Линклар

Шошилинч хабар
29 март 2024, Тошкент вақти: 17:14

O‘quvchi paxtaga chiqarilmayotir; dars berishga o‘qituvchi yo‘q!


Maktab o‘quvchilariga paxta terimini taqiqlagan O‘zbekiston hukumati¸ ayni paytda o‘qituvchilarni ommaviy paxtaga safarbar etishni boshladi. Ba‘zi maktablarda o‘qituvchilarning 70-80 foizi majburan paxtaga yuborilgani bois¸ Ozodlik manbalariga ko‘ra¸ o‘quvchilar maktabda shunchaki kun o‘tkazib qaytayapti.

O‘zbekistonning paxtakor tumanlaridagi aksariyat maktablar o‘qituvchisiz qolmoqda.

Joylardan Ozodlikning mobil muxbirlari yo‘llayotgan xabarlarga ko‘ra, mahalliy hokimlar buyrug‘i bilan maktab direktorlari o‘qituvchilarning aksariyatini majburan paxta terishga jo‘natmoqda.

Xorazm viloyatining Xonqa tumanidan Ozodlikka shikoyat qilgan o‘qituvchining aytishicha, u bilgan 26, 31, 36, 39-umumta‘lim maktablarining deyarli barcha o‘qituvchilari paxta terimiga jo‘natilgan:

- Agar bizning maktabda 40 ta o‘qituvchi bo‘ladigan bo‘lsa, shuning 70 foizi paxtaga haydalgan. Mutaxassisligi boshqa fan bo‘lgan o‘qituvchilar adabiyotdan ham dars berayapti, matematikadan ham. Dam olish kunlari esa hamma paxtaga chiqishga majbur. E‘tiroz bildirganlarga "Arizangni yoz!" deyishayapti, dedi shaxsi oshkor qilinmasligi sharti bilan Ozodlik muxbiriga bog‘langan o‘qituvchi.

O‘qituvchi paxtaga chiqmaslikning birdan-bir yo‘li o‘z o‘rniga odam yollab yuborish ekanini aytadi:

- Bo‘lmasa o‘rningga odam topu, darsingni o‘taver deyapti direktor. Oyligimizni hasharchiga beradigan bo‘lsak¸ o‘zimiz nima bilan tirikchilik qilamiz? deydi "davlat siyosati" deb taqdim etilayotgan paxtaga majburiy safarbarlik haqida kimga arz qilishini bilolmayotganini ta‘kidlagan bu o‘qituvchi.

Ozodlik Xonqa tumanidagi maktablardan biri direktorining paxta terimi haqida o‘qituvchilar bilan o‘tkazgan yig‘ilishi auidoyozuvini qo‘lga kiritdi. Bu majlisda direktor paxta terimining darsdan ham muhim ekanligini aytadi:

“Bitta darsni uch soatlik qilib ham o‘tib yuborish mumkin. Masalan¸ uch soat musiqa darsi, uch soat rus tili darsi o‘tish mumkin. Endi sharoit shunday bo‘lib turibdi. (Shundan so‘ng direktorning dag‘dag‘ali ovozi eshitiladi – tahririyat). Senlarga davlat hamma narsa qilib bergan bo‘lsa, choy-noningni berib turgan bo‘lsa, paxtangni tortib olib turgan bo‘lsa, oyliging yurib turgan bo‘lsa, yana nima kerak? Ertalab soat 7 da shu yerda hozir bo‘l! 60 ta odam seni kutib turadimi?”, deydi maktab direktori o‘qituvchilar majlisida.

Xorazm viloyati Xalq ta‘limi boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari Bahodir Tillayev Ozodlik bilan suhbatda o‘qituvchilarning ommaviy paxtaga chiqarilayotganini inkor qildi:

- Bo‘lmag‘ur gap bo‘lishi kerak bu. Misol uchun¸ men ham boshqarmaga qarashli internatlarni har kuni paxtaga kuzataman. Soniga qarab 15 protsentini chiqarib berib qo‘yibman. 100 o‘qituvchidan 15 tasi paxtaga chiqadi. 16 ta tashkilotdan 250 odam chiqaraman. Bular darsga xalaqit qilmaydi. Darsi oz o‘qituvchilar bor, agar bugun darsi bo‘lmasa chiqadi, ertaga boshqasi¸ dedi Xalq ta‘limi ma‘suli.

Telefon suhbati davomi quyidagicha kechdi:

Ozodlik: O‘qituvchining ish joyi maktab emasmi, nega endi u dalaga chiqib paxta terishi kerak?

Bahodir Tillayev: Endi nima qilamiz, axir baribir paxtani yig‘ib terib olish kerakda!

Ozodlik: Paxta terish o‘qituvchining vazifasimi?

Bahodir Tillayev: Darsi yo‘q kunlari chiqadi. Keyin moddiy manfaatdorligi bor o‘qituvchilarning, paxta terib pulini oladi. Men ham yakshanba kuni chiqib 50 kilogramm terdim va 12 ming so‘m oldim. Toza havo, boshqarma boshlig‘ining o‘rinbosariman, xohlayman chiqaman, pulini olaman.

Ozodlik: Sizlar o‘z ixtiyorlaring bilan chiqyapsizlarmi yoki viloyat hokimligidan topshiriq bo‘layaptimi?

Bahodir Tillayev: Viloyat hokimligidan ishchi-xizmatchilarning 15 foizi chiqsin¸ degan reja berilgan. Ishchi-xizmatchilar va darsi yo‘q o‘qituvchilar chiqayapti.

Ozodlik: Sizning boshqarmangiz viloyat hokimligiga bo‘ysunadimi yoki Xalq ta‘limi vazirligiga?

Bahodir Tillayev: Buning bir joyi bor. Buni vazirlikning ish rejasiga va o‘quv dasturlariga hech qanday xalaqiti yo‘q. Shu davlatda yashagandan so‘ng¸ hissa qo‘shishi kerak. Paxta yig‘im-terimi biz uchun bayram. Bir oy ichida terib beramiz. Evaziga biz byudjetdan oylik olamiz, maktablar qurilayapti, milliard-milliard dollarlar kelayapti. Kim hissa qo‘shmasligi kerak, kim chetdan qarab turish kerak? Paxta bizning boyligimiz, O‘zbekiston paxta bilan yashayapti. Kiyintirayapti bizni, tug‘ilganda ham paxtadan bo‘lgan oq matoga o‘rab olishadi, o‘lganda ham kafanimiz paxtadan bo‘ladi, dedi Xorazm viloyati Xalq ta‘limi boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari Bahodir Tillayev.

O‘zbekiston Xalq ta‘limi vazirligi matbuot xizmati xodimi Bahriddin Sheraliyev esa Ozodlik bilan suhbatda o‘qituvchilarning paxta terimiga jalb qilinishiga vazirlikning aloqasi yo‘qligini bildirdi:

- Vazirlik tomonidan o‘qituvchilarni paxtaga chiqarish bo‘yicha hech qanday ko‘rsatma bo‘lmagan. Aksincha, hozirgi paxta mavsumi davrida darsdan tashqari mashg‘ulotlarni, to‘garaklarni, sport o‘yinlarini ko‘paytirish tavsiya qilingan. Biz siz aytgan maktablar bo‘yicha tekshiruv o‘tkazamiz, dedi Bahriddin Sheraliyev.

Nukusdagi o‘rta maktablardan birining sobiq direktori O‘rinboy Kamolov Xalq ta‘limi vazirligi ko‘rsatmalarini mahalliy hokimlar sariq chaqaga ham olmasligini aytadi:

- Hozir Qoraqalpog‘istonda ham shu ahvol. Katta maktablardan 60-70 o‘qituvchi paxtaga ketgan. Bu ahvolda bolalar savodsiz bo‘lib qoladi. Vazirlik hech narsa qilolmaydi, chunki haqiqiy xo‘jayinlar mahalliy hokimlar. Shuning uchun 30-40 yil ishlagan direktorlar olib tashlanib, hokimlarning har qanday topshirig‘iga labbay deb turuvchi yosh muallimlarni direktor qilib qo‘yishayapti, deydi O‘rinboy Kamolov.

O‘zbekistonda maktab, bog‘cha, kollej, institut, universitet, shifoxona, zavod-fabrika va boshqa davlat idoralari ishchi-xizmatchilarini yilning to‘rt faslida turli ishlarga majburiy tarzda jalb qilinishi odatiy holga aylangan.

O‘zbekiston hukumati xalqaro bosimlar ostida maktab o‘quvchilarini paxta terimiga majburiy chiqarishni to‘xtatganidan so‘ng, asosiy og‘irlik byudjetdan maosh olib ishlaydigan idoralarning ishchi-xizmatchilari bo‘yniga tushmoqda.

XS
SM
MD
LG