Линклар

Шошилинч хабар
29 март 2024, Тошкент вақти: 18:33

Paxtaga bormaslik narxi kim uchun necha pulga tushmoqda?


O‘zbekiston bo‘ylab yana bir paxta terimi mavsumi mamlakat bo‘ylab yuz minglab talaba¸ vrach¸ o‘qituvchi va ishchi-xizmatchilarni majburiy dalaga haydash bilan boshlandi. Oddiy o‘zbekistonliklarning Ozodlikka ma‘lum qilishicha¸ “miliy boylik” atalmish paxtani terish kabi milliy kampaniyadan qolishning yagona yo‘li – safarbarlikka ma‘sul shaxslarga ular belgilagan miqdordagi porani berishdir.

Bu pora narxi esa¸aytilishicha¸ paxtaga bormaslik oqibatlarining og‘ir-engiliga qarab belgilanmoqda.

Eng qimmat o‘lpon talabaga solinmoqda

O‘zbekiston viloyatlaridagi aksar oliy o‘quv yurtlari¸ poytaxt Toshkentdagi ayrim universtitet va institutlar talabalarni ommaviy ravishda paxtaga yuborishga kirishdi.

Safarbarlik arafasida har bir talabadan “paxtaga bormasam o‘qishdan haydalishga roziman” degan “Kafolat xati” yozdirib olinishiga qaraganda¸ paxtaga bormaslik o‘qishdan haydalish bilan barobar. Aksariyati o‘nlab ming dollar pora berib o‘qishga kirgani iddao qilinadigan talabalar esa¸ paxtani deb o‘qishdan haydalishni istamaydi. Shuncha pulga o‘qishga kirgan¸ yana ozgina xarajatdan qochmasa¸ talabalarning o‘z iqroricha¸ milliy boylikni termaslik imtiyozini sotib olishi mumkin:

- Dolyasini bersangiz¸ qolsangiz bo‘ladi. O‘tgan yili kursdoshlarim 200 dollar bilan paxtadan qolgan edi. Ular paxtaga borishdi¸ o‘sha yerda domlalar bilan kelishib¸ sekin survorishdi. Bu yil narxlar ancha oshgan. Aytishlaricha¸ 500 dan 800 dollargacha. Bitta boyvachcha kursdoshim dekanga 500 berib¸ paxtadan qolganini o‘zi aytdi¸ deydi O‘zbekistondagi oliygohlaridan biri talabasi.

Do‘kondor soliqchini sotib olish yoki do‘konini yopishga majbur!

Jizzax viloyati Zafarobod tumani markazidagi do‘konlardan biri egasining Ozodlikka ma‘lum qilishicha¸ ayni kunlarda tuman soliq idorasi xodimlari do‘konma-do‘kon yurib¸ yo o‘zlariga paxta mavsumidagi har oy uchun 500 ming so‘m pora berishi¸ yoki jarimaga tortilib¸ do‘kondan ajralish va paxta dalasiga haydalish bilan po‘pisa qilmoqda:

- Magazinim bor. Soliqchi har kun kelib¸ 500 ming so‘m so‘rayapti¸ paxtaga deb. Bo‘lmasa¸ magaziningni yopib¸ o‘zingni jarimaga tortaman¸ deb qo‘rqitayapti. Oyiga 500 ming so‘m bersang¸ paxtaga chiqmaysan¸ bo‘lmasa¸ do‘konni yopib¸ dalaga haydayman deydi. Paxta uch oy cho‘zilsa¸ 1¸5 million so‘m soliqchilarga berishim kerak. Bu pulni ularga¸ hech qanaqa hujjatsiz berishim kerak¸ ya‘ni pora¸ deydi zafarobodlik tadbirkor.

Boshlang‘ich sinf bolalariga ham paxta solig‘i solindi

Andijon viloyati Izboskan tuman markazi Poytug‘ shaharchasidagi 2-maktabda boshlang‘ich sinf o‘quvchilariga paxta mavsumida kuniga paxta uchun 5000 so‘m olib kelasizlar¸ bo‘lmasa¸ ota-onalaringiz paxta terib berishi kerak¸ degan talab qo‘yildi¸ deb xabar beradi farzandi shu maktabda o‘qiydigan ota-onalardan biri:

- Maktab yaqinda kapital remontdan chiqdi¸ 20 milliard so‘m sarflab¸ hamma yoqni bezab-tuztishdi. Endigina yangi maktabga ko‘chib kirishdi. Kecha bolam maktabdan shunaqa topshiriq bo‘lgani¸ paxta mavsumidagi har kun uchun kuniga 5000 so‘m olib borishi kerakligini aytib keldi. Bermasak¸ paxtaga chiqishimiz kerak emish. Bu qanaqa topshiriq¸ qanaqa soliq¸ tushunmadim. Buguncha pul berdim¸ lekin nimaligini yaxshilab surishtirib ko‘raman¸ deydi Ozodlik bilan suhbatda izboskanlik ota-onalardan biri.

Suhbat davomida bu manba¸ O‘zbekiston Bosh prokurori Rashid Qodirov ayni shu 2-maktabda o‘qiganini ta‘kidlay turib¸ ota-onalar bosh prokuror maktabida bolalarga paxta “o‘lpon”i solinganini tushuna olmayotganini bildirdi.

Aziz mushtariy¸ Ozodlikning “Paxta-2014” loyihasiga o‘z atrofingizdagi vaziyat¸ xususan¸ davlat va hokimiyat amaldorlari uchun yangi pora manbaiga aylangan "paxta biznesi"dagi narxu navoga oid ma‘lumot¸ surat va videotasvirlarni yo‘llamoqchi bo‘lsangiz¸ WhatsAppdagi +420 724 971 539 raqami bilan bog‘laning; OzodSkype, OzodOvoz va OzodlikOnline Skype manzillariga qo‘ng‘iroq qiling!

XS
SM
MD
LG