Линклар

AQSh prezidenti Suriya va Iroqda zo‘ravonlikni avj oldirayotgan Islomiy davlat guruhiga qarshi kurash strategiyasini e‘lon qildi. 10 sentabr kungi nutqida Barak Obama "g‘irt va oddiy terrorchi" tashkilot deya atagan Islomiy guruhga qarshi xalqaro koalitsiyaga Amerika yetakchilik qilishini bildirdi.

AQSh Prezidenti Barak Obama Suriya va Iroqdagi Islomiy davlat guruhiga qarshi hujum boshlashga tayyorligi va jangari guruh “puturini ketkazib, pirovardida uni yo‘q qilish” maqsadida yuzlab qo‘shimcha AQSh qo‘shinini Iroqqa tashlashni rejalashtirayotganini bildirdi.

- Mamlakatimizga tahdid qilayotgan terrorchilar qayerda bo‘lishidan qat‘iy nazar, ularni ta‘qib qilishimiz haqida aniq aytganman. Bu Suriya hamda Iroqdagi IShIDga qarshi chora ko‘rishda ikkilanib o‘tirmasligimni anglatadi. Prezidentlik vakolatimning asosiy tamoyilidir bu: Amerikaga tahdid qiladigan bo‘lsangiz, hech qayerga qochib qutula olmaysiz,- dedi prezident Obama 10 sentyabrь kuni Oq uyda qilgan chiqishida.

Uning aytishicha, Qo‘shma Shtatlar Islomiy davlat guruhiga qarshi kurashayotgan Iroq va Kurdiston kuchlariga yordam ko‘rsatish uchun u yerga qo‘shimcha 475 nafar AQSh harbiysini jo‘natiladi. Lekin AQSh qo‘shinlari bevosita janglarda ishtirok etmaydi.

Islomiy davlat tashkilotiga qarshi kurash strategiyasini 2001 yil 11 sentabr voqealarining 13 yilligi arafasida e‘lon qilgan Obama, Amerika “terrorchi tahdidini bartaraf qilish uchun tuzilajak koalitsiyaga yetakchilik qiladi”, deya ta‘kidladi.

- Maqsadimiz aniq: keng qamrovli va barqaror aksilterror strategiya orqali IShID puturini ketkazib, pirovardida uni yo‘q qilamiz,- dedi Obama.

Jumladan Suriyadagi nishonlarni ham o‘z ichiga olishi mumkin bo‘lgan “terrorchilarga qarshi sistematik havo hujumlari” strategiyasini e‘lon qilgan Obama, AQSh Kongressini Suriyada Islomiy davlat guruhiga qarshi kurashayotgan kuchlarni tayyorgarlikdan o‘tkazish uchun qo‘shimcha resurslar ajratishga chaqirdi.

Prezident nutqidan avval muxbirlar bilan telefon orqali suhbatlashgan Oq uy ma‘muriyatining yuqori lavozimli vakili bu kuchlarni tayyorgarlikdan o‘tkazish dasturi Saudiya Arabistonida amalga oshirilishini bildirdi. Uning aytishicha, Saudiya hukumati dasturga mezbonlik qilishga rozilik bergan va AQSh harbiylari Suriya hududida mashqlar o‘tkazishiga ehtiyoj bo‘lmaydi.

Obama Iroqqa yuboriladigan AQSh qo‘shinlari “jangovar harakatlarda qatnashmaydi” va “Iroq hududida yana bitta urushga aralashib qolmaydi”, deya alohida ta‘kidladi.

- Bu harakatlarimiz Iroq va Afg‘onistondagi urushlardan farq qilishini Amerika xalqi tushunishini istayman. Amerika jangovar qo‘shinlari o‘zga davlat hududidagi janglarga jalb qilinmaydi. Aksilterror kampaniyasi IShIDni yo‘q qilishga qaratilgan barqaror va muttasil harakatlar, havo hujumiga oid imkoniyatlarimiz va joylardagi hamkorlarimizni qo‘llab-quvvatlash orqali amalga oshiriladi. Jabha oldida turgan hamkorlarimizni qo‘llab-quvvatlab, bizga tahdid qilayotgan terrorchilarni yo‘q qilishga doir bu strategiya yillar davomida Yaman va Somalida sinab ko‘rilgan strategiya bilan bir xildir,- dedi Obama.

Jangari guruhning nomi noto‘g‘ri va noo‘rindir, u “Islomiy” emas, chunki “hech bir din begunoh odamlarning o‘ldirilishini oqlamaydi”, bu tashkilot davlat ham emas, chunki “u hech bir hukumat tomonidan tan olinmagan”, deya eslatdi AQSh rahbari.

- IShID g‘irt va oddiy terrorchi tashkilotdir. Va uning yagona maqsadi o‘z yo‘lida turgan barchani qatliom qilishdir,- dedi Obama.

Oq uy rahbari Islomiy davlat guruhini mag‘lub etish uchun Iroq xalqi va mintaqa mamlakatlarning roli muhimdir, deya ta‘kidladi.

“Amerika qudarti jiddiy o‘zgarishlarni yasashga qodir, lekin iroqliklarning o‘zlari amalga oshirishi kerak bo‘lgan ishlarni ular uchun biz qilib bera olmaymiz ham, mintaqadagi xavfsizlikni ta‘minlashda arab hamkorlarimiz o‘rnini bosolmaymiz ham”, dedi AQSh prezidenti.

XS
SM
MD
LG