Линклар

Paxta terimiga hasharchilarni Toshkentdan Jizzax viloyatiga olib ketayotgan avtobuslardan ikkitasi 14 sentabr kuni avariyaga uchradi. Voqea guvohlarining aytishlaricha, avtobuslardan biri oldinda ketayotgan avtobusning ortidan borib urgan. Haydovchi va hasharchilardan bir necha kishi jarohat olgani aytilmoqda.

Sirdaryo viloyatining Mirzaobod tumani hududida bo‘lgan voqea haqida Ozodlik manbasi xabar berdi:

“Biz yo‘lda ketayotgandik. Avtobuslar avariya bo‘lganligi bois yo‘lda yarim soat to‘xtab qoldik. Avtobuslar Toshkentdan talaba hasharchilarni olib ketayotgan ekan. Ko‘p talabalarning boshi yorilgan, qo‘li singan. Bitta behush yotgan talabani ham ko‘rdik. Avtobus haydovchisining ahvoli og‘ir edi. Ikkita avtobusning oynalari singan, kuzov ichkariga kirib ketgan. Talabalarning ko‘pini oyna siniqlari jarohatlagan”, deya ma‘lum qildi voqea guvohi bo‘lgan Ozodlik manbasi.

Sirdaryo viloyat ichki ishlar boshqarmasining o‘zini tanishtirmagan mulozimi shunday voqea sodir bo‘lganini Ozodlikka tasdiqladi:

“Toshkentdan Jizzaxga hasharchilarni olib ketayotgan avtobuslar kolonnasidagi ikkita avtobus halokatga uchragani rost. Voqea Mirzaobod tumani hududida sodir bo‘lgan. Bitta avtobus oldinda ketayotgan avtobusni orqasidan borib solgan. Haydovchi va bir hasharchi jarohat olib, kasalxonaga yotqizildi. Yengil jarohat olganlarga joyida tibbiy yordam ko‘rsatildi”, dedi ichki ishlar xodimi.

Mulozimning aytishicha, pachaqlangan avtobusdagi hasharchilar boshqa avtobuslarga o‘tqazilib, kolonna ikki soatdan so‘ng yana yo‘lida davom etgan.

Har yili O‘zbekistonda paxta terimi mavsumida ana shu kampaniya bilan bog‘liq noxush hodisalar ko‘p kuzatiladi. O‘tgan yili Ozodlik o‘ziga ma‘lum bo‘lgan 11 ta o‘lim holati haqida xabar bergan edi.

O‘zbekistonda maktab, bog‘cha, kollej, institut, universitet, shifoxona, zavod-fabrika va boshqa davlat idoralari ishchi-xizmatchilarini yilning to‘rt faslida turli ishlarga majburiy tarzda jalb qilinishi odatiy holga aylangan.

O‘zbekiston hukumati xalqaro bosimlar ostida maktab o‘quvchilarini paxta terimiga majburiy chiqarishni to‘xtatganidan so‘ng, asosiy og‘irlik byudjetdan maosh olib ishlaydigan idoralarning ishchi-xizmatchilari bo‘yniga tushmoqda.

XS
SM
MD
LG