Линклар

Шошилинч хабар
28 март 2024, Тошкент вақти: 20:58

Paxtaga bormaslikning jazolanishi qonuniymi?


O‘zbekistonda har yili paxta mavsumida ishchi- xizmatchilar majburiy tarzda dalaga haydaladi. Paxtaga chiqishdan bosh tortgan talaba o‘qishdan chetlatilishi, ishchi esa ishidan ayrilishi holatlari kuzatiladi. Xo‘sh, paxtaga chiqishni istamagan shaxsga nisbatan jazo ko‘rilishi qanchalik to‘g‘ri? OzodJavobning navbatdagi sonida shu savolga javob izlaymiz.

Paxta mavsumi boshlanishi bilan mushtariylardan kelayotgan paxta bilan bog‘liq murojaatlarning keti uzilmayapti.

Jumladan, o‘tgan hafta Ozodlikka murojaat qilgan Xorazm viloyatining Xonqa tumanidagi maktablardan birining o‘qituvchisiga ko‘ra, paxtaga chiqmagan o‘qituvchilarga ishdan bo‘shatish bilan tahdid qilinmoqda:

- Agar bizning maktabda 40 ta o‘qituvchi bo‘ladigan bo‘lsa, shuning 70 foizi paxtaga haydalgan. Mutaxassisligi boshqa fan bo‘lgan o‘qituvchilar adabiyotdan ham dars berayapti, matematikadan ham. Dam olish kunlari esa hamma paxtaga chiqishga majbur. E‘tiroz bildirganlarga "Arizangni yoz!" deyishayapti, dedi shaxsi oshkor qilinmasligi sharti bilan gapirgan o‘qituvchi.

Xorazmdigi oliygohlardan birining talabasi esa paxtaga bormaganlar o‘qishdan haydash bilan qo‘rqitilgani haqida gapiradi:

- Bir oyga deyishyapti. Hamma bosqich talabalarini olib ketishyapti. O‘qish bo‘lmaydi. Hammadan o‘z ixtiyori bilan paxtaga borayotgani haqida tilxatlar ham olishdi. Yozishga qarshilik qilganlar o‘qishdan haydalishlari haqida ogohlantirildi, - dedi xorazmlik talaba.

Paxta kampaniyasiga "start" berilishi bilan nafaqat Xorazmda balki mamlakatning deyarli barcha hududlarida ayni vaziyat kuzatilmayapti.

Ozodlikka 17 sentabr kuni yetib kelgan xabarga ko‘ra, Toshkent viloyatida pensionerlarga pensiya pulini bermaslik bilan tahdid qilinib, ular dalaga haydalgan.

Samarqanddan olingan xabarda esa yosh bolali onalar nafaqa pulini qirqish bilan qo‘rqitilib, paxta terimiga jalb qilingan.

O‘tgan yilgi paxta mavsumida ham paxtaga borishni istamaganlarga tahdid qilinib, hatto paxtaga chiqamagan talabalarni turli bahonalar bilan o‘qishdan chetlatish, ishchilarni esa ishdan bo‘shatish holatlari ham kuzatildi.

Xo‘sh, paxta terimiga chiqishni istamagan fuqaro dalaga bormaslikka haqqi bormi? Agar bormasa, unga jazo tayinlanishi qonuniymi? Ushbu savollarga javob izlab, quyidagi ma‘lumotlarni aniqladik:

Mehnat kodeksining 7-moddasida biron-bir jazoni qo‘llash bilan tahdid qilish orqali ish bajarishga majburlash taqiqlanadi. Aks holda bu MAJBURIY MEHNAT sifatida malakalanadi.

Shu o‘rinda paxta terimiga majburan chiqish MAJBURIY MEHNATga kiradimi, degan savol tug‘iladi.

Ozodlik suhbatlashgan huquqshunoslarga ko‘ra, Mehnat kodeksiga tayanilsa, o‘z ixtiyoriga qarshi ravishda "jazo qo‘llash tahdidi" bilan paxta dalasiga chiqarish, bu majburiy mehnat hisoblanadi. Yuqorida tilga olingan o‘qishdan haydash yoki ishdan chetlatish, nafaqa pulini qirqish kabi tahdidlar bilan kishini paxta terimiga jalb qilish qonunda "jazo qo‘llash tahdid"i hisoblanadi.

Majburiy tarzda dalaga haydashning qanchalik qonunga to‘g‘ri kelishini o‘rgangan Tashabbus huquqiy saytining yuristlari O‘zbekiston qonunchiligida paxta terimiga chiqmaganlik uchun ma‘muriy yoki jinoiy jazo belgilaydigan biror huquqiy hujjatning yo‘qligini aniqlashgan.

Bundan ma‘lum bo‘ladiki, paxtaga bormaslikning jazolanishi qonunga mutlaqo zid hisoblanadi.

Tashabbus yuristlari paxta terimiga majburlangan yoki chiqmagani uchun jazo qo‘llangan holatlar uchun bir qancha huquqiy maslahat berishadi:

- Paxta terimiga chiqishga o‘z ixtiyoriga qarshi majbur qilingan kishi mansabdor shaxsdan qanday qonun hujjatlariga asoslanib ish tutayotgani haqida so‘rashi kerak;

- Tuman, shahar prokuraturasiga paxtaga chiqishga majbur qilishayotgani haqida shikoyat qilish kerak. Shikoyatda sizni qonuniy asossiz mehnat qilishga majburlash amaldagi qonunchilikka qarshi ekanligini bayon etishingiz kerak. Bunda sizni paxtaga chiqishga kim majbur qilayotganini, agar chiqishdan bosh tortsangiz, nima bilan tahdid solayotgani, qaysi kuni tahdid qilgani, qanday tahdid qilgani, agar guvohlar bo‘lsa, kimlar guvoh bo‘lganini yozib, sizni majburiy mehnatga majbur qilayotganlarga qarshi qonuniy chora ko‘rishlarini so‘rashingiz kerak;

- Agar prokuraturaga qilgan shikoyatingiz natija bermasa, shikoyat arizasini sudga topshirish kerak bo‘ladi;

- Agar o‘z haq-huquqlaringizni qonun doirasida samarali himoya qila olishingizga ko‘zingiz yetmasa, albatta, malakali advokat yollashingiz kerak;

***

Shu o‘rinda paxtaga chiqmagani uchun jazolangan fuqarolarning o‘z huquqi uchun kurashib g‘olib chiqqaniga bir necha misol keltirsak:

O‘tgan yili Andijon Davlat tibbiyot institutining paxtaga chiqmagani uchun haydalgan 12 nafar talabasi huquqi uchun kurashib o‘qishga qayta tiklandi, bunga sabab bo‘lgan mansabdorlarga hayfsan berildi.

O‘zbekiston Bosh prokuraturasining “Huquq” gazetasida berilgan xabarda Andijon tibbiyot instituti rektori buyrug‘i bilan talabalar safidan chetlatilgan A.Isakov, D.Mirzayev, A.Hakimov, A.Hoshimov, G‘.Haydarov, I.Ledyayeva, D.Barotov, Z.Sultonov, L.Isayev, U.Qo‘chqorov, J.Kamolov va B.Isomiddinovlar o‘qishga tiklangani ma‘lum qilindi.

Buxorodagi Gumanitar huquqiy markaz rahbari Shuhrat G‘aniyev paxtaga majburan borishdan bo‘yin tovlagan kishilarning huquqlarini himoya qilib, uch marta mahkamada g‘olib chiqqan.

Shuhrat G‘aniyev so‘nggi o‘n yil ichida paxta bois jazolangan bitta maktab o‘qituvchisi, bitta kollej va bitta institut talabasi uchun kurashib, ularning noo‘rin jazolanganini isbotlashga muvaffaq bo‘lgan.

******

Aziz mushtariy, siz o‘zingiz biror marta paxtaga chiqishdan bosh tortganmisiz? Buning uchun sizni jazolashganmi? Qanday jazo berilgan?

Paxtaga bormagani uchun jazo berilgan biror kishini bilasizmi?

Yoki paxtaga chiqmagani uchun jazo berilgan kishi o‘z huquqlarini himoya qilib, g‘olib chiqqanini eshitganmisiz?

Ushbu savollarga javoblaringiz bo‘lsa yoki o‘z tajribangizda sinalgan boshqa holatlar bo‘lsa, marhamat o‘z fikr-mulohazalaringizni shu yerda sharh sifatida qoldirishingizni so‘raymiz.

XS
SM
MD
LG