Линклар

O‘zbekiston huquq himoyachilari alyansi rahbari Yelena Urlayeva Toshkent viloyatida paxta terayotgan pensionerlar suratlarini matbuotga taqdim qildi. Huquq faoli 15 sentabr kuni viloyatning Yuqori Chirchiq tumanidagi Yangibozor shaharchasiga tutash paxtazorlarda majburan terimga chiqarilgan pensionerlar bilan uchrashganini aytmoqda.

Quyida Yelena Urlayeva bilan suhbatni o‘qishingiz mumkin:

Ozodlik: Alyansingiz tarqatgan foto-xabarga ko‘ra, paxtaga pensionerlarni ham chiqarishgan. Bu suratlarni o‘zingiz oldingizmi?

Paxtaga majburlangan nafaqaxo‘r ayol. Toshkent viloyati

Paxtaga majburlangan nafaqaxo‘r ayol. Toshkent viloyati

Urlayeva: Ha, men o‘zim ularni ko‘rdim va suratga oldim. Keksa yoshdagilarga og‘ir etaklarni ko‘tarish, oftob ostida ishlash qiyin. Biroq, ularni kuniga 70 kg paxta terishga majburlashayapti. Buni bajarmasa, daladan chiqmaydi. Paxta terimi 5 sentyabrda boshlangan. Deyarli hamma hozir terimda. O‘qituvchilar, zavodlar ishchilari, turli tashkilotlar xodimlari. Hamma paxtada.

Ozodlik: Bu nafaqaxo‘rlarni paxtaga kim yubordi?

Urlayeva: Ular Yangibozor shahridagi mahalladan. Ayrimlari homilador kelinlariga ishsizlik nafaqasi to‘lanishi uchun o‘rniga chiqayapti. Ayrimlarini mahallaning o‘zi paxtaga haydayapti. Hammasi majburiy. O‘z xohishi bilan paxtaga boradigan deyarli yo‘q. Faqat mardikorlar o‘z xohishi bilan bormoqda.

Ozodlik: Paxtaga chiqmasa, nafaqasi berilmasligi sharti bilan keksalar jalb qilinishiga guvoh bo‘ldingizmi?

Bola mehnati. Toshkent viloyati - 2014

Bola mehnati. Toshkent viloyati - 2014

Urlayeva: Bunday holatga hali duch kelganim yo‘q.

Ozodlik: Agar paxtaga biror xodim chiqmasa, qanday chora ko‘rilishi mumkin?

Paxta terayotgan bolalar. Toshkent viloyati-2014

Paxta terayotgan bolalar. Toshkent viloyati-2014

Urlayeva: Ularni ishdan haydashi yoki ishida muammolar bo‘lishi mumkin. Shuning uchun o‘zi chiqolmasa, pul berishga harakat qiladi. Bu pullarga ishxonasi mardikor sotib oladi.

Ozodlik: Bunday ishchilarni qonuniy himoya qilishning imkoni bormi?

Urlayeva: Albatta, qonunlar bor. Kattalar kabi, bolalar ham majburan ishga jalb etilmasligi kerak. Ammo, qonunlar amalda yo‘q. O‘zbekistonda paxta kampaniyasi atrofida ajiotaj. Hammani paxtaga haydashayapti. Bugun o‘qituvchi ayol bilan suhbatlashdim. Ilgari u bizga murojaat qilgan edi. U boshqa sohaga o‘tib ishlayotganini aytdi. Ya‘ni, odamlar boshqa ishga o‘tib ketayapti va azoblagan hukumatdan alamzada bo‘lishmoqda, - deydi O‘zbekiston huquq himoyachilari alьyansi rahbari Yelena Urlayeva.

5 sentabr kuni Qashqadaryo viloyat hokimligi va Ichki ishlar boshqarmasida majlis o‘tkazgan O‘zbekiston Bosh vaziri Shavkat Mirziyoyev, Ozodlik manbalari yo‘llagan xabarga ko‘ra, bu yilgi paxta terimi mavsumida maktablar, shuningdek, litsey va kollejlarning 18 yoshga to‘lmagan o‘quvchilarini dalaga chiqarmaslik haqida qat‘iy buyruq bergan.

Bosh vazir mamlakat miqyosida oliy o‘quv yurtlari talabalari¸ qolaversa¸ davlat va jamoatchilik tashkilotlari ishchi-xizmatchilarini yoppasiga paxta terimiga jalb qilish haqida ko‘rsatma bergan.

Ushbu ko‘rsatma asosida poytaxt Toshkent va viloyatlarda paxta terimiga ommaviy safarbarlik jarayoni qizib borayotgani aytilmoqda.

XS
SM
MD
LG