Линклар

logo-print

G‘arb davlatlari Suriyadagi xalqaro yordam tashkilotining britaniyalik xodimini qatl etgan “Islomiy Davlat” janggarilariga qarshi kurash choralarini kuchaytirish niyatida. Britaniya fuqarosi Devid Heynsning boshi tanasidan judo qilingani aks etgan videolavha 13 sentabr kuni Internetga qo‘yildi. Janggarilar Iroq shimolida “Islomiy Davlat”ga qarshi urushayotgan kurdlarning peshmerga qo‘shinlariga Britaniya qurol-aslaha etkazib bergani uchun Heyns o‘ch olish maqsadida o‘ldirilganini bildirdi.

Britaniya Tashqi ishlar vazirligi Internetda paydo bo‘lgan mudhish videolavha haqiqiy ekanini aniqlash ustida olib borilayotgan ishlar davom etayotganini ma‘lum qildi.

Britaniya Bosh vaziri Devid Kameron “Islomiy Davlat” janggarilari tomonidan Devid Heynsning qatl etilishi “haqiqiy shaytonning ishi” ekanini aytib, qotillarni tutish uchun Britaniya bor imkoniyatni ishga solishini ta‘kidladi.

- Britaniya xalqi bu “Islomiy Davlat” deb atalgan radikal guruh ekanini bilishi kerak. Bu guruh nafaqat garovdagi britaniyalikni o‘ldirdi, ular Yevropa bo‘ylab va bizning davlatda hujumlar uyushtirishni rejalagan va rejalamoqda, deya bayonot berdi Britaniya Bosh vaziri.

14 sentabr kuni Avstraliya Bosh vaziri Toni Abbott Devid Heyns qatl etilganini keskin qoraladi.

Abbot Avstraliya “Islomiy Davlat”ga qarshi tuzilgan xalqaro koalitsiyaga o‘zining 600 nafar askari va 10 ta jangovar uchqichi bilan hissa qo‘shishini e‘lon qildi.

- Avstraliya AQSh yetakchiligidagi uzoqni ko‘zlagan va mutanosib koalitsiyaga o‘z hissasini qo‘shishga tayyorgarlik ko‘rmoqda. Mazkur koalitsiya Iroqning qonuniy hukumatini dastaklaydi va Yaqin Sharq davlatlari bilan hamkorlikda harakat qiladi, - deya bayon qildi Avstraliya Bosh vaziri.

“Islomiy Davlat”ga qarshi tuzilgan xalqaro koalitsiya AQSh, NATOning aksar davlatlari hamda Fors Ko‘rfazida joylashgan 10 ta arab davlatidan iborat.

Frantsiya prezidenti ma‘muriyati Devid Heynsning qatl etilgani “xalqaro hamjamiyat nima uchun “Islomiy Davlat” guruhiga qarshi safarbar qilinishi kerakligi”ni yaqqol ko‘rsatganini bildirdi.

15 sentabr kuni Frantsiya Iroq bo‘yicha xalqaro anjumanga mezbonlik qilishi rejalangan.

Ayni paytda AQSh Davlat kotibi Jon Kerri xalqaro koalitsiya safini kengaytirish maqsadida Parijga safar qilmoqda.

Assoshieyted press agentligi xabariga ko‘ra, Turkiya NATOdagi ittifoqchilariga turk askarlari jangovar harakatlarda ishtirok etmasligini, terrorchilarga havodan zarbalar berishda NATO uchqichlari Turkiya havo hududidan foydalanishiga ruxsat bermasligini bildirgan.

Bu Turkiyaning Suriya prezidenti Bashar Al-Assad rejimiga qarshi ekani va o‘nlab Turkiya fuqarosi, jumladan, diplomatlari “Islomiy Davlat” janggarilari tomonidan garovga olgani borasida Anqaraning xavotiri kuchayayotgani bilan izohlanmoqda.

Turkiya Fors Ko‘rfazida joylashgan arab davlatlari bilan “Islomiy Davlat” guruhi qoralangan va unga qarshi choralar ko‘rilishi qayd etilgan qo‘shma bayonotni imzolashdan bosh tortganidan so‘ng AQSh Davlat kotibi Jon Kerri va Mudofaa vaziri Chak Heygel o‘tgan hafta Anqaraga tashrif buyurdi.

AQSh prezidenti Barak Obama e‘lon qilgan bayonotda Devid Heynsning qotillarini jazoga tortish uchun Vashington rasmiylari London va koalitsiyaga a‘zo davlatlar bilan birga ishlashi bildirilgan.

Heynsni o‘ldirishdan oldin “Islomiy Davlat” janggarilari amerikalik ikki jurnalist - Jeyms Foley va Steven Sotloffni ham boshini tanasidan judo qilgandi.

Shotlandiyaning Pert shahrida tug‘ilib o‘sgan Devid Xeyns ikki farzandning otasi bo‘lgan.

U o‘tgan yili Suriyada Frantsiyaning ACTED nomli gumanitar tashkilotida ishlayotgan paytda o‘g‘irlab ketilgan edi.

XS
SM
MD
LG