Линклар

Шошилинч хабар
29 март 2024, Тошкент вақти: 04:44

"O‘zbekiston havo yo‘llari"ning Istanbul idorasi xalqaro aviatsiya qoidalarini buzmoqda


Istanbulning Otaturk xalqaro aeroportida o‘ndan ziyod o‘zbekistonlik yo‘lovchi qo‘lida bileti bo‘la turib, Toshkentga uchadigan o‘zbek uchog‘iga yana qo‘yilmadi. Mutaxassislarga ko‘ra¸ surunkali tus olgan bu amaliyot "O‘zbekiston havo yo‘llari" tomonidan xalqaro normalarning qo‘pol buzilishidir.

Istanbulning Otaturk aeroportidagi "O‘zbekiston havo yo‘llari" shirkati yo‘lovchilarini registratsiyadan o‘tish joyida yana ur-to‘polon.

Ozodlikka yo‘llangan videotasvirda qo‘llarida bilet bo‘la turib, joy qolmagani iddaosi bilan samolyotga chiqarilmagan yo‘lovchilar “O‘zbekiston havo yo‘llari“ shirkati ma‘muri Timur dan izoh talab qilayotgani aks etgan:

- Qayerga boramiz endi shuncha yukimiz bilan. Shuni oldindan telefon qilib aytib qo‘ymaysizlarmi, joy yo‘q deb. Hozir shuncha pul to‘lab qaytib ketishimiz kerakmi endi? deydi norozilik bildirgan o‘zbekistonlik yo‘lovchi videotasvirda.

Ismi sir qolishi sharti bilan Ozodlikka bog‘langan o‘zbekistonliklardan biri bunday to‘polonga shaxsan bir necha marta guvoh bo‘lgani va "O‘zbekiston havo yo‘llari" ma‘muri bilan bunday mojaro so‘nggi oylarda surunkali tus olganini aytadi:

- Men taksichilik qilaman, Otaturk aeroportiga yo‘lovchilarni olib boraman. Hozir ham O‘zbekistonga ketolmay yurishibdi. Biletlari bor qo‘llarida, ketolmay sarson. Vaqtliroq ketkisi kelganlarning pulini olib samolyotga chiqazvorib, boshqa yo‘lovchilarni chuv tushirmoqda. Qolib ketgan o‘zbeklar bilan hech kimning ishi yo‘q, deydi Otaturk aeroportidagi bunday holatga kuniga guvoh bo‘layotgani aytgan o‘zbekistonlik taksi haydovchisi.

Istanbul aeroportida ishlovchi yana bir o‘zbekistonlik yo‘lovchilar uchoqdan qolib ketayotganini tasdiqladi:

- Bir kun qolib ketganlarning hammasini yetishtirib, yetishtirib samolyotga tiqib yuborishga harakat qilishayapti, lekin hali ham shu hol. Kimlarningdir o‘rnida kimlar uchib ketayapti. Shirkat xodimlari "Dodlaringni Toshkentdagi idoraga borib aytinglar", deyapti. Xullas bardak, deydi ismi sir qolishini istagan o‘zbekistonlik.

Ko‘proq bilet sotilgan

Ozodlik muxbiri o‘zbekistonlik yo‘lovchilarning shikoyatlari ortidan “O‘zbekiston havo yo‘llari“ shirkatining Istanbuldagi vakolatxonasiga bog‘landi.

Shirkat xodimlaridan biri o‘zbekistonlik yo‘lovchilarning reysga qo‘yilmayotgani sababini uchqichdagi o‘rinlar sonidan ko‘proq biletsotib yuborilgani bilan izohladi:

- Bilet ko‘proq sotib yuborilgani uchun shunday bo‘ldi. Hozir bu tartibga tushayapti, dedi “O‘zbekiston havo yo‘llari“ shirkati xodimi.

O‘rindiq soni oldindan ma‘lum uchqichga qanday qilib "ko‘proq" bilet sotish mumkinligini “O‘zbekiston havo yo‘llari“ vakili tushuntirishga urindi:

- Har bir havo yo‘llari 15-20 dona biletni ko‘proq sotishga haqqi bor. Faqat "O‘zbekiston havo yo‘llari" shirkati emas, boshqa shirkatlar ham shunday qiladi. Endi hozir nima bo‘layapti, bilet ko‘proq sotib yuborilgani uchun biz oldindan bilet olib qo‘ygan yo‘lovchilarni samolyotga qo‘yib, oxirda olganlarni ortga qaytarishga majbur bo‘layapmiz. Qolib ketgan yo‘lovchilarga uch mahal ovqati bilan mehmonxonadan joy ham berayapmiz, dedi "O‘zbekiston havo yo‘llari" shirkati vakili.

Xalqaro fuqarolik aviatsiyasi uyushmasining Chexiyadagi vakili Radek Ptachek Ozodlik bilan suhbatda havo shirkatlarining uchoqda belgilangandan ko‘proq bilet sotishi standart holat ekanini e‘tirof etgan holda¸ qo‘lida bilet bo‘la turib reysga qo‘yilmagan yo‘lovchilar uchun tovon to‘lashning ham shunday standart ekanini ta‘kidladi:

- Bu standart hol. Agar siz bilet olgan bo‘lsangizu sizning o‘rningiz boshqa yo‘lovchiga sotib yuborilgan bo‘lsa¸ shirkat sizga bir kunlik kechikish uchun 600 yevro miqdorida tovon puli to‘lashi kerak. Bundan tashqari¸ navbatdagi reysga qadar sizni mehmonxona va ovqat bilan ta‘minlashi kerak, deydi Xalqaro fuqarolik aviatsiyasi rasmiysi Ptachek.

"O‘zbekiston havo yo‘llari" uchqichi bortiga qo‘yilmagan o‘zbekistonlik yo‘lovchilar¸ xalqaro talablarga zid ravishda¸ o‘zlariga hech qanaqa tovon puli to‘lanmayotganini aytishmoqda:

- Mehmonxona berishdi, lekin hech qanaqa tovon puli bergani yo‘q. Shu mehmonxonaga yuklar bilan borish va yana aerportga qaytishning o‘zi qancha pulga tushayapti. Ayrimlar shunga ham qiynalib, ertalabki reysni kutib, aeroportning o‘zida qolishayapti, deydi o‘zbekistonlik guvoh.

Pora berganlar uchayapti

Ozodlik suhbatlashgan yo‘lovchilar “O‘zbekiston havo yo‘llari” shirkati xodimlarini korruptsiyada ayblashmoqda.

Ismi sir qolishini istagan o‘zbekistonliklardan biri Istanbul aeroportida "O‘zbekiston havo yo‘llari" shirkati xodimlari samolyotdagi joy uchun yo‘lovchilardan pul olayotganliklarini iddao qiladi:

- Vaqtidan oldin ketmoqchi bo‘lganlardan pul yig‘ayapti. Bular ataylab ko‘proq bilet sotib, pul ishlavolishyapti. Katta pul qilishayapti. Bileti bilan kelgan bechoralar buning jabrini ko‘rayapti, ular aeroportda qolib ketib, pul berganlar haligi shirkatning xodimlarini og‘zini moylab, uchib ketayapti, deydi Ozodlikka gapirgan o‘zbekistonliklarning biri.

O‘zbekiston havo yo‘llari shirkati rasmiysi bu iddaolarni rad qildi.

- Bu bo‘lmagan gap. Aeroportning hamma joyi kameraku, qanaqa pul, qanaqa pora? deya gapni qisqa qildi "O‘zbekiston havo yo‘llari" shirkati xodimi.

Ozodlik Istanbul aeroportida yuzaga kelgan qonunbuzarliklar va unga bildirilayotgan norozilik yuzasidan izoh so‘rab "O‘zbekiston havo yo‘llari" shirkatining Toshkentdagi markaziy idorasiga ham yozma tarzda murojaat qildi¸ lekin hozircha shirkat rasmiylaridan javob bo‘lmadi.

XS
SM
MD
LG