Линклар

Xorazm viloyati yo‘l harakati xavfsizligi boshqarmasining ikki inspektori 14 sentabr kuni tunda sodir bo‘lgan avariyada halok bo‘ldi. Voqea guvohlarining aytishlaricha, ular boshqarayotgan xizmat avtomobili yo‘ldan chiqib ketib zovurga ag‘darilgan va inspektorlar mashinadan chiqolmay suvda dimiqib o‘lgan. Boshqa bir hodisada, Xorazmning Hazoraspida ikki fuqaroni kaltaklagan YPX xodimlari ustidan jinoyat ishi ochildi.

Xorazm viloyati yo‘l harakati xavfsizligi inspektorlarining 14 sentabr kuni halok bo‘lgani haqidagi xabarni Hazorasp tumanida istiqomat qiluvchi Ozodlik manbasi yetkazdi:

“Avariya sodir bo‘lgan Pichoqchi qishlog‘ining chetida suv zahkash (zovur) bor. Uning yonidan Hazorasp-Urganch avtomobil yo‘li o‘tadi. 14 sentabr kuni ertalab ana shu zaxkashda yo‘l harakati xavfsizligiga qarashli “Matiz” avtomobilining ag‘darilib yotganini pichoqchilik Matyoqubov degan odam ko‘rib qolib, milisaga xabar bergan. Mashinaning ichida ikki nafar inspektor bor ekan, ikkisi ham o‘lib yotgan ekan. Aytishlaricha, ular g‘irt mast bo‘lgan ekan”, dedi manba.

Xorazm viloyati yo‘l harakati xavfsizligi boshqarmasining ismi sir qolishini so‘ragan mulozimi avariya natijasida ikki nafar inspektorning halok bo‘lganini tasdiqladi:

“Bu yigitlar 27 yoshli Ortiqboy Mavlonov va 29 yoshli Jasurbek Masharipov bizning 4-safarbarlik guruhining yo‘l patrul xizmatida inspektor bo‘lib ishlardi. Bizdagi ma‘lumotga ko‘ra, ular o‘sha kuni so‘nggi protokolni 14 senatbr kuni erta tongda, soat uchlarda yozgan. Keyin yo‘lda ketayotib, postga yuz metrlar qolganda avariya bo‘lgan. Taxminimizcha, yigitlar charchab rulda uxlab qolgan va mashina yo‘ldan chiqib zaxkashga ag‘darilgan. Ularning badanida boshqa xil jarohatlar bo‘lmagan. Hushidan ketib suvda dimiqib o‘lgan, degan xulosa qilinyapti”, dedi mulozim.

IIB vakili inspektorlarning spirtli ichimlik iste‘mol qilib, rulga o‘tirganiga doir iddaolarni rad etdi.

Bu so‘nggi haftada xorazmlik yo‘l harakati xavfsizligi inspektorlari bilan bog‘liq sodir bo‘lgan birinchi voqea emas.

Ikki fuqaroni kaltaklagan militsiyachilarga jinoyat ishi ochildi

Xorazm viloyati yo‘l harakati xavfsizligi boshqarmasining yana ikki nafar inspektori bir mashinani to‘xtatib, haydovchisi va yo‘lovchisini kaltaklaganlikda ayblanmoqda.

Bu haqda Ozodlikka xabar bergan hazorasplik manbaga ko‘ra, haydovchi va yo‘lovchining kaltaklanishi tasodifan videoga yozilib qolgan:

"Ikkita yo‘l harakati xavfsizligi inspektori "Kobalt" rusumli avtomobil egasi va undagi yo‘lovchini haddan ziyod kaltaklashgan. Ular to‘yni s‘yomka qilgani ketishayotgan bo‘lgan. Kamera esa yoniq holatda qolgan. Yigitlar qattiq jarohat olishgani sababli kasalxonaga yotqizilgan. Videotasvir diski esa viloyat prokuraturasiga topshirilgan", dedi manba.

Manbaning aytishicha, voqeadan bir kun avval avtomobil egasi YPX xodimining to‘xtash haqidagi buyrug‘iga bo‘ysunmagani uchun inspektorlar shu tariqa haydovchidan o‘ch olgan.

Xorazm viloyati ichki ishlar boshqarmasining o‘zini tanishtirmagan mulozimi Ozodlik bilan suhbatda bu xodimlar ustidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilganini tasdiqladi:

"Ha, Matkarim va Javlon degan serjantlar shunday ish qilgan. Bu voqea Hazorasp tumanida sodir bo‘lgan. Voqea videoga olingan ekan, diskni bittasi MXXga, bittasi prokuraturaga berilgan. Hozir prokuratura ular ustidan jinoyat ishi qo‘zg‘atgan. Haydovchi va uning sherigini kaltaklashda ayblanayotgan inspektorlar hozircha ochiqda, ichki tekshiruv olib borilyapti", dedi boshqarma mulozimi.

O‘zbekistonda paxta mavsumi davom etayotgani bois, yo‘l harakati xavfsizligi xodimlari xavfsizlikni ta‘minlashga safarbar etilgan. Inspektorlarga kunduz kunlari bozorlar yaqinida va yo‘llarda avtomobillar qatnovini kamaytirish vazifasi topshirilgan.

Tumanlardagi savdo shoxobchalari va bozorlar asosan kechasi faoliyat yuritmoqda.

Xorazm viloyati yo‘l harakati xavfsizligi boshqarmasidan tumanlarga safarbar etilgan inspektorlar ham dam olmasdan, sutkalab ishlashga majbur bo‘layotgani aytiladi.

O‘zbekistonda yo‘l harakati xavfsizligi xodimlari bilan bog‘liq noxush hodisalar bo‘lib turadi.

Joriy yilning 23 aprel kuni kechqurun Toshkent shahrining Chilonzor tumanida militsiyaning yo‘l-patrul xizmati mashinasi uch kishidan iborat oilani bosib ketgan edi. Avtohalokat natijasida besh yoshli qizcha va uning tog‘asi halok bo‘lgan, oyisi esa og‘ir ahvolda kasalxonaga yotqizilgan edi.

XS
SM
MD
LG