Линклар

Шошилинч хабар
19 апрел 2024, Тошкент вақти: 09:08

Abdulaziz Mansur: Qurbonlikka atalgan jonivor bezatilmaydi


Qurbonlikka so‘yiladigan jonivorlar turli bezaklar bilan bezatilgani, yasantirilgani, shoxiga do‘ppi qo‘ndirib, hazil-mazax qilingani aks etgan suratlar Hayit kunlari ijtimoiy tarmoqlarda keng yoyildi. Bu suratlar ortidan mushtariylarda tug‘ilgan savollarga javob bergan shayx Abdulaziz Mansur so‘yiladigan jonivorlarni bezamaslik, qiynamaslik va xo‘rlamaslik zarurligini uqdirdi.

Ozodlikka ijtimoiy tarmoqlar orqali yo‘llangan aksar suratlarda qurbonlikka sotilayotgan qo‘ylarning yasantirilgani, shoxlariga oq-qizil lentalar bog‘langani, gul va chechaklar bilan bezatilgani aks etgan.

Bu suratlar muhokamasida mushtariylar “Qurbonlikka tanlangan jonivorlarni yasantirish urfi Islomga mosmi?” degan oddiygina savolni o‘rtaga tashlamoqda.

Yana ba‘zi suratlarda qassob qurbonlikka so‘yilayotgan jonivorning bo‘g‘ziga tortilayotgan pichoqni amalning qoq yarmida to‘xtatib qo‘yib, suratga tushayotgani aks etgan.(Bu suratlar ruhiyatga salbiy ta‘sir qilishi mumkinligi bois chop etilmadi - tahr.) Bunday surat muhokamasida: “Bu holda so‘yilgan qurbonlik qabulmi?” degan savol bot-bot tilga olinmoqda.

Ozodlik shunday suratlaru savollarni jamladi va O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi o‘rinbosari, shayx Abdulaziz Mansurga yuzlandi:

- Qurbonlikka atalgan jonivorlarga qadimda belgi qo‘yilganiga oid holatlar bor. Biror lenta yoki bo‘yoq bilan belgilab: "Mana shu qo‘yni men qurbonlikka atadim, siz boqib turavering, Hayit kuni so‘yamiz", deb belgilash odati bo‘lgan. Lekin unaqa har xil bezaklar bilan bezatish, yasantirishga buyurilmagan, dinimizda yo‘q bunaqa narsalar, - deb javob berdi shayx Abdulaziz Mansur ilk savolga javoban.

Qurbonlikka atalgan qo‘yning boshiga do‘ppi qo‘ndirib, mutoyiba qilish yoki chala-yarim bo‘g‘izlagan holda qassoblik qilayotganlarning suratga tushish urfi haqida esa shayx hazratlari shunday munosabat bildirdi:

- Qurbonlikka so‘yiladigan qo‘y kasal bo‘lmasligi, sog‘lom bo‘lishi va hokazo talablar bor, buni hamma biladi. Bundan tashqari, so‘yishga ham talablar bor. Hayvonning tomog‘ida 4 narsa kesilishi kerak, misol uchun qizil o‘ngach, qon tomirlari va bularni ham qassoblik qiladiganlar juda yaxshi bilishadi. Agar shu talablar bajarilmasa, u so‘yilgan mol yoki qo‘y go‘shti halol bo‘lmay qoladi, - deb ogohlantirdi shayx hazratlari.

Mushtariylardan birining: "So‘yiladigan qo‘yga pichoqni ko‘rsatmaslik kerak, degan talab bor gapmi yoki bid‘at?" degan savoliga javoban Abdulaziz Mansur:

- Ha, bunday talab kitoblarda bor. So‘yiladigan jonivorning oldida pichoqni qayramaslik kerak, ya‘ni qo‘rqitmaslik kerak. So‘yilganda esa hayvonni qiynamasdan, tezroq so‘yish kerak, degan talablar kitoblarda bor, - deb javob berdi.

XS
SM
MD
LG