni o‘zining slujebniy mersida chikib ketadi. Hammasi o‘yin, tepani aldashdan boshqa narsamas. Hatto Javdatni xovlisidagi dorojkalarni taftishchilar otboyniy molotoklar bilan ilma-teshik qilib tashlashlarini videoga tushirishganda ham xotinlari kulib, qo‘shnilarga "eto oni dlya otcheta delayut, u nas davno uje vse za kordonom", deganmish. Xalqchilik, endi hamma ko‘rib turibdi shou-baletni. Ularku qutular lekin ularning zulmi bois turmada qolayotgan aka –ukalarning taqdiri ostin- ustin bo‘ldi. Akasi Ramziddinni chiqarishmas ekan¸ umringning oxirigacha o‘tirasan, deyishgan .Lekin Najmiddinni vrachlar bir hafta umri qolgan deyishgandan keyin, turmada o‘lib qolsa bizdan ko‘rishmasin deb, sal oldin uyiga yuborishibdi. Uyda o‘ldi. Uyida besh kizchasini qoldirib ketibdi¸ deydi suhbatdosh.

“Komfort-elit” do‘konida bir muddat ishlagan va o‘zini Sirojiddin, deb tanishtirgan toshkentlik 31 yashar yigit Ozodlik bilan suhbatda aka-uka tadbirkorlar taqdiri nega bunday nihoya topgani borasida aniq xulosaga kelmaganini ta‘kidladi:

- Ularni "Oybek"dagi markaziy eng katta magazinlari bugungacha bo‘m-bo‘sh turibdi. Butun set do‘konlaridagi mollari sud hukmi bilan musodara qilingan. Olib qo‘yilgan. Hozirgacha oilasi hayron nimaga ularni "sindirishganini" sababini tushunisholmaganidan.¸ deydi suhbatdosh.

Rasmiy ayblov

O‘zbekiston Xususiylashtirish, monopoliyadan chiqarish va raqobatni rivojlantirish davlat qo‘mitasidagi Ozodlik manbasining aytishicha¸ 2011 yil mart oyida Toshkentdagi Italiya va Ispaniyadan keltirilgan elita mebellar savdosi bilan shug‘ullanuvchi yirik "Komfort-Elit" do‘konlar tarmog‘i ustidan tekshiruv boshlangan.

Manba ta‘kidiga ko‘ra¸ shirkat rahbariyati davlat g‘aznasidan aylantirib o‘tish yo‘li bilan 6 milliard so‘mdan ziyod (3,6 million AQSh dollari) pulni o‘zlashtirishni rejalashtirganlikda ayblangan.

Suhbatdoshning aytishicha¸ do‘konlardan qayerdan keltirilganini tasdiqlovchi hujjati bo‘lmagan qiymati 10 millard so‘mdan ziyod (6 million AQSh dollari) tovar mahsulotlari musodara qilingan.

"Komfort-Elit" do‘konlar tarmog‘i "Komfort LTD", deb ataluvchi O‘zbekiston-Birlashgan Arab Amirligi qo‘shma korxonasi sifatida namaganlik uch aka-uka Abdujabborovlarga tegishli bo‘lgan.

Bu shirkatga hozirda Jasliqda jazo o‘tayotgan Ramziddin Abdujabborov rahbarlik qilgani ham bildirildi.

Xozirgi kunda "Komfort-Elit" do‘konlar tarmog‘i asli buxorolik yurist Erkin Narziyevga tegishli ekanini Ozodlikning bir-biridan mustaqil ikki manbasi tasdiqladi.

Erkin Narziyev rossiyalik milliarder Alisher Usmonovning singlisi Saodatning qiziga uylangan.

MXX dagi korruptsionerlar muvaffaqiyatli biznesni talan-taroj qilishdi

Frantsiyada qayddan o‘tgan "Markaziy Osiyo Inson huquqlari uyushmasi" rahbari Nadejda Otayeva 37 yashar tadbirkor Najmiddin Abdujabborov o‘limi yuzsidan surishtiruv asnosida MXX dagi korruptsionerlar muvaffaqiyatli biznesni talan-taroj qilishdi, degan xulosaga keldi:

- O‘zbekiston MXXsida muvaffaqiyatli biznesni talan-taroj qilish sistematik ko‘rinish kasb etgan. Bu ularning tirikchiligiga aylangan. Muvaffaqiyatli biznes xuddi estafeta bayroqchasi kabi qo‘ldan qo‘lga o‘tadi. Abdujabborovlar harakati bilan foyda keltiradigan biznesga aylangan "Komfort-Elit" do‘konlar tarmog‘i MXX mulozimlari Hayot va Javdat Sharifxo‘jayevlar tarafidan talon-taroj qilindi va pirovardida kim oshdi savdosi orqali uchinchi qo‘lga o‘tdi, deydi "Markaziy Osiyo Inson huquqlari uyushmasi" rahbari Nadejda Otayeva Ozodlik bilan suhbatda.

"Markaziy Osiyo Inson huquqlari uyushmasi" o‘tkazgan surishtiruv davomida aniqlanishicha, 37 yashar tadbirkor Najmiddin Abdujabborov o‘limidan oldin Namangan viloyati Pop tumanidagi UYa 64/32 koloniyasida jazo o‘tagan. Abdujabborov silga chalinganidan keyin Zarfshondagi qamoqxonaga o‘tkazilgan. O‘limidan sal oldin Toshturmaga olib kelinib, kasalligi bois ozod qilingan.

"Markaziy Osiyo Inson huquqlari uyushmasi" rahbari Nadejda Otayevaga ko‘ra, 37 yashar tadbirkor Najmiddin Abdujabborov reyderlik va qiynoq qurboni bo‘lgan.

MXXda "jiddiy tozalashlar”ketmoqda

Ozodlik manbalarining aytishicha, tadbirkorlar mulkini talon-taroj qilgan MXX xodimlaridan ba‘zilari jazoga tortilgan.

Xavfsizlik xizmati xodimlarining qamalganini iddao qilgan norasmiy manbalarga ko‘ra, MXXda "jiddiy tozalashlar ketmoqda".

Ozodlikka ismi sir qolishi sharti bilan ma‘lumot bergan O‘zbekistonning kuch ishlatar tizimlaridagi manbaning iddao qilishicha, MXXning Ozodlikdan mahrum qilingan 12 xodimi O‘zbekiston Milliy xavfsizlik xizmatidagi eng yosh general Hayot Sharifxo‘jayevning ukasi Javdat Sharifxo‘jayev boshchilik qilgan guruhning a‘zolaridir.

O‘zbekiston Bosh prokuraturasiga yaqin yana bir manba esa MXX raisi o‘rinbosari, general Hayot Sharifxo‘jayevning ukasi Javdat Sharifxo‘jayev ayni damda "ishdan bo‘shatilgani va tergov qilinayotgani"ni iddao qilgan.

XS
SM
MD
LG