Линклар

Шошилинч хабар
29 март 2024, Тошкент вақти: 03:24

"LAGMAN HOUSE" kafesi sohibi hibsga olindi, ukasi qidirilmoqda


Toshkentdagi "LAGMAN HOUSE" kafesi sentabr oyi boshida o‘tkazilgan tekshiruvdan keyin yopib qo‘yildi. Ozodlik manbasiga ko‘ra, xo‘randalar orasida mashxur kafening yopilishiga uning sohiblaridan biri diniy ayblovlar asosida qidirilayotgani sabab bo‘lgan.

Toshkent shahrining Farobiy ko‘chasida joylashgan "LAGMAN HOUSE" kafesi 3 sentabr kuni Sanitariya-epidemiologiya stantsiyasi va huquq-tartibot organlari xodimlari tomonidan to‘satdan tekshiruv o‘tkazilganidan keyin yopib qo‘yildi.

Ozodlik manbasiga ko‘ra, kafe sohiblaridan biri Odil hibsga olingan, ukasi Ismoil qochib ketgan.

- 3 sentabr kuni o‘ttiztacha odam kelib, hamma organ vakillari, MXX, IIV, shahar IIB vakillari va uchastkavoylar ham lag‘monxonaga kirishgan. Qayerda nima turishini oldindan bilishgan. Har yili tekshiruvchilar kelib kafe oz vaqtga yopilar edi. Bu safar unaqa bo‘lmadi.

Kafeni Rustam, Odil va Ismoil ismli aka-ukalar yuritishgan. Rustam Turkiya fuqarosi bo‘lib ketib qolganiga ancha vaqt bo‘lgan. Odilni hozir qamab qo‘yishgan. Ismoil lag‘monxona yopilishidan 2-3 kun oldin qochib ketgan, deydi Ozodlik manbasi.

Suhbatdoshga ko‘ra, organ xodimlari "LAGMAN HOUSE" kafesida o‘tkazilgan tekshiruv jarayonini videotasvirga tushirgan, kafening xarajatlari yoziladigan daftarini olib ketishgan.

- Bunaqa joylarga odatda SES tekshiruvi baxona kirishadi. Tekshiruvchilar darrov kassalariga yopishishgan. Kafeda kuniga 5-6 million so‘mlik go‘sht ishlatilgan. Go‘shtning hisob-kitoblari yozilgan daftarni olib ketishgan. Lekin qayerda nima turishini tekshiruvchilar oldindan bilishgan.

Ozodlik manbasi iddaosiga ko‘ra, "LAGMAN HOUSE" kafesini yuritgan uch aka-uka namozxon yigitlar bo‘lgan ammo ular diniy guruhlarga a‘zo bo‘lmagan.

Suhbatdosh fikricha, organ xodimlari Ismoilni diniy motivlar asosida qidirmoqda. Uni topishning iloji bo‘lmagani uchun kafeda tekshiruv o‘tkazish baxonasida akasi Odil hibsga olingan.

- Asosiy maqsad ukasi Ismoilni tutish bo‘lgan. Uni tutishga harakat qilib oqasidan tushishgan. O‘sha kuni Odil ukasi Ismoilning mashinasini haydab chiqib ketgan. Adashib Odilni ushlashgan. Uni qo‘yib yuborishgan paytda Ismoil O‘zbekistondan chiqib ketgan bo‘lgan. Shundan keyin 3 sentabr kuni oshxonani bosishgan. 4 sentabr kuni oshxonaning ishi baxona Odilni olib ketishgan, deydi Ozodlik manbasi.

Hozirda Odilning Toshkent shahar ichki ishlar boshqarmasida hibsda saqlanayotgani taxmin qilinmoqda.

Toshkent shahar ichki ishlar boshqarmasining o‘zini tanishtirmagan xodimi Ozodlik bilan suhbatda "LAGMAN HOUSE" kafesi xo‘jayinlaridagi biri hibsga olingani haqida ma‘lumotga ega emasligini aytdi.

Suhbatdoshga ko‘ra, "LAGMAN HOUSE" kafesida oshpazlar bilan birga 50-60 nafar odam ishlagan. 2003 yildan beri ishlaydigan kafeda bir kunda mingdan ziyod odam ovqatlangani aytilmoqda.

XS
SM
MD
LG