Линклар

Parijga to‘plangan davlatlar "Islomiy davlat"ga qarshi jipslashishga kelishib oldi


Iroq Prezidenti Fuad Masum va Fransiya Prezidenti Fransua Olland konferentsiya ishtirokchilariga murojaat qildi.

Iroq Prezidenti Fuad Masum va Fransiya Prezidenti Fransua Olland konferentsiya ishtirokchilariga murojaat qildi.

Bugun Parijda Iroq va Suriyada “Islomiy davlat” ekstremist guruhiga qarshi kurash strategiyasiga doir xalqaro anjumanda 30ga yaqin davlat vakillari ishtirok etdi. Konferensiya ishtirokchilari Iroq hukumatiga “Islomiy davlat” guruhiga qarshi kurashda “tegishli” yordam ko‘rsatishga kelishib oldi.

15 sentabr kungi yig‘inda qatnashgan davlatlar qabul qilgan qo‘shma bayonotda “Islomiy davlat” guruhiga qarshi tezkor chora ko‘rish “hayot-mamot masalasidir” deya ta‘kidlangan.

Lekin hujjatda Iroq hukumatiga ko‘rsatiladigan harbiy yordam ko‘lami aniqlashtirilmagan.

Konferensiya ishtirokchilari oldida chiqish qilgan Iroq Prezidenti Fuad Masum o‘z mamlakati hududida “Islomiy davlat” guruhiga qarshi “tezkor” va muttasil havo hujumlarini boshlashga chaqirdi. Agar tezkor chora ko‘rilmasa, jangari guruh safi kengayishi va u yanada kattaroq tahdidga aylanishi mumkin, deya ogohlantirdi Iroq rahbari.

- Biz terrorchilar pozitsiyalariga qarshi muntazam havo hujumlarining davom ettirilishini so‘rayapmiz. Ularning yangi istehkomlarni yaratishiga yo‘l qo‘masligimiz lozim, ular qayerda bo‘lishidan qat‘iy nazar ta‘qib qilishimiz lozim. Ularni moliyaviy manbalardan uzishimiz kerak. Ularning safiga odamlar yollanishiga to‘siq qo‘yuvchi qonunlarni joriy qilishimiz kerak, ularni javobgarlikka tortishimiz kerak va qo‘shni mamlakatlardagi jangarilarning ularning safiga qo‘shilishini to‘xtatishimiz kerak,- dedi Iroq prezidenti.

Yig‘in ishtirokchilariga murojaat qilgan Iroq prezidenti “Islomiy davlat” jangarilarini “banditlar”, deya atab, ular “millat va dinni tozalash” bahonasida genotsid va insoniyatga qarshi jnoyat sodir etomqda, deya ta‘kidladi.

Fransiya Prezidenti Fransua Olland “Islomiy davlat” jangarilari butun dunyoga tahdid solayotgani bois unga qarshi global javob qaytarish ehtiyoji bor, deya bayon qildi.

- Bu terrorchi harakat Iroq va Suriya hududlariga tarqaldi. Bu terrorchi harakat chegaralarni pisand qilmasdan, o‘z davlatini qurish iddaosi bilan chiqmoqda. Bu global tahdiddir. Demak, unga javob ham global bo‘lishi kerak,- dedi Frantsiya rahbari.

Frantsiya harbiy uchqichlari aksilterror harakatlarini qo‘llab-quvvatlash maqsadida 15 sentabrdan Iroq uzra razvedka parvozlarini amalga oshira boshladi.

Frantsiya uchqichlari Iroq va Birlashgan Arab Amirliklari hukumatlari roziligi bilan ABAning Al-Dafra shahridagi havo bazasidan uchirilmoqda.

AQSh Davlat kotibi Jon Kerri Parij anjumanidan avval Yaqin Sharq davlatlari bo‘ylab safar qildi va Fors Ko‘rfazidagi 10ta davlatning jangari guruhga qarshi xalqaro kurashda hissa qo‘shish to‘g‘risidagi va‘dalarini olishga muvaffaq bo‘ldi.

Qo‘shma Shtatlar avgust oyidan beri “Islomiy davlat” istehkomlarini havodan o‘qqa tutib, Iroq hukumatiga yordam ko‘rsatmoqda.

Britaniya ham Qibrisdagi harbiy bazasidan samolyot uchirib, Iroq uzra kuzatuv parvozlarini amalga oshirmoqda, lekin hozircha jangarilarga qarshi bevosita zarba berishdan tiyilib turibdi.

Shu paytgacha faqat Frantsiya Qo‘shma Shtatlar amalga oshirayotgan havo hujumlariga qo‘shilishni taklif qilgan. Lekin frantsuzlar faqatgina Iroq hududidagi “Islomiy davlat” guruhi pozitsiyalarini nishonga olishga rozilik bergan.

AQSh Prezidenti Barak Obama 10 sentabr kuni qilgan chiqishida Vashington Iroqdan tashqari Suriya hududidagi “Islomiy davlat” guruhi istehkomlarini ham havodan nishonga olishni rejalashtirayotganini bildirdi.

14 sentabr kuni AQSh Davlat departamenti rasmiylari arab davlatlarining bir nechtasi Iroq va Suriyadagi “Islomiy davlat” guruhiga qarshi havo hujumlarini amalga oshirishda yordam taklif etganini bildirdi.

Shuningdek, 14 sentabr kuni Avstraliya ekstremist guruhiga qarshi xalqaro kampaniyada ishtirok etish uchun 600 nafar askar va 10ta harbiy uchqich bilan hissa qo‘shishni taklif etdi.

Parij konferentsiyasi arafasida “Islomiy davlat” guruhi Britaniya fuqarosi Devid Heyns boshini tanasidan juda etgan tasvirlangan videoni tarqatdi.

Iyunь oyidan beri Iroq va Suriyada katta hududlarni egallab olgan jangari guruh undan avval ikki amerikalik jurnalist Jeyms Foli va Stiven Sotloffning qatl etgani tasvirlangan viyedoni e‘lon qilgan edi.

“Islomiy davlat” Britaniya Iroq hukumatini qo‘llab-quvvatlashni to‘xtatmasa, yana bir britaniyalikni qatl qilish bilan tahdid qilmoqda.

Bu videolar shu paytgacha xalqaro hamjamiyatning “Islomiy davlat” guruhiga qarshi kurashda hissa qo‘shish va‘dalarini kuchaytirdi xolos.

XS
SM
MD
LG