Линклар

Chirchiq shahridan Ozodlikka bog‘langan fuqaro shahardagi akademik litsey direktori ota-onalarga 1-2 kurs talabalari 100 ming so‘mdan, uchinchi kursning paxtaga borishni xohlamagan talabalari 400 ming so‘mdan pul yig‘ib berishi kerakligini aytganini iddao qildi. Suhbatdoshga ko‘ra, direktor 1-2 kurs talabalaridan yig‘iladigan pul ularga dars o‘tadigan o‘qituvchilarni paxtadan olib qolib, o‘rniga odam yollash uchun sarflanishini aytgan. Boshqa viloyatlardan Ozodlikka bog‘langan fuqarolar ham o‘zlari yashaydigan hududda talabalardan pul yig‘ib olinayotganidan shikoyat qildi.

Toshkent viloyatining Chirchiq shahridan Ozodlikka bog‘langan 24 yoshli oliy ma‘lumotli Dilbar o‘z singlisi Chirchiq shahar akademik litseyining ikkinchi kursida o‘qishini, litsey direktori ota-onalarni yig‘ib, 100 ming so‘mdan pul to‘plab berishlari kerakligini aytganini iddao qildi.

Suhbatdoshga ko‘ra, litsey direktori talabalardan yig‘ilgan pul paxtaga borishi kerak bo‘lgan o‘qituvchilar o‘rniga odamni yollash uchun sarflanishini tushuntirgan.

- Litsey direktori paxta masalasi bo‘yicha hamma ota-onani chaqirib, majlis qildi. Majlisga dadamlar bordilar. Yig‘ilishda 1-2 kurs talabalari paxtaga bormasligi, 3-kurs talabalari borishi aytilgan. Keyin 3-kursdagilar bormasa, 400 ming so‘mdan, 1-2 kursdagilar esa 100 ming so‘mdan pul yig‘ib berishlari kerakligi aytilgan.

1-2 kurs o‘qituvchilari paxtaga ketsa, dars o‘tishga o‘qituvchilar qolmas ekan. Shuning uchun 100 ming so‘mdan pul yig‘ishdan maqsad o‘qituvchilarni dars o‘tish uchun olib qolish va paxtaga boshqa odamlarni yollash ekan, - deydi Dilbar.

Unga ko‘ra, ota-onalar pulni shu kunlarda yig‘ib berishlari kerak.

Majlisda qatnashgan ota-onalardan hech kim litsey rahbari aytgan gapga qarshi chiqmagan.

- O‘rtog‘im bilan gaplashgan edim, boshqa viloyatlarda ham kollej va litseylarning 1-2 kurs talabalari paxtaga bormayotgan ekan. O‘rtog‘im boshqa kollejdagi tanishlari bilan gaplashgan ekan, ularga 50 ming so‘mdan pul yig‘ib berish kerakligini aytishibdi. Bu pul yordam va o‘qituvchilar o‘rniga odam yollashga sarflanishini aytishibdi. Bizning litseyda 1-2 kurs talabalariga 100 ming so‘mdan deb aytgan, - deydi Dilbar.

Uning fikricha, o‘qituvchilar paxta terimiga jalb etilmasligi uchun talabalardan shuncha pul to‘lashni talab qilish adolatdan emas.

- Men hayronman. Har bir o‘quvchidan shunchadap pul olsa, qancha bo‘ladi? 1-2 kursda nechta guruh bor? Nahotki shunchadan pul yig‘sa? O‘qituvchilarni paxtadan olib qolishning og‘irligi nima uchun aynan o‘quvchilar zimmasiga tushishi kerak?

Masalan, o‘qituvchilarning 15 foizi paxtaga ketsa, qolgani dars o‘tishi kerak. Menimcha, paxtadagi o‘qituvchilar har 15 kunda almashishi kerak, - deydi Dilbar.

Chirchiqlik suhbatdosh o‘z oilasi litsey direktori aytgan miqdordagi pulni hali to‘lamagani va nima qilishni bilmayotganini qo‘shimcha qildi.

Boshqa viloyatlardan Ozodlikka bog‘langan fuqarolar ham o‘zlari yashaydigan hududda o‘qituvchilarni paxtadan olib qolish uchun talabalardan pul yig‘ilayotganini aytmoqdalar.

Xususan, Andijon viloyatining Izboskan tumanidagi 2-maktabda ham paxta bilan bog‘liq pul yig‘ish tadbiri davom etayotgani iddao qilindi.

Ismi sir tutilishini so‘ragan izboskanlik fuqaro 2-maktabda faqat jurnal bo‘yicha bitta bola kuniga 5000 so‘m pul olib kelishi kerak ekan.

Unga ko‘ra, boshqa sinflardagi har bir o‘quvchiga 1000 so‘mdan pul olib kelishi kerakligi aytilgan.

Ayni paytda bitta sinf paxta terimiga bittadan odam topib berishi majburiy ekan.

5 sentabr kuni Qashqadaryo viloyat hokimligi va Ichki ishlar boshqarmasida majlis o‘tkazgan O‘zbekiston Bosh vaziri Shavkat Mirziyoyev, Ozodlik manbalari yo‘llagan xabarga ko‘ra, bu yilgi paxta terimi mavsumida maktablar, shuningdek, litsey va kollejlarning 18 yoshga to‘lmagan o‘quvchilarini dalaga chiqarmaslik haqida qat‘iy buyruq bergan.

Bosh vazir mamlakat miqyosida oliy o‘quv yurtlari talabalari¸ qolaversa¸ davlat va jamoatchilik tashkilotlari ishchi-xizmatchilarini yoppasiga paxta terimiga jalb qilish haqida ko‘rsatma bergan.

Ushbu ko‘rsatma asosida poytaxt Toshkent va viloyatlarda paxta terimiga ommaviy safarbarlik jarayoni qizib borayotgani aytilmoqda.

XS
SM
MD
LG