Линклар

Шошилинч хабар
29 март 2024, Тошкент вақти: 19:51

Munisa Rizayevaning ma‘muri tovlamachilikda gumonlanmoqda


Iddaolarga ko‘ra, ma‘mur Jahongir xonanda Munisa Rizayevani (suratda) ham "ancha pulga tushirib" ketgan.
Iddaolarga ko‘ra, ma‘mur Jahongir xonanda Munisa Rizayevani (suratda) ham "ancha pulga tushirib" ketgan.

Estrada xonandasi Munisa Rizayevaning ma‘muri Jahongir odamlardan kattagina pul olib, ko‘zdan g‘oyib bo‘lgan. Ozodlik manbalariga ko‘ra, Jahongir Munisa Rizayeva va o‘zbek shou biznesining boshqa ayrim vakillari nomidan “zaklad” olib, xorijga qochib ketgan.

Jahongirning mo‘maygina pul bilan “quyon bo‘lgani” haqida Ozodlikka xonanda Munisa Rizayevaga yaqin kishilardan biri ma‘lum qildi. Uning aytishicha, Jahongir odamlardan pullarni turli bahonalar bilan olgan.

- Odamlardan pul olgan. O‘ziga qarzga, unga-bunga so‘ragan. “U artistni gaplashib beraman, bu artistni gaplashib beraman” deb, hamma odamlardan olgan har xil pullarni.

Ozodlik: Munisaning nomidan ham olganmi pullarni?

- Ha. To‘yga “zaklad” deb olgan-da. Hozir (Munisa) shu pullar evaziga to‘ylarga borib beryapti. Ko‘p joylarga tekinga boryapti. Bir xil joydan 300 (AQSh dollari nazarda tutilmoqda – tahr.) olgan, 200 olgan, - deydi Munisa Rizayevaga yaqin manba.

Ayni paytda suhbatdoshimiz ayrim nashrlarda “Jahongir noyabr oyigacha bo‘ladigan to‘ylar uchun zaklad olib qo‘ygan”i haqida keltirilgan ma‘lumotlar to‘g‘ri emasligi ham qo‘shimcha qildi.

- Sentyabrь oyi oxirigacha olingan, oktabr oyi uchun esa besh-oltita to‘y olingan, - dedi Ozodlik manbasi.

Uning aytishicha, Jahongir ko‘zdan g‘oyib bo‘lganidan keyin unga pul bergan kishilarning ayrimlari sarosimaga tushib, ayrimlari esa g‘azablanib, militsiyaga shikoyat qilgan. Tovlamachilik hidi kelib turgan bu ish yuzasidan xonanda Munisa Rizayeva ham ichki ishlar idoralariga chaqirilgan.

“Bu ishlardan Munisaning xabari yo‘q edi” degan Ozodlik manbasi hozir xonanda ham mazkur ish bo‘yicha jabrlanuvchiga aylanganini aytadi. Chunki, suhbatdoshimizga ko‘ra, Jahongir Munisa Rizayevadan ham juda katta miqdorda pul olgan. Ozodlik manbasi “Jahongir Munisadan qancha pul olgan?” degan savolga javoban aniq bir raqam aytmadi. Biroq, uning ishora qilishicha, Jahongir Munisadan olgan pulga ozroq minilgan ikkita Lasetti olish mumkin edi. Bu pullarni Jahongir xonandadan qarzlarini yopish uchun olgan.

“Munisa Jahongirning qarzlarini to‘lashga majbur emasdi-ku, nega unga pul bergan?” degan savolimizga suhbatdoshimiz quyidagicha javob berdi:

- Obyazanmas edi, lekin Munisa har taraflama to‘g‘ri tushunadigan qiz. “Sharoitim shunaqa, bolalarim bor, jindek yordam bering” deb, iltimos qilgan-da, - deydi Munisa Rizayevaga yaqin manba.

Suhbatdoshimizga ko‘ra, Jahongirning uch farzandi va oy-kuni yaqin bo‘lgan xotini ayni paytda Toshkentda, sobiq ma‘murning o‘zi esa Moskvada ekani taxmin qilinayapti.

XS
SM
MD
LG