Линклар

Koreyaga turmushga chiqqan o‘zbek ayolni eri ko‘chaga haydadi

  • Ҳурмат Бобожон

Zamira Janubiy Koreyadagi tug‘ruqxonada, yangi tug‘ilgan chaqalog‘i bilan.

Zamira Janubiy Koreyadagi tug‘ruqxonada, yangi tug‘ilgan chaqalog‘i bilan.

O‘tgan yili koreys erkakka turmushga chiqqan toshkentlik 23 yoshli Zamira Janubiy Koreyada yetti kunlik chaqalog‘ini eri tortib olib, o‘zini pasportsiz ko‘chaga haydab yuborganini aytmoqda.

–O‘tgan yil noyabr oyida koreys erkakka ne umidlar bilan turmushga chiqib, Koreyaga ko‘chib kelgan edim. Darrov xomilador bo‘lib, farzandimiz ham tug‘ildi. O‘tgan oy o‘rtalarida farzandimiz tug‘ilishi bilan erim bolani tortib olib, meni ko‘chaga haydab yubordi. Hozir Seuldagi muxojirlarga yordam markazida panoh topganman, - deydi Zamira.

Toshkentning Yunusobodida katta bo‘lgan Zamira oiladagi nochorlik uni o‘zidan o‘n yetti yosh katta koreys erkagiga turmushga chiqishga majbur qilganini aytadi:

- Nochor oiladanman. O‘zbekistonda meni kim oladi sarposiz. Toshkentda bir xonali uyda turamiz. Otam bilan onam ajrashgan. Opacham bor, ukam bor. Qiynalgan oiladanmiz. Hamma qiz bolani umidi bo‘ladiku, men ham turmushga chiqishni xohlab, chiqdim, - deydi Zamira.

Toshkentlik bu ayol so‘nggi yillarda Koreyaga turmushga chiqqan o‘nlab o‘zbekistonlikning biri.

Ular odatda O‘zbekistondagi tanishuv agentliklari yordamida koreys erkaklari bilan nikoh qurib, Janubiy Koreyaga yo‘l olishadi.

-O‘tgan yil iyun oyida vositachi agentlik orqali u bilan ko‘rishib, ZAGSga ariza tashladik. Noyabrga Koreyaga keldim. Kelganimdan keyin bir hafta o‘tib, xomilador bo‘lib qoldim. O‘zi boyvachchaga boraman, deb tegmagandim. Maqsadim oila qurish edi. Kelsam, juda qashshoq oila ekan. Erim bir shirkatda ishlaydi. Qaynonam, qaynotam yoshi katta. Hammamiz bir uyda yashar edik. Kelganimdan qiynalishni boshladim. Ovqatni ham qizg‘anishar edi. Erim pul bermas edi. Bola tug‘ilganidan so‘ng, ko‘p o‘tmay ular bolani olib, menga O‘zbekistonga ketasan endi, deyishdi. Hozir erim ajrashishga ariza bergan. Men Seuldagi muxojirlarga yordam berish markaziga kelishga majbur bo‘ldim. Ular mendan o‘zini foydasi uchun foydalandi, faqat bola uchun, - deydi Zamira.

Toshkentlik Zamira chaqalog‘ini qaytarib olish uchun yordam so‘rab boramagan idorasi qolmaganini aytadi.

Zamiraning ishi bilan yaxshi tanish koreyalik advokat Anfsong Jungning aytishicha, Janubiy Koreyada chet eldan kelin olib oila qurganlar orasida bunaqa mojarolar ko‘p bo‘ladi.

- Hozirgi vaziyatda oilada bola tug‘ilgan. Sud bolani yo onasiga, yo otasiga berish haqida qaror chiqarishi kerak. Lekin bola Koreya fuqarosi bo‘lgani uchun uni bu yerda viza asosida yashab yurgan onasiga berishi ancha mushkul. Bundan tashqari, ona bolani qabul qilib olib, shu yerda qolaman desa ham boshpanasi, fuqaroligi bo‘lishi kerak. Juda murakkab vaziyat. Lekin, bu ayol farzandi Koreya fuqarosi bo‘lgani uchun bu mamlakat fuqaroligini olishi mumkin. Shu asosda farzandini ham olishi mumkin, - deydi Anfsong Jung.

Xorij davlatlarida O‘zbekiston fuqarolari murakkab vaziyatga tushib qolsa O‘zbekistonning shu mamlakatdagi konsulxonalari yordam qo‘lini cho‘zib, huquqiy yordam ko‘rsatishi kerak.

Lekin Zamiraning aytishicha, O‘zbekistonning Janbiy Koreyadagi elchixonasi xodimlari uning ishiga aralasholmasliklarini aytishgan.

- Elchixona aralasholmaymiz, deydi. Advokatlar katta pul so‘rayapti, 4-5 ming dollar. Lekin qanaqa qilib bo‘lsa ham bolamni olmoqchiman. Bolamni olganimdan so‘ng O‘zbekistonga qaytishni ilojisi bo‘lsa qaytib ketaman, - deydi Zamira.

Hozir Zamira Janubiy Koreyaga turmushga chiqqaniga ming pushaymon. U o‘zbekistonlik qizlarga tanishuv agentliklari orqali turmushga chiqishdan oldin ming bora o‘ylab ko‘rishni tavsiya qiladi.

- Boshqa qizlar ham aldanib erga tegib qolmasin deyabman-da. Rosa ko‘p, 1995, 1996 yilda tug‘ilgan qizlar 40-50 yosh erkaklarga tegib ketishyapti. Men ham boshida ishonmasdim. Qiz bolani o‘zi yomon bo‘lsa kerak, deb o‘ylar edim. Menga shunaqa noxaqlik bo‘lganiga bu yerga turmushga chiqqanimga hozir ming afsusdaman, - deydi Zamira.

XS
SM
MD
LG