Линклар

O‘zbekistonda 2015 yil uchun obuna kompaniyasi boshlandi. Ozodlik manbalariga ko‘ra, o‘zbek mulozimlari o‘qilmas gazetalarni o‘tkazishda sovetlardan ham o‘zib¸ ko‘zi ojiz¸ aqli zaif va o‘qish-yozishni bilmaydigan birinchi sinf o‘quvchilarini ham “Xalq so‘zi” gazetasiga majburan obuna qildirmoqda.

Harf tanimas bolalar ham "Xalq so‘zi" o‘qisin!

Andijon viloyati Asaka tumanidagi birinchi sinf o‘quvchilari gazeta va jurnallarga majburan obuna qilinmoqda, deydi shu tumanda yashovchi o‘zini No‘‘monjon deb tanishtirgan ota-onalardan biri:

- Farzandim birinchi sinfga bordi. Hozir "gazetaga obuna qilamiz" deb bizdan 10 ming so‘mdan yig‘ib olishdi. Bolam endi birinchi sinfga bordi¸ u hali o‘qishni bilmaydiku! Shunday deb aytsak¸ o‘qituvchilar bizga obuna majburiy deb aytdi¸ deydi suhbatdosh.

Suhbatdoshga ko‘ra¸ sinf rahbarlariga yuqoridan “Obuna uchun mana buncha pul topshirishinglar kerak” deb aytilgan va ular bu topshiriqni bajarishga tirishmoqdalar.

Ozodlikka ma‘lum bo‘lishicha¸ nafaqat o‘quvchi¸ balki o‘qituvchilar ham davlat matbuoti nashriga obuna bo‘lishga majburlanmoqda.

Andijon viloyatida yashovchi o‘qituvchi Ravshan Sodiqovga ko‘ra, davriy nashrlarga majburiy obuna o‘qituvchilarga malol kelmoqda:

- Faqat oylikka kun ko‘ruvchi o‘qituvchining cho‘ntagiga zarar. Ikkinchidan, obuna qilingan “Xalq so‘zi” gazetasi o‘qishga arzimaydi. Bu o‘qituvchilarning oyligini barakasini uchirayapti, deydi Ravshan Sodiqov.

Ko‘zi ojizlar ham obunaga majburlanmoqda

Jizzax viloyatidagi ko‘zi ojiz nogironlardan biri ismi sir saqlanishini so‘ragan holda Ozodlikka murojaat qilib¸ gazetalarga obuna qilish uchun pensiyasidan pul olib qolinganidan shikoyat qildi:

- Bizning brayl yozuvida chop qilinadigan “Bir safda” degan jurnalimiz bor. Ikki oyda bir chiqadigan bu jurnalimizga obuna bo‘lganmiz ish joyidan. Lekin nega men “Xalq so‘zi” gazetasiga ham obuna bo‘lishim kerak, buni tushunmadim. Idoramiz boshlig‘iga bu haqda aytsam, qo‘shnilarga ovoz chiqarib o‘qittiring, deydi. Bu nima maynavozchilik¸ ko‘zi ojiz odamning ustidan kulish emasmi bu, deydi jizzaxlik ko‘zi ojiz nogiron.

Uznews.net Internet nashri ham Jizzax vilooyatining Do‘stlik tumanida yashovchi shizofreniya tashxisi qo‘yilgan 38 yashar ruhiy kasalning pensiyasidan obunaga chegirib qolishayotgani haqida yozdi.

Ozodlikka ma‘lum bo‘lishicha¸ nogironlar nafaqalaridan obuna uchun pul chegirib qolish amaliyoti boshqa viloyatlarda ham kuzatilmoqda.

Oddiy o‘zbekistonliklar ta‘kidicha¸ “majburiy obuna” amaliyoti eng avvalo pensionerlarga nisbatan qo‘llaniladi.

Xorazmning Muxomon qishlog‘ida yashovchi pensioner ayol Nazira opa Eshchonovaning Ozodlikka aytishicha, har yilgi obuna mavsumida pochta xodimlari tumandagi deyarli barcha pensionerlarni kamida ikkita gazeta yoki jurnalga obuna bo‘lishga majbur qilishadi.

- Hukumat gazetasiga majburiy obuna qiladi. Keyin yana o‘zingiz xohlab boshqa bir gazetaga obuna bo‘lishingiz kerak, deydi xorazmlik pensioner ayol.

Raznaryadka tizimi

Mamlakatdagi barcha idora va tashkilot ishchi xizmatlari davriy nashrlarga majburiy tarzda obuna qilinmoqda¸ deydi “Matbuot tarqatuvchi” davlat shirkatidagi Ozodlik manbasi:

- Har bitta idoraga raznaryadka berganmiz obuna uchun. Bu raznaryadka ijtimoiy ahamiyatga ega bo‘lgan “Xalq so‘zi” va “O‘zbekiston ovozi” gazetalariga obunani nazarda tutadi. Raznaryadka bajarilishi yuzasidan har o‘n kunda majlis o‘tkazib turibmiz¸ deydi Ozodlik manbasi.

Suhbatdoshga ko‘ra¸ har bitta byudjet tashkiloti¸ eng avvalo hukumat gazetasi, partiyalar gazetalari, undan so‘ng esa¸ o‘z mutaxassisligi bo‘yicha gazetalarga obuna bo‘lishi shart.

Majburiy obuna o‘zbekistonlik iste‘molchilar huquqlari buzilishining yaqqol namunasi sifatida ko‘riladi.

O‘zbekistondagi mavjud qonunlarga ko‘ra, iste‘molchini gazeta-jurnallarga obuna bo‘lishga majburlash mumkin emas.

XS
SM
MD
LG