Линклар

Шошилинч хабар
29 март 2024, Тошкент вақти: 02:24

Rossiya-Ukraina mojarosi O‘zbekiston iqtisodiga ham zarba beradi


Yevropa qayta qurish va taraqqiyot banki e‘lon qilgan yangi hisobotda postsovet hududidagi ikki eng yirik davlat o‘rtasidagi siyosiy tanazzul oqibatlarini bu hududdagi har bir davlat o‘zida his qilishi aytiladi. Tahlilchilarga ko‘ra¸ bu mojaro ortidan Rossiya iqtisodining cho‘kishi¸ Rossiyadagi mehnat muhojirlari yuborayotgan pulga qaram davlatlarda birinchilardan bo‘lib seziladi.

Yevropa qayta qurish va taraqqiyot bankiga a‘zo davlatlar iqtisodidagi o‘sish¸ Rossiya-Ukraina inqirozi ta‘sirida 2014 yilda keskin pastlaydi va bu sho‘ng‘ish 2015 yil davomida sal muvozanatga kelishi mumkin.

Bank e‘lon qilgan yangi hisobot xulosasi shu mazmunda.

Markazi Londonda joylashgan mazkur bank tahlilchilariga ko‘ra¸ Rossiya va Ukraina o‘rtasidagi mojaroning so‘nggi ko‘rinmayotgani¸ Ukrainadagi xavfsizlik vaziyatining o‘ta qaltis bo‘lib qolayotgani postsovet hududidagi davlatlar iqtisodiy o‘sishiga oid bashoratlarni ham mavhumlashtirdi.

Bu bashoratlarni chippakka chiqarayotgan birlamchi omil¸ bank tahlilchilariga ko‘ra¸ “yangi bosh ko‘targan geopolitik tahlikalarga javoban harbiy xarajatlarning muttasil oshib borishi¸ sovet ittifoqi tarqaganidan olingan tinchlik dividentini chippakka chiqarishi mumkin”¸ deyiladi Yevropa qayta qurish va taraqqiyot banki hisobotida.

Harbiy xarajatlarning oshirilishi esa¸ byudjetga yuk bo‘lib tushadi va iqtisodiy tiklanish va islohotlar yo‘liga to‘g‘anoq bo‘ladi¸ degan fikrda xalqaro iqtisodchilar.

“Tinchlik dividentining oradan ko‘tarilishi yaxshiroq hayot orzusida yashayotgan avlod uchun yana bir og‘ir zarbadir”¸ deydi bank bosh iqtisodchisi Erik Berglof.

Postsovet hududidagi o‘z oilasi va bolalariga yaxshiroq hayot taqdim etish uchun mehnat muhojiratiga ketgan va ketayotgan avlod uchun yana bir zarba¸ ish topish mushkulotining kuchayishidir.

Bir tomondan¸ G‘arb sanktsiyalari¸ ikkinchi tarafdan¸ bu sanktsiyalarga nisbatan qo‘llagan o‘z choralari ta‘sirida¸ tahlilchilar fikricha¸ Rossiya iqtisodi jiddiy turg‘unlikka kiradi.

Rossiya shirkatlarining G‘arb banklari va xalqaro sarmoya bozoridan chetlatilishi ichki kapitalning chiqib ketishini yana ham tezlatadi.

Oqibatda¸ Rossiyadagi ishlab chiqarish va qurilish ko‘lami qisqaradi¸ ish o‘rinlari yopiladi. Buning oqibatini¸ ayniqsa¸ iqtisodi Rossiyadagi mehnat muhojirlari yuborayotgan pulga qaram davlatlar jiddiy his qiladilar¸ deyiladi hisobotda.

Mustaqil iqtisodchi Saodat Nishonova¸ G‘arb sanktsiyalaridan so‘ng Rossiyada yuzaga kelgan iqtisodiy voqelik o‘zbekistonlik millionlab mehnat muhojiri uchun ish imkonlarini keskin qisqartirishini aytadi:

- Sanktsiyalar munosabati bilan Rossiya iqtisodi faolligi susayadi¸ rublning dollarga nisbatan qadrsizlanishi kuchayadi. Bu ikki kuchli omil¸ Rossiyadagi ishlab chiqarish va xizmatlar sektorini keskin qisqartirib yuboradi¸ mehnat bozoridagi kuchlar nisbati o‘zgarib¸ rossiyalik ish beruvchi endi asosan o‘z mahalliy fuqarosiga ish berishga o‘ta boshlaydi. O‘zbekistonlik ishchi kuchiga talab ham keskin kamayadi va biznikilar Rossiyada qolish o‘zini oqlamagani bois¸ vatanga qaytish yoki boshqa mehnat bozori topishga majbur bo‘ladi¸ deydi mustaqil iqtisodchi.

XS
SM
MD
LG