Линклар

MTSning asosiy haqdori Vladimir Yevtushenkov Rossiyada uy qamog‘iga olingani telekom shirkatining O‘zbekistonga qaytish rejalariga ta‘sir qilmaydi. AFK “Sistema” xoldingi xo‘jayini, milliarder Yevtushenkov ustidan ochilgan jinoyat ishining MTS faoliyatiga aloqasi yo‘q, deya bildirdi shirkat rasmiysi Ozodlikka. Ayni paytda, MTS O‘zbekistondagi “Aloqabank”dan kredit so‘rganiga doir xabarni shirkat vakili izohlashdan bosh tortdi. Ikki yil avval O‘zbekistondan haydalgan MTS joriy yil oxiriga qadar o‘z faoliyatini tiklashi kutilmoqda.

Rossiyaning MTS shirkati oradan ikki yil o‘tib O‘zbekiston telekom bozoriga qaytayotgani aynan Vladimir Yevtushenkovning shaxsiy yutug‘i sifatida talqin qilinmoqda. MTS 2012 yilda moliyaviy jinoyatlarda ayblanib, O‘zbekistondan haydalgan paytda Yevtushenkov, Toshkent hukumati bilan kelishib olishi va mamlakatga qaytishi borasida nekbinlik bilan gapirib kelgan.

MTSning asosiy haqdori AFK “Sistema” xoldingi xo‘jayini Vladimir

MTSning O‘zbekistonga qaytayotgani aynan Vladimir Yevtushenkovning shaxsiy yutug‘i sifatida talqin qilinmoqda.

MTSning O‘zbekistonga qaytayotgani aynan Vladimir Yevtushenkovning shaxsiy yutug‘i sifatida talqin qilinmoqda.

Evtushenkovning seshanba kuni Rossiya sudi tarafidan uy qamog‘iga olinishi mobil shirkatining faoliyatiga ta‘sir qilmaydi, deya bildirdi MTS matubot vakili Andrey Solodovnikov Ozodlik bilan suhbatda.

- Kecha MTSning 53,46 foizlik ulushiga egalik qiladigan AFK “Sistema” kompaniyasi direktorlar kengashi raisi (Vladimir Yevtushenkov)ga nisbatan Boshqirdiston Respublikasi yonilg‘i-energiya kompleksiga kiruvchi korxonalarga doir aktsiyalarni noqonuniy legalizatsiya qilish ayblovi e‘lon qilindi. AFK “Sistema” Boshqirdiston yonilg‘i-energiya kompleksi korxonalari aktsiyalari qonuniy va shaffof tarzda sotib olingan, deb hisoblaydi. AFK “Sistema” tergov bilan to‘liq hamkorlik qilmoqda va o‘z pozitsiyasini himoya qilish uchun qonunda belgilangan barcha vositalardan foydalanish niyatidadir. Mazkur tergov MTS guruhi faoliyatiga to‘sqinlik qilmaydi, deya bayon qildi MTS matbuot vakili.

Yevtushenkovning tergovga jalb qilingani MTSning O‘zbekistondagi rejalariga ta‘sir qiladimi, degan savolni janob Solodovnikov javobsiz qoldirdi.

Rossiyaning eng badavlat kishilaridan biri Vladimir Yevtushenkov Rossiya Tergov qo‘mitasi tarafidan Boshqirdiston sobiq prezidenti Murtaza Rahimovning o‘g‘lidan Bashneftь shirkati mulkini noqonuniy tarzda sotib olganlik va uni legalizatsiya qilganlikda ayblanmoqda.

AFK “Sistema” xo‘jayini ustidan ochilgan jinoyat ishini sharhlayotgan rossiyalik tahlichilar gap Rossiya hokimiyatiga yaqin doiralarning Yevtushenkovdan aynan neftь biznesini tortib olish niyati haqida ketayotganini aytmoqda.

Ayni paytda, chorshanba kuni MTS O‘zbekiston hukumati bilan tashkil qilayotgan “Universal Mobile Systems” qo‘shma korxonasi “Aloqabank”dan kredit so‘rab murojaat qilganiga doir xabarlar paydo bo‘ldi.

“Aloqabank” Internet saytida shu yilning 20 sentabr kuni 50,1 foiz ulushi MTS, 49,99 foiz ulushi O‘zbekiston hukumatiga tegishli bo‘lgan “Universal Mobile Systems” mobil shirkatiga kredit ajratish masalasiga bag‘ishlangan yig‘in o‘tishi to‘g‘risida ma‘lum qilindi.

“Aloqabank” MTS-O‘zbekiston qo‘shma korxonasi so‘ragan kredit miqdorini ochiqlagani yo‘q. Bank vakillari Ozodlikning bunga doir savollariga javob berishdan bosh tortdi.

MTS matbuot vakili Andrey Solodovnikov ham shirkat kredit so‘rab murojaat qilgani yoki qancha yordam so‘ragani to‘g‘risidagi savolga javob bermadi.

- Biz bu masalani izohlamaymiz, dedi MTS rasmiysi.

Lekin MTS vakillari Ozodlik bilan mikrofonsiz suhbatlarda shirkatning yangi mobil operatori faoliyati uchun qo‘shimcha sarmoya qilish rejalari yo‘qligini bildirgan. “O‘zbekiston tarafi ma‘lum miqdorda sarmoya yotqizishi borasida kelishuv bor”, degan edi ikki oy avval Ozodlik bilan o‘zaro suhbatda shaxsi sir qolishi istagan MTS mulozimi.

16 sentabr kuni Ozodlik qo‘lga kiritgan hujjatga ko‘ra, yangi ochilayotgan mobil operatori uchun butun O‘zbekiston bo‘ylab atigi ikki yarim million abonent raqami ajratilgan.

MTS vakillari bu hujjatning haqiqiyligini na tasdiqladi, na inkor etdi.

MTSning O‘zbekistondagi sobiq sho‘‘basi "O‘zdunrobita" 2012 yilning iyul oyida katta miqdorda soliqdan bo‘yin tovlash, pul yuvish, mijozlar pullarini noqonuniy o‘zlashtirish va boshqa qonunbuzarliklarda ayblanib, litsenziyasidan mahrum etilgan edi.

Shu yilning iyulь oyida 50,01 foizi MTSga, 49,99 foiz ulushi O‘zbekiston Aloqa, axborotlashtirish va telekommunikatsiya davlat qo‘mitasiga qarashli “Universal Mobile Systems” qo‘shma korxonasini tuzishga doir Murosa bitimi imzolandi.

Murosa bitimiga binoan, ikki tomon o‘zaro da‘volardan voz kechishi ham ko‘zda tutilgan.

Faoliyati to‘xtatilguniga qadar O‘zbekiston telekom bozoridagi eng yirik mobil aloqa operator bo‘lgan MTS 10 millionga yaqin mijozini qo‘ldan boy berdi.

MTS O‘zbekistondagi faoliyati to‘xtatilganidan 1 milliard AQSh dollaridan oshiq zarar ko‘rdi va Sarmoyadorlar o‘rtasidagi kelishmovchiliklarni tartibga soluvchi Vashingtondagi xalqaro markazga bu yuzadan shikoyat qilgan.

XS
SM
MD
LG