Линклар

Yakshanba kuni Toshkentdan Sirdaryoga hasharchilarni olib ketayotgan avtobus kolonnasi urib yuborgan yo‘lovchi shifoxonada vafot etdi. Voqea guvohlariga ko‘ra, halok bo‘lgan fuqaro boysunlik mardikor bo‘lib, uni militsiya xodimi quvlagan payti ushbu halokat sodir bo‘lgan.

Halokat 14 sentabr kuni ertalab Toshkent shahri Sirg‘ali tumanida sodir bo‘lgan. Voqeaga guvoh bo‘lgan Ozodlik manbasiga ko‘ra, Sirg‘alining O‘zgarish mavzesida Uzgazoil AYoQSh yaqinida militsiya xodimi quvlagan mardikor yo‘lga yugurib chiqqan payti uni “paxta kolonnasi” urib yuborgan:

“Sirdaryoga paxtaga ketayotgan avtobus kolonnasi odam urib yubordi. Sirg‘alidagi mardikorlar "pyatak"idan yugurib yo‘lga chiqqan yigit halok bo‘ldi. Bu ishda militsiya xodimi ayblanmoqda. Militsiya mardikorni quvlagan va yigit yo‘lga qaramasdan yugurib chiqqan”, dedi voqea tafsilotlaridan xabardor manba.

Toshkent shahar huquq-tartibot idoralaridan olingan ma‘lumotga ko‘ra, Surxondaryoning Boysun tumani Ho‘jatohir qishlog‘idan bo‘lgan mardikor yigit -- 45 yashar Iskandar Soatqulov halokat payti olgan jarohatlari natijasida shifoxonada vafot etgan.

“Toshkent halqa yo‘lidagi Uzgazoil zapravkasi qarshisida ko‘prik oldida Isuzu rusumli avtobus urib yuborgan 1969 yilda tug‘ilgan Soatqulov Iskandar 16-shahar shifoxonasiga yetkazildi. Lekin u jarohatlari natijasida kasalxonada o‘ldi. Avtobus haydovchisi Toshkent viloyati Yangiyo‘l tumanida yashovchi fuqaro bo‘ladi”, dedi huquq-tartibot idoralaridagi Ozodlik manbasi.

Lekin manba militsiya xodimi nima sababdan mardikorni quvlagani sabablarini ochiqlamadi.

Halokat payti avtobus ichidagi hasharchilarga shikast yetmagani aytilayapti.

Hozirda ushbu halokat bo‘yicha tergov-surishtiruv ishlari davom etayapti.

14 sentabr kuni paxta terimiga hasharchilarni olib ketayotgan boshqa bir kolonna ham halokatga uchradi. Toshkentdan Jizzax viloyatiga ketayotgan paxta kolonnasi Sirdaryo viloyatining Mirzaobod tumanida avariyaga uchrashi natijasida haydovchi va hasharchilardan bir necha kishi jarohat olgani aytilmoqda.

Sirg‘alidagi boysunlik mardikorning o‘limi joriy yil paxta mavsumida Ozodlikka ma‘lum bo‘lgan ilk qurbondir.

O‘tgan yilgi paxta mavsumida Ozodlik 11ta o‘lim holati haqida xabar bergan edi.

Jumladan, o‘tgan yilning 21 oktabr kuni 16 yoshli Erkaboy Yo‘ldoshev Xorazm viloyati Urganch tumanining G‘alaba qishloq fuqarolar yig‘ini hududida paxta terayotgan paytda vafot etgan.

18 oktabr kuni Qoraqalpog‘istonning To‘rtko‘l tumani Yonboshqal‘a massivida yashovchi 38 yoshli fermer Safarboy Karimovning jasadi o‘z paxta dalasidagi daraxtga osilgan holda topilgan edi. Manbalarga ko‘ra, fermer paxta rejasini bajara olmayotgani uchun mutasaddilar tomonidan haqorat qilinganidan keyin o‘z joniga qasd qilgan.

30 sentabr kuni Namangan Davlat Universiteti talabalari paxta terayotgan Mingbuloq tumanining Gulbog‘ qishloq fuqarolar yig‘ini hududidagi talabalar yotgan 52-bog‘chada 22 yoshli 4-kurs talabasi J.I. Uychi tumanida yashagan kursdoshi Nuriddin Xoldorovni kaltaklab o‘ldirgan edi.

XS
SM
MD
LG