Линклар

Karimov Putindan “oriyentir”ni aniqlashtirishni so‘radi


Dushanbedagi Putin-Karimov uchrashuvi. Surat Kreml rasmiy saytidan olindi.

Dushanbedagi Putin-Karimov uchrashuvi. Surat Kreml rasmiy saytidan olindi.

ShHT Dushanbe sammiti doirasida rossiyalik hamkasbi bilan uchrashgan O‘zbekiston prezidenti Putinga yig‘ilib qolgan savollarga yuzma-yuz o‘tirib javob topish va “qandaydir oriyentir”ni his etish uchun tez-tez uchrashib turishni tavsiya qildi. Ayni paytda bu uchrashuvdan so‘ng 12 sentabr kungi sammit yig‘inida Karimov Ukrainaga nisbatan o‘z “oriyentir”ini e‘lon qildi va Kiyev rahbariyatini Moskva bilan bevosita muzokara boshlashga chaqirdi.

Karimov “yarim soat” uchun o‘pka qildi; Putin “dangasa”larni aybladi

12 sentabr kuni Dushanbeda Shanxay hamkorlik tashkilotiga a‘zo olti davlat – Rossiya¸ Xitoy¸ Qozog‘iston¸ Qirg‘iziston¸ O‘zbekiston va Tojikiston davlat rahbarlarining navbatdagi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.

Mazkur sammit arafasida O‘zbekiston prezidenti rossiyalik hamkasbi bilan uchrashdi.

11 sentabr kuni Dushanbeda bo‘lib o‘tgan O‘zbekiston va Rossiya prezidentlari uchrashuvining jamoatchilik uchun ochiq qismi stenogrammasi Kremlь rasmiy saytida e‘lon qilindi.

Prezidentlar uchrashuvini Putin qisqa¸ odatiy diplomatik protokol tilida boshlagan bo‘lsa¸ Islom Karimov gapni o‘zbekcha mulozamatdan boshlab¸ uning ostiga yashiringan gina-kudurat to‘kib soldi:

“Vladimir Vladimirovich, men bugungi uchrashuvimizdan samimiy xursandman.

Bu yilgi shiddatli voqealar reja va uchrashuvlar¸ hatto o‘tgan yillarda muntazam o‘tkazib kelingan oldindan rejalangan uchrashuvlar jadvalini ham surib yubordi. Ochiq aytaman¸ juda ko‘p savollar to‘planib qolayotgan hozirgi sharoitda¸ bu savollar esa¸ uchrashib¸ fikr almashishga arzigulik¸ uchrashuvlarimiz yanada qadrliroq bo‘lib qoldi.

Rostini aytsam¸ Sizning fikringizga yana bir bor qo‘shilaman¸ bizning uchrashuvlarimiz shaxsan menga yaxshi ozuqa beradi. Bu uchrashuvlar orasidagi vaqt cho‘zilib ketsa¸ men qandaydir o‘zimni yo‘qotib qo‘ya boshlayman. Qandaydir oriyentirni his qilish uchun sizdan javob so‘rashni istayotgan savollar bor.

Yashirib o‘tirmayman¸ Rossiya biz uchun strategik partnyordir. Munosabatlarimiz haqida gapirganda shunchaki rasmiyatchilik uchun bu iborani ishlatadigan odamlar shuni unutmasligini istardim. Buning mohiyati¸ avvalambor tez-tez maslahatlashib turish¸ karaxtlikka tushib qolmaslik¸ oriyentirni yo‘qotmaslik uchun savollarga ko‘proq javob topishni anglatadi¸ deb o‘ylayman.

Shu jihatdan qarasak¸ bizning muntazam uchrashuvlarimiz haqiqatda muntazam bo‘lishi kerak. Savollar bo‘lsa¸ ularni so‘rash va javob olish¸ kerak bo‘lsa¸ muhokama qilish kerak. Balki bu savollarni muhokama qilish har doim ham yoqimli bo‘lmas¸ lekin men bexabarlikda izg‘ib¸ axborotni chekka-chekkalardan izlamaslik uchun bu masalalarning ochiq gapirilishini istayman.

Bugun odam¸ qo‘pol qilib aytganda¸ yolg‘on-yashiq ta‘sirida uzoq qolib ketishi mumkin. Haqiqiy axborot yuzma-yuz gaplashganda olinadi. Qachonki savol berib¸ unga javob olarkan¸ odam o‘zini yaxshiroq tushunib¸ birinchi navbatda oriyentir topadi.

Shuning uchun ham o‘ta bandligingizga qaramay¸ menga aytishlaricha¸ bugungi uchrashuvga faqat yarim soat vaqt ajratganingizga qaramay¸ bu uchrashuvlar¸ yarim soatgina bo‘lsa ham¸ juda ko‘p savol to‘planib qolgani uchun¸ menga ikki baravar foydalidir. ShHT “dala”sida uchrashayotganim uchun sizdan minnatdorman. Bu mutlaq o‘z vaqtida o‘tayotgan uchrashuv¸ hatto aytgan bo‘lardim¸ ayni muddaodir. Rahmat.”

Islom Karimovning bunday ko‘p ma‘noli ginasiga javoban Putin:

- Siz aytgan yarim soat haqida birinchi marta eshitayapman. Aftidan¸ hamkasblarimiz¸ dangasa odamlar¸ o‘zlarining ishlagilari kelmagan. Siz bilan oramizda hech qanday vaqt cheklovi hech qachon bo‘lmagan¸ hozir ham yo‘q¸ bundan keyin ham bo‘lmaydi¸ dedi Kreml rahbari.

Putinning bunday mulozamatiga qaramay¸ ShHT sammitini yoritgan Ozodlik muxbiri Faxriddin Xolbekovning aytishicha¸ bu uchrashuv uzoq cho‘zilmagan.

- Uchrashuv¸ bilishimcha¸ uzoq cho‘zilmadi. Uni tashkillashtirishga aloqador rasmiylarga ko‘ra¸ ancha lanj o‘tgan. Jiddiy gaplar aytilmagan. Koridordagi gaplarga qaraganda¸ Putin Karimovdan qattiq ranjigan. Bu narsani prezidentlar uchrashuvdan so‘ng jurnalistlar oldiga chiqqanda ham his qilish mumkin edi. Orada qandaydir keskinlik bor edi¸ deydi Ozodlik muxbiri.

Karimovning kirish so‘zi sharqona mulozamatdan boshqa narsa emas

Putin va Karimovning ShHT sammiti doirasida o‘tkazgan uchrashuvida aytilganlarni sharhlagan Moskvadagi Karnegi tahlil markazi rahbari¸ taniqli sharqshunos Aleksey Malashenko shunday fikrda:

- Islom Abdug‘aniyevich juda aqlli¸ sharqona va sovetcha odam. Juda ko‘p holatda u bir narsani qilib¸ o‘ylab turib¸ boshqa narsani aytadi. Shu bois¸ uning Putin bilan Dushanbedagi uchrashuvda aytgan gaplarini¸ Rossiyaga nisbatan ko‘rsatgan “nafis muhabbati” u Rossiya o‘zini Ukrainada qanday tutayotganini mutlaq qo‘llamayotgani¸ Putin tashabbusi bilan tuzilgan ittifoqlarga mutlaq qo‘shilishni istamay kelayotgani uchun berilgan shunchaki kompensatsiya deb qabul qilish kerak¸ deydi rossiyalik siyosatshunos Aleksey Malashenko Ozodlik bilan suhbatda.

Karimovning birgina kirish so‘zida uch marta “oriyentir”ni aniqlab olish kerakligi haqidagi ta‘kidi¸ rossiyalik tahlilchi fikricha¸ birinchi galda¸ Rossiyaning Ukraina mojarosidagi roliga taalluqlidir:

- Karimovning oriyentir haqidagi gaplari¸ menga¸ Ilhom Aliyev¸ Serj Sarkisyan va Putinning Sochidagi uchrashuvini eslatdi. Putin Sarkisyanga qarab “Qani ochig‘ini aytingcha¸ ishlar qalay o‘zi?” deganda Sarkisyan unga javoban “Siz ham bizga Ukrainada nima qilayotganingizni ochiq aytib bering!” dedi. Karimov ham “oriyentir”ni aniqlashtirib olaylik¸ der ekan faqat bir narsani – Ukrainadagi vaziyatni nazarda tutayapti. Bu gapning tagida ham¸ ustida ham “Janoblar¸ Ukrainada haddilaringdan oshib ketdinglar. Biz sizlarga umuman ishonmay qo‘ydik. Ukrainada qilayotganlaringiz postsovet hududida sizlarga obro‘ keltirmadi. Ukrainada katta g‘alabaga erishdik¸ deb o‘ylashga oshiqmanglar. G‘arbni yo‘qotib bo‘ldinglar¸ endi Sharqdan hamkor topish ham juda oson bo‘lmaydi” degan nozik mujda yotibdi¸ deydi rossiyalik siyosatshunos va sharqshunos Aleksey Malashenko.

Karimov Ukrainaga yondashuvida sobit

12 sentabr kuni ShHTning asosiy yig‘inida qatnashchilar Ukrainadagi vaziyatni tilga oldilar¸ Dushanbe deklaratsiyasiga ham bu mojaroni hal qilishga oid o‘z tavsiyalarini kiritdilar.

O‘z nutqida Islom Karimov O‘zbekiston hukumatining 4 mart kuni bu mojaro yuzasidan e‘lon qilgan taklif-tavsiyasini “eng maqbul yechim” deya tilga oldi:

- Biz 5 sentabr kuni Minskda Ukraina mojarosini tinch yo‘l bilan hal qilish bo‘yicha erishilgan kelishuvni qo‘llaymiz. Mojaroni hal etishning eng samarali yo‘li Ukrainadagi qarama-qarshilikni to‘xtatish bo‘yicha to‘g‘ridan-to‘g‘ri muzokara jarayonini o‘tkazish¸ va Ukraina va Rossiya o‘rtasida tinchlikka erishishdir. Agar Ukraina tomoni o‘zini ob‘ektiv tutmoqchi bo‘lsa¸ to‘g‘ridan-to‘g‘ri muzokaralarga erishish lozim. Men boshqa yechimni ko‘rmayapman. Ukraina muammosi yuzasidan bo‘ladigan har qanday muzokara jarayonida Rossiyaning uzoq asrlar davomida shakllangan asl manfaatlari inobatga olinishi kerak. Bu xalqlar uzoq asrlar bo‘yi birga yashab keldi va yaan uzoq asrlar birga yaashydi. Ishonchim komilki¸ ular tinchlikda yashaydilar¸ dedi Dushanbe sammitidagi chiqishida Islom Karimov.

“Ukraina mojarosi yechimida Rossiya manfaatlari inobatga olinishi kerak” degan bayonotga aldanib¸ Islom Karimov Putinga yon bosdi deyish noto‘g‘ri bo‘ladi¸ deb sharhlaydi O‘zbekiston prezidentining ShHT sammitidagi bu bayonotini Aleksey Malashenko:

- Putingayam¸ Medvedevgayam hammasi kundek ravshan – O‘zbekiston Rossiya-Ukraina mojarosi yuzasidan BMTda o‘tkazilgan biror yig‘inda Rossiyani qo‘llamadi. Qo‘llamaydi ham. “Rossiya manfaatlari inobatga olinsin”¸ degan mutlaq aksioma darajasidagi gap¸ Islom Karimovning o‘z qat‘iy siyosatini ozgina xaspo‘shlash uchun qilayotgan yana bir sharqona mulozamati¸ xolos¸ deydi Moskvadagi Karnegi markazi direktori Aleksey Malashenko.

XS
SM
MD
LG