Линклар

Gulnora Karimovaning Londondagi matbuot vakili Loksli Rayan O‘zbekiston prezidenti qizi uy qaomg‘ida saqlanayotgani, uning salomatligi yomonlashgani va tibbiy xizmat ko‘rsatilmayotgani, hatto unga yetarli ovqat berilmayotganini aytmoqda. Ozodlikka bergan intervyusida janob Rayan bir kun avval e‘lon qilingan Gulnora Karimova bir guruh kuch ishlatar tizim xodimlarining qo‘pol munosabatiga uchrayotgani tasvirlangan rasmlar sahnalashtirilganiga doir iddaolarni inkor qildi, lekin rasmlar muallifi kim ekanini izohlashdan bosh tortdi.

Londonda joylashgan “Davidson Ryan Dore” konsalting shirkati rahbarlaridan biri Loksli Rayanning aytishicha, seshanba kuni e‘lon qilingan rasmlarda aks etgan manzara bir necha oydan beri uy qamog‘ida qolayotgan Gulnora Karimova har kuni boshdan kechirayotgan qo‘pol munosabatning bir ko‘rinishidir.

- Rasmlarda har kuni ro‘y beradigan hodisa aks etgan. Qo‘riqchilar u yerda 24 soat davomida hozirdir. U, ya‘ni Gulnora Karimova har safar, havo olish uchun yoki ovqat so‘rab, hovliga chiqqanida unga nisbatan ana shunday munosabat ko‘rsatilmoqda. Bu rasmlar qachon va qay vaziyatda olinganini ayta olmayman. Lekin ular bir necha hafta avval olinganini aytishim mumkin. Rasmlarni olgan odamni xavf ostiga qo‘ymaslik uchun boshqa tafsilotlarni ayta olmayman, deydi janob Rayan Ozodlik radiosiga.

Gulnora Karimovaning matbuot vakilidan O‘zbekiston prezidentining qiziga qo‘pol munosabat qilayotgan qo‘riqchilarning rasm olayotgan odam qo‘lidan fotoapparatni tortib olmagani, rasmlarni olishiga ruxsat berib qo‘yganini shubhali emasmi, deb so‘radik.

- (Rasmlarga doir shubhalarga) javoban bir narsani aytishim mumkin, uning yuziga qarab, uning qattiq stres (bosim) ostida emas, deb ayta olasizmi. Bir necha oy davomida mutlaq izolyatsiyada, hech kim bilan gaplasha olmayotgani, menimcha rasmlardan aniq ko‘rinib turibdi,- deydi janob Rayan.

Gulnora Karimovaning fevral oyidan beri uy qamog‘ida qolayotganini iddao qilgan janob Rayanning aytishicha, O‘zbekiston prezidenti qizining do‘stlari va yaqin qarindoshlari “Davidson Ryan Dore” konsalting firmasini bundan uch oy avval yollagan.

Loksli Rayanning yana iddao qilishicha, Gulnora Karimova va 15 yashar qizi Imonning salomatligi yomonlashgan va unga tibbiy yordam ko‘rstilmayotir, hatto yetarli ovqat berilmayotir. Prezident qizining matbuot vakilidan, bu vaziyat uning oilasi, xususan, O‘zbekiston prezidenti va birinchi oilasi undan voz kechganini anglatadimi, deya so‘radik.

- Ko‘rib turganingizdek, u izolyatsiyada saqlanmoqda. O‘tgan safar unga doir video va audio yozuvlar e‘lon qilinganida, uning ertasiga uydagi odamlarning barchasi chiqarib yuborildi. Hozir bilishimizcha, oziq-ovqat ham juda kam hollarda berilmoqda. Uning salomatligi yomonlashgan, qizining yurak xastaligi borligini bilasiz. Unga tibbiy yordam taqdim qilinishi kerak, lekin bunday bo‘layotgani yo‘q. Buning ortidagi sabablar nimada ekanini izohlay olmayman, deydi “Davidson Ryan Dore” konsalting shirkati vakili Loksli Rayan.

16 sentabr kuni Gulnora Karimova uy qamog‘ida, degan iddaolarga ishora qiluvchi navbatdagi rasmlar e‘lon qilindi.

Rasmlardan yaqin o‘tmishda O‘zbekistonning eng qudratli ayoli bo‘lgan Gulnora Karimova bir guruh harbiy kiyimdagi erkaklarning qattiq nazorati ostida qolayotganini tushunish mumkin. O‘zini Karimovaning matbuot vakili, deya atayotgan Loksli Rayan tarqatgan imeylda aytilishicha, rasmlar prezident qizi uy qamog‘ida saqlanayotgan hovlida tushirilgan. Lekin rasmlar sanasi va muallifi matbuot kotibi tarafidan aniqlashtirilmagan.

O‘zbekiston prezidentining to‘ng‘ich qizi fevral oyidan beri uy qamog‘ida qolayotgani aytiladi. Shu oy boshrog‘ida O‘zbekiston Bosh prokuraturasi Gulnora Karimova ustidan jinoyat ishi ochilganini e‘lon qildi.

Bosh prokuratura uni yuzlab milliard so‘m miqdoridagi pullarni o‘margan uyushgan jinoiy guruh a‘zosi, deya atamoqda.

Bosh prokuratura "uyushgan jinoiy guruh" a‘zosi Gulnora Karimovaga nisbatan ehtiyot chorasi ko‘rilganmi, yo‘qmi ochiqlamadi. Lekin prezident qizining o‘zi uy qamog‘ida qolayotgani haqida xabarlarni sizdirib kelmoqda.

Gulnora Karimova O‘zbekistonda jinoiy javobgarlikka tortilishi Yevropaning bir necha mamlakatida prezident Karimovning qizi va uning jinoiy sheriklari, deya ko‘rilayotgan shaxslarga nisbatan tergov davom etayotgan paytga to‘g‘ri kelmoqda.

O‘zbekiston prezidentining to‘ng‘ich qizi Gulnora Karimova va unga yaqin bo‘lgan Rustam Madumarov va Gayane Avakyan Shvetsiya, Shveysariya, Fransiya, Latviya va Hollandiyada pul yuvish, korrupsiya va boshqa moliyaviy jinoyatlarda ayblanmoqda.

XS
SM
MD
LG