Линклар

logo-print

Tojikistonda soqollilarga qarshi ov boshlanib, huquq-tartibot idoralari ularning soqolini majburan oldirishgacha borayapti. “Soqollilar ovi”dan jabrlangan tojikistonliklar tartib posbonlarining bu xatti-harakatlarini inson huquqlari buzilishi o‘laroq baholamoqdalar. O‘z navbatida, tojik rasmiylari bu borada hech kimga hech qanaqa topshiriq berilmaganini aytayaptilar.

Tojikistonlik Ozod yaqinda soqol qo‘yish-qo‘ymaslik bo‘yicha shaxsan o‘zi qaror bera olmasligini bilib oldi. Xo‘jand bozorida unga duch kelgan mahalliy mirshablar uni militsiya bo‘limiga olib borib, majburan soqolini oldirishdi. Vaholanki, u o‘n yildan beri soqol qo‘yib yurar, doim uni parvarishlar va soqoli uzunligini 3 santimetrdan oshirmasdi.

Ozod o‘z soqoliga nisbatan rasmiylarning bunaqa munosabatini tushuna olmayotganini aytadi. Unga ko‘ra, bozordagi majburiy soqoltaroshlik tufayli oilasi buzilib ketishiga sal qolgan.

- Bozorda yuruvdim, oldimga bir mashina to‘xtab, undan militsiya kiyimidagi bir necha kishi tushib, “bugun tunda qanaqadir soqolli kishi odam o‘ldirib ketdi, sen biz bilan borishing kerak”, deyishdi. Men: “bo‘pti” deb, ular bilan bo‘limga bordim. U yerda barmoq izlarimdan nusxa olishdi, suratga tushirishdi. Keyin bir necha kishi meni boshqa xonaga olib chiqishdi. U yerda soqol olish uchun barcha asboblar tayyorlab qo‘yilgan ekan. Ular qo‘llarimdan mahkam ushlab olishdi. Men ulardan bunday qilmaslikni iltimos qildim, ammo ular: “Ko‘p gapirma” deb, soqolimni ola boshlashdi. Uyga qaytganimda xotinim “imijim o‘zgargani”ni boshqacha tushundi va biz bir necha kungacha gaplashmay yurdik, - deydi Ozod.

Yana soqol o‘stirishni rejalayotgan Ozod o‘zini soqolsiz tasavvur qilolmasligini aytadi.

- Men ko‘p yillardan beri soqol qo‘yib yuraman. Bir marta soqolimni qirib tashlagandim, hamma menga: “Soqolsizlik senga yarashmabdi”, deyishdi. Bundan tashqari, soqol qo‘yish musulmonlar uchun sunnat bo‘lib hisoblanadi, - deydi Ozod.

Mahalliy rasmiylar shubhasi tufayli soqolidan ajralgan Ozod va unga o‘xshaganlar Rossiyada ishlagan paytlarida uzoq yillar soqol qo‘yib yurganlarini, biroq u yerda ularning soqoli bilan hech kimning ishi bo‘lmaganini aytmoqdalar.

Ozodlik suhbatdoshlariga ko‘ra, bu safar ikki oy davom etgan “soqoltaroshlik amaliyoti” asosan poytaxt Dushanbening “Korvon”, “Sultoni Kabir” kabi yirik bozorlarida o‘tkazilgan. Soqolli odamlarni asosan huquq-tartibot idoralari xodimlari tutib yoki ularni tegishli idoralarga chaqirtirib, o‘sha yerda ularni soqoldan mosuvo qilganlar.

Ozodlik radiosi tojik xizmatining manbalariga ko‘ra, ShHTning Dushanbedagi sammiti arafasida o‘tkazilgan va el orasida “Ma‘rakai rishtaroshon” deb nom olgan tadbirlar natijasida 200 chog‘li soqolli kishi ushlangan va ulardan o‘nlaganining soqoli olingan.

- Ular soqol qo‘ygan yosh yigitlarni o‘zlari bilan olib ketadi yoki idoraga borish haqida qo‘liga povestka tutqazadi. Bir savdogar do‘stimni Uyushgan jinoyatchilikka qarshi kurash boshqarmasiga chaqirishib, soqolini qisqartirishga majbur qilishibdi. U: “Soqolimga tegmang, sunnatga xilof ish qilmaylik” desa, “yoshing 40 dan o‘tganidan keyin bemalol o‘stirib yuraverasan soqolingni” deyishibdi, - deydi Dushanbening “Korvon” bozorida savdo qiluvchi ismini aytishni istamagan tadbirkor.

Tojikistonda bu kabi voqealar avval ham kuzatilgan. Ozodlik suhbatdoshlariga ko‘ra, bunday tadbirlar mamlakatda muhim tadbirlar o‘tkazilayotgan paytlarda ayniqsa avj oladi. Bu safar militsiya xodimlarining faollashib qolishiga ShHT sammiti bahona bo‘lgan.

Abdullo ismli boshqa bir suhbatdosh soqol bilan istagan joyiga muammosiz bora olish uchun unga barcha hujjatlaridagi suratlarni soqolli holda tushilgan suratga almashtirishni tavsiya qilganlarini aytadi.

- Albatta biz payg‘ambarimiz sunnatiga amal qilishni xohlaymiz, ammo jamiyat shunaqa bo‘lganidan keyin nima ham qilib bo‘ladi. Ammo hujjatingizdagi suratga soqol bilan tushgan bo‘lsangiz, hech qanaqa muammo bo‘lmasligini aytishyapti. Hamma hujjatlarim tayyor bo‘lganidan keyin soqolimni qo‘yib yuboraman, - deydi Abdullo.

Ijtimoiy tarmoqlarda Dushanbe, Xo‘jand, Istaravshan va Panjakentda o‘nlab odam militsiya kiyimidagi “soqoltaroshlar”dan jabrlanganidan shikoyat qilmoqda.

Muxolifatdagi Tojikiston Islom uyg‘onish partiyasining Panjakent bo‘limi rahbari Sino Hasanzoda hatto Feysbukda sartaroshxona oldidagi turnaqator navbat aks etmish videoni ham qo‘ydi. Unda soqol oldirish uchun navbatda turgan odamlar soqolini qirib tashlashga ularni militsiya xodimlari majburlayotganini e‘tirof etganlar. Biroq soqol qirish tadbirini tanqid qilganlarga javoban Panjakent militsiyasi rahbari Rahmonqul Davlatov “Ozodagon” axborot agentligiga bu soqolli odamlarning xotinlari nihoyat erining yuzini ko‘rishga muvaffaq bo‘lganlari uchun rasmiylarga tashakkur bildirayotganini aytgan.

O‘z navbatida, Tojikiston Ichki ishlar vazirligi matbuot xizmati vakili Jaloliddin Sadriddinov majburan soqol oldirish yuzasidan ularga hech kim shikoyat arizasi bilan murojaat qilmaganini aytmoqda.

XS
SM
MD
LG