Линклар

logo-print

O‘zbek paxtasi Ucell boshiga balo bo‘ldi


TeliaSonera O‘zbekistonda majburiy mehnat evaziga bajariladigan paxta mavsumiga pul berayotgani taajjub uyg‘otmoqda.

TeliaSonera O‘zbekistonda majburiy mehnat evaziga bajariladigan paxta mavsumiga pul berayotgani taajjub uyg‘otmoqda.

TeliaSonera O‘zbekistonda paxta mavsumi davomida majburiy mehnatni rag‘batlantirmoqda. Katta qismi Shvetsiya hukumatiga qarashli TeliaSonera O‘zbekistondagi faoliyati bilan bog‘liq korruptsiya janjali hali bartaraf qilinmay turib yana bir shubhali vaziyatga tushib qolgan ko‘rinadi. O‘zbekistondagi Ucell mobil operatorining paxta yig‘im terimiga homiylik tariqasida 50 ming AQSh dollari ajratishi TeliaSonera kompaniyasining Shvetsiyadagi ayrim haqdorlari tarafidan pora sifatida talqin qilinmoqda.

TeliaSonera O‘zbekistonda paxta mavsumiga homiylik qilayotgani haqida Shvetsiyaning TT agentligi juma kuni xabar qildi. Shved agentligi O‘zbekistondagi “diktatorlik rejimining asosiy eksport mahsuloti” deya atagan paxta yetishtirishda bolalar va kattalarning majburiy mehnatidan foydalanilayotganiga qaramasdan boshi korruptsiya bilan bog‘liq janjaldan chiqmayotgan TeliaSonera paxta mavsumiga 50 ming AQSh dollari miqdorida mablag‘ ajratgani haqida o‘tgan hafta Toshkentga borgan shved investorlaridan biri gapirib bergan.

TeliaSonera mulozimlari bilan birga Toshkentga borgan Folksam sug‘urta kompaniyasining korporativ mas‘uliyat bo‘limi boshlig‘i Karina Lundberg Markov, Ozodlik bilan suhbatda, shved hukumatiga aloqador shirkatning korruptsiyaga aralashganiga doir iddaolarni tekshirayotib, uning O‘zbekistonda majburiy mehnatni rag‘batlantirayotganini aniqlaganidan xayron qolganini aytadi.

- Biz TeliaSonera bilan bog‘liq o‘tmishdagi muammolar haqida surishtirayotib, shirkatning sponsorlik faoliyati haqida so‘radik. Chunki ko‘pincha pora sponsorlik sifatida berilishi hech kimga sir emas. Shunda TeliaSonera paxta mavsumiga homiylik qilayotganini aniqladik va bundan taajjubga tushdik. Chunki O‘zbekistonda paxta mavsumi bilan bog‘liq majburiy mehnat, hatto bolalar mehnatiga doir muammolar haqida Hyuman Rayts Uotch, Xalqaro Amnistiya kabi ishonchli manbalar yillar davomida aytib keladi,- deya taajjubini yashirmaydi Lundberg Markov xonim.

TeliaSonera-ning bir foizlik ulushiga egalik qiladigan Folksam sug‘urta kompaniyasi rasmiysi Karina Lundberg Markov katta qismi Shvetsiya va Finlyandiya hukumatlariga qarashli shirkat vakillari vaziyatni O‘zbekistonda paxta mavsumiga hissa qo‘shish majburiy ekani bilan izohlashga urindi, deya davom etadi.

- Ular bizga O‘zbekistonda har bir kompaniya, tashkilot va har bir odam paxta mavsumida qatnashishi majburiy ekani va qandaydir hissa qo‘shishi kerakligini tushintirishga urinishdi. TeliaSonera vakillarining aytishicha, ulardan uchta yo‘ldan birini tanlash taklif qilingan: birinchisi, o‘z ishchilarini paxta tergani yuborish bo‘lgan. Bu yo‘lni ular rad etgan. Ikkinchisi, qandaydir boshqa tashkilotga pul to‘lab, terimchilarni yollash bo‘lgan, buni ham ular rad qilgan. Uchinchi yo‘li esa paxta dalalaridagi terimchilar uchun ovqat va ko‘ngilochar dasturlar harajatini ko‘tarish bo‘lgan. Ular ana shu yo‘lni tanlagan,- deydi Lundberg Markov xonim.

TT agentligi TeliaSonera vitse prezidenti Piter Borsosdan “bu yilgi paxta mavsumida oziq-ovqat sotib olish uchun 50 ming AQSh dollari ajratdik”, degan so‘zlaridan iqtibos keltirmoqda.

Lundberg Markov xonimning Ozodlikka aytishicha, TeliaSonera vakillari 50 ming AQSh dollari miqdoridagi to‘lov qonuniy bo‘lganini isbotlab bera olmagan. TeliaSonera O‘zbekistonda korruptsion faoliyatda aralshgani bilan bog‘liq janjalni barataraf qilmasdan, yana bunday shubhali oldi-berdilarni amalga oshirayotgani tashvishlidir, deya davom etadi Folksam sug‘urta shirkati vakili.

- Men ulardan paxta mavsumiga homiylik qilish majburiy ekanini belgilovchi qonun bormi, deb so‘radim. Lekin TeliaSonera vakillari mazkur oldi-berdi qonuniy ekanini aniq tasdiqlab berisha olmadi. Ular shunchaki, biz shunday qilishga majburmiz, deyishdi xolos. Hamma shunday qilishi kerak, paxta mavsumiga homiylik qilishdan bosh tortgan kompaniya muammolarga uchraydi va hatto mamlakatda biznes qilish imkonidan mahrum bo‘lishi mumkin, degan vajlarni keltirishdi. Bu umuman kurakda turmaydigan bahonadir. Shuning uchun TeliaSonera rahbariyati va boshqaruv kengashidan bu sponsorlik qanchalik qonuniy ekanini yaxshilab tekshirishlarini so‘rayman, deydi TeliaSonera faoliyatini taftish qilishda ishtirok etayotgan Karina Lundberg Markov.

Shvetsiya va Finlyandiya hukumatlariga aloqador shirkat O‘zbekistonda majburiy mehnatni rag‘batlantirayotgani xalqaro inson huquqlari tashkilotlarini ham taajjubga solmoqda. Hyuman Rayts Uotch tashkiloti vakili Endryu Shtrolayn, Ozodlik bilan suhbatda buni dahshatli hol, deya baholadi.

- Ochig‘ini aytsam, bu xabar men dahshatga soldi. Xorij shirkati O‘zbekistonda yillik amaliyotga aylangan bir milliondan oshiq bolalar va kattalar majburiy mehnatini rag‘batlantirishda ishtirok etayotganini tushunish qiyindir. Agar ular O‘zbekiston hukumati tomonidan bunday noqonuniy harakatga majburlanayotgan bo‘lsa, balki ular O‘zbekistonda biznes qilish shartmi, degan savol ustida bosh qotirishlari lozimdir. Ular shundoq ham noqonuniy talablarni so‘zsiz bajarib, inson huquqlari masalasida dunyoda eng mustabid rejim bilan muammolarga tushib qoldi. Endi esa, ular majburiy mehnatni rag‘batlantirishga majburlanmoqda,- deydi Human Rayts Uotch vakili Endryu Shtrolayn.

O‘zbekistonda paxta yetishtirishda majburiy mehnatdan foydalanilishi yillardan beri xalqaro tanqidlarga uchrab keladi. Jahonning 130ga yaqin yirik shirkati o‘zbek paxtasiga boykot e‘lon qilgan.

Joriy yilgi paxta mavsumida ham o‘zbekistonliklar paxta dalalariga majburan haydalayotgani, paxtaga chiqmaslik uchun odamlar katta miqdorda pora berishga majbur bo‘layotgani haqida Ozodlik xabar berib bormoqda.

Ayni paytda Shvetsiya prokuraturasi TeliaSonera O‘zbekistonda biznes qilish imkoni uchun O‘zbekiston prezidentining qizi Gulnora Karimovaga 350 million AQSh dollari miqdorida pora bergani yuzasidan tergovni davom ettirmoqda.

XS
SM
MD
LG