Линклар

Шошилинч хабар
28 март 2024, Тошкент вақти: 18:21

Ozodbek konsentida terimchilarga berilgan sovg‘alar tadbirkorlardan undirilgan


Qoraqalpog‘istonning Ellikqal‘a tumanida paxta terayotgan fermerlarga 4 oktabr kuni O‘zbekiston xalq artisti Ozodbek Nazarbekov va taniqli yosh hofiz Shoxjahon Jo‘rayevlar konsert berdi. Ma‘lum bo‘lishicha, konsertda faol 50 terimchi qutlangan va ular uchun sovg‘alar tadbirkorlar, mahalliy tashkilotlardan undirilgan.

Ozodlikka Qoraqalpog‘istondan bog‘langan manba 4 oktabr kuni Ellikqal‘a tumanidagi paxtakorlarga O‘zbekiston xalq artisti Ozodbek Nazarbekov va taniqli yosh hofiz Shoxjahon Jo‘rayevlar konsert bergani haqida yozdi.

Manbaga ko‘ra, tuman markazi va paxta dalasida o‘tgan konsert dasturi chog‘ida 50ga yaqin faol terimchi va tashkilotchi qutlangan hamda ularga ulashilgan sovg‘a-salomlar mahalliy tadbirkorlardan undirilgan:

"Assalomu alaykum! Kecha Ellikqal'a tumani Tuproqqal'a MFY dagi "Ellikqal'a ostonasi" fermer xöjaligida bir qator taniqli sanatkorlarning paxta hasharchilari uchun konsert dasturi bölib ötdi.Konsert 3 soatcha davom etgan va tadbir söngida fermer xöjaligidagi ishchilarga sovg'alar topshirildi. Dökonchining "uyi kuydi"! Tadbirda ishchilarga tarqatilgan sovg'alar bozordagi dökondorlardan tekinga olingan. Paxta yig'im terimiga majburiy "hissa" qöshtirish uchun. Shu tadbirni özidayoq 50dan ortiq sovga'a topshirildi", deb yozdi ismi sir qolishini so‘ragan ellikqal‘alik manba.

Keyingi kunlarda birin-ketin rejani bajarayotgan fermer xo‘jaliklari va tumanlarda qutlovlar ko‘paygani, sovg‘a-salomlar yakka tartibdagi tadbirkorlar hamda tashkilotlardan majburiy ravishda undirilayotgani haqida Ozodlikka ko‘plab xabarlar kelmoqda.

Ellikqal‘a tumani misolida ma‘lum bo‘lishicha, Qurbon hayiti oldidan respublika san‘atkorlariga rejani bajarish arafasida bo‘lgan tumanlarga safar uyushtirish topishirilgan.

"Bosh vazir Shavkat Mirziyoyev topshirig‘i bilan 4 oktabr kuni Ellikqal‘aga Ozodbek Nazarbekov bilan Shoxjahon Jo‘rayevlar keldi. Qurbon hayiti bilan tabriklab, kayfiyatini ko‘tarib kelsanglar, bu rayon ham rejani bajarib oladi, deb yuborishganda. Mana bugun (6 oktabr - tahr.) Ellikqal‘a pochti planni bajardi, Xudo xohlasa", dedi Ozodlik bilan mikrofonsiz suhbatda tuman hokimligining ismini oshkor qilmayotganimiz rasmiysi.

Bu mulozimdan olingan ma‘lumotga ko‘ra, mahalliy san‘atkorlar tumanda ikkita konsert bergan va ikkisida ham o‘nlab faolga mukofot, sovg‘alar topshirilgan.

Mulozim sovg‘a va mukofot pullari xususiy va davlatga qarshli tashkilotlarning to‘liq homiyligida to‘planganini tan oldi, ammo yakka tartibdagi tadbirkorlardan sovg‘a undirilgani haqidagi iddaolarga aniq javob bermadi:

"Tumandagi paxta zavod, MTP (Mashina-traktor parki - tahr.), ancha-muncha ilg‘or fermerlar o‘zlarimiz sovg‘alarni ajratdik. Ko‘p paxta terganlarga sovg‘alar ulashdik. Keyin "Kamolot" tashkiloti, asosan, sovg‘alarni uyushtiradida hozir. Shu mahalliy tadbirkorlar bilan ular ishlaydi. Masalan, biz falon fermer to‘ldi, deb aytamiz, keyin "Kamolot" sovg‘alarni yig‘ib kelib beradida", dedi tuman hokimiyati rasmiysi.

Ma‘lum bo‘lishicha, hozir "Kamolot" yoshlar ijtimoiy harakatining viloyat va tuman hokimliklari qoshidagi bo‘limlari paxtakorlar uchun konsert dasturlari va qutlov marosimlarining asosiy tashkilotchisi bo‘lib qolmoqda. Yakka tartibdagi tadbirkorlardan sovg‘a yig‘ish kampaniyasiga esa hokimiyat mulozimlari bosh-qosh bo‘layotgani aytildi.

Ozodlikka yo‘llangan maktubda nomi tilga olingan "Ellikqal‘a ostonasi" fermer xo‘jaligida bo‘lgan konsert tomoshabinlaridan biri ishchilaru terimchilar konsertu sovg‘alardan mamnun qolganini aytdi:

"Tuman markazidagi kulturniy tsentrda bo‘ldi bitta konsert, keyin planni bajargan Nuriddin akaning xo‘jaligida yana bitta bo‘ldi.("Ellikqal‘a ostonasi" fermer xo‘jaligi rahbari Nuriddin Matnazarov nazarda tutilmoqda - tahr.) 250-300 kilo paxta tergan ayollar bor ekan - ularga DVD televizorlar berishdi. Keyin gilam, servislar olishdi. konsert zo‘r bo‘ldi lekin, hamma xursand bo‘ldi", dedi ismi sir qolishi va ovozini yozib olmasligimizni so‘ragan ishchi.

4-5 oktabr kunlari respublikaning turli viloyatlaridagi paxta dalalarida konsert bergan san‘atkorlar ko‘p bo‘ldi.

Jumladan, Farhod va Shirin dueti Samarqand viloyatida paxtakorlarga qo‘shiq aytgani, estrada xonandasi Manzura Xorazm viloyatida konsert bergani, "Afruz" guruhi Sirdaryo viloyatida tekin konsert qo‘ygani haqida Instagram tarmog‘idagi sahifasida fotoxabar qoldirdi.

2014 yilgi paxta yig‘im-terimi kopaniyasida san‘atkorlarning o‘tgan yillardagidan ancha faol ekani va muhimi, bu faollik faol targ‘ib qilinayotgani kuzatilmoqda.

XS
SM
MD
LG