Линклар

Шошилинч хабар
19 апрел 2024, Тошкент вақти: 02:28

O‘zbek mehnat muhojiri Rossiya sudida o‘zining haq ekanligini isbotlay oldi


Leningrad oblast sudi O‘zbekiston fuqarosi Zulfiqor Qodirovning Rossiya Federatsiyasi hududida qonuniy mehnat qilayotgani to‘g‘risida qaror chiqardi va uni Xorij fuqarolarini saqlash markazidan ozod qildi. Sud politsiya va Federal migratsiya xizmati xodimlarining o‘zbek muhojiriga nisbatan qilgan harakatlarini noqonuniy, deb topdi.

Joriy yilning 23 iyulida o‘zbekistonlik Zulfiqor Qodirov Leningrad oblasti Volxov shahri ko‘chalaridan birida hujjat tekshirish uchun mahalliy politsiya xodimlari tomonidan to‘xtatilgan.

Muhojir yigit qayddan o‘tgani to‘g‘risidagi hujjatini uyda qoldirgani sababli politsiyachilar tomonidan hibs etilgan va politsiya bo‘linmasiga olib ketilgan, deydi Ozodlik bilan suhbatda hodisa tafsilotlarini gapirib bergan Peterburgdagi “Markaziy osiyolik mehnat muhojirlariga yordam ko‘rsatish jamg‘armasi” rahbari Mahmud Mamatmo‘minov:

- Zulfiqor Qodirov Krasnoye Selodagi markazda 23 iyuldan bo‘lgan. Uning ukasi bizga ba‘zi kishilar tavsiyasi bilan murojaat qilgan. U bizga politsiya xodimlarining noto‘g‘ri harakatlarini tushuntirib berdi. Oddiy ishchi ekan. Bizning jamg‘armaga bo‘lgan bunday murojaatlarni, arizalarni ko‘rib chiqib, uni befarq qoldira olmaymiz, deydi Mahmud Mamatmo‘minov.

Jamg‘arma raisi Volxov shahar sudi Zulfiqor Qodirovda hujjatlari joyida ekani to‘g‘risidagi iddaolarini inobatga olmasdan, o‘z qarori bilan uni Rossiya Federatsiyasi hududida yashash qoidalarini buzganlikda aybdor deb topdi, deydi.

Biroq, sudning bu qaroridan norozi bo‘lgan Qodirov Peterburgdagi Muhojirlarga ko‘maklashish jamg‘armasiga murojaat qilgan va tashkilot advokatlari yordamida sudga appelyatsiya arizasi bilan murojaat qilgan. Himoyachilar Leningrad viloyat sudida Zulfiqor Qodirov hibs etilgan paytda Rossiya hududida qonunan yashab kelgani to‘g‘risida inkor etib bo‘lmaydigan isbot-dalillarni keltirgan. Ma‘lum bo‘lishicha, o‘zbek muhojiri Rossiya hududida yashashga ruxsatnomasini qonuniy yo‘l bilan “Yagona migratsiya markazida” uzaytirgan va 2015 yilning 19 apreligacha haqiqiy bo‘lgan ishga ruxsatnomaga ega bo‘lgan.

Shuningdek, sudda himoyachilar hibsga olingan Qodirovga politsiya bo‘linmasida Rossiya Federatsiyasi qonunchiligida belgilangan tarjimon taqdim etilmagan. Natijada, rus tilini yaxshi bilmagan migrant o‘z fikrini nazorat idoralari xodimlariga aniq-tiniq tushuntira olmagan.

Olib borilgan sud-surishtiruv natijasida o‘zbekistonlik Zulfiqor Qodirovning shikoyat arizasi Leningrad viloyat sudi tomonidan qondirildi. Shu tariqa, sud Volxov politsiyasi va Migratsiya xizmati xodimlari noqonuniy tarzda o‘zbekistonlikni hibsga olgani va javobgarlikka tortilgani o‘z isbotini topdi.

“Markaziy-osiyolik mehnat muhojirlariga yordam ko‘rsatish jamg‘armasi” raisi Mahmud Mamatmo‘minov politsiya yoki FMS xodimlari nohaqligi aniq bo‘lgan vaziyatlardagina sud tortishuvlariga aralashishni tavsiya qildi.

- Lekin bu “Bo‘larkanu!”, degan gap emas: odamlarimiz bunga ishonib qolmasin. Bu yerda yo politsiya xodimi yoki FMS xodimi nohaqlik qilib, biror yerda xato qilib nohaqlik tufayli u odamga zapret bosilayotgan bo‘lgan taqdirda bu ishni yutib chiqish mumkin. Yo bo‘lmasa bu odam uni hibs etganlarga rus tilida o‘z holatini tushuntirib bera olmagan bo‘lsagina biz isbotlab olib chiqyapmiz, dedi huquq himoyachisi Mahmud Mamatmo‘minov.

Jamg‘arma raisi barcha hujjatlari joyida bo‘lgan markaziy osiyolik fuqarolargagina sud mahkamasida yordam ko‘rsatish imkoni borligini yana bir bor eslatib qo‘ydi.

Ta‘kidlash joyizki, Sankt-Peterburg shahar sud pristavlari 2013 yilning o‘zida 1700 nafar mehnat muhojirini Rossiya tashqarisiga chiqarib yuborgan. Badarg‘a qilingan shaxslarning asosiy qismi – Rossiyaga mehnat qilgani kelgan O‘zbekiston fuqarolaridir.

XS
SM
MD
LG