Линклар

Joriy yilning 1 oktabridan boshlab "O‘zbekiston havo yo‘llari" Milliy aviakompaniyasi bagaj tashish qoidalariga o‘zgartish kiritdi. Endilikda bagajda olib ketilayotgan radio va teleapparatura hamda video qurilmalar qiymatining 10 foizi miqdorida qo‘shimcha haq to‘lash lozim bo‘ladi.

"O‘zbekiston havo yo‘llari" Milliy aviakompaniyasi orqali uchadigan yo‘lovchilar endilikda o‘zi bilan olib ketayotgan radio va teleapparatura hamda video qurilmalar narxini ko‘rsatishi shart qilib qo‘yildi.

Bu haqda Milliy avivakampaniya rasmiy saytida 5 oktabr kuni e‘lon qilingan xabarga ko‘ra, ayni paytda yo‘lovchilardan apparaturalar qiymatining 10 foizi miqdorida qo‘shimcha yig‘im ham undiriladi.

Agar yo‘lovchi o‘z bagajida ro‘yxatga olinib qayd etilgan apparatura qiymatini ko‘rsatish yoki qo‘shimcha 10 foiz haqni to‘lashdan bosh tortsa, "O‘zbekiston havo yo‘llari" apparaturaning sinmasligi va yo‘qolib qolmasligi uchun kafolat bermasligini ta‘kidlaydi.

Milliy aviakompaniyaning rasmiy xabarida yangi o‘zgarishlar nima maqsadda qabul qilingani ochiqlanmagan.

Shuningdek, 1 oktabrdan amalga kiritilgan yangi tartib haqida nima uchun 5 kun kechikib e‘lon qilinganiga ham aniqlik kiritilmagan.

Buning sabablarini "O‘zbekiston havo yo‘llari" Milliy aviakompaniyasining Ozodlik muxbiri bog‘langan xodimlari ham tushintirib bera olmadi.

Ma‘lum bo‘lishicha, 6 oktabr kuni ham mamlakatdagi birorta aeroportga yangi o‘zgarishlar borasidagi rasmiy hujjat berilmagan.

Jumladan, “Toshkent” xalqaro aeroportining bojxona xizmati xodimasiga ko‘ra, yangi o‘zgarish haqida hali hukumat qarori ularga yetib kelmagan:

- Hali postanavleniye kelmadi. Yangi o‘zgarish bo‘yicha xabarimiz yo‘q. Bizga bu boradagi xat hali yetib kelmadi. Kelsin keyin ma‘lumot beramiz. Hozir bu borada ma‘lumot bera olmayapmiz. Saytda chiqdi. Lekin bizga pechat bosilgan, qo‘l qo‘yilgan hujjat hali yetib kelgani yo‘q, - dedi “Toshkent” xalqaro aeroporti bojxona xizmatining o‘zini tanishtirmagan xodimasi.

29 sentabrdan kuchga kirgan boshqa tartibga ko‘ra, O‘zbekistondan uchib ketayotgan yo‘lovchilarning qo‘l yukidagi radio va teleapparatura, audio va videotexnika, kompyuterlari, planshetlari va mobil telefonlari tekshirilishi shart qilib belgilandi.

Norma.uz saytida e‘lon qilingan hujjatda yozilishicha, endilikda yo‘lovchi MXX xodimiga o‘zining elektron uskunalarining qanday ishlayotgani va akkumulyator hamda batareyalar qo‘yiladigan joylarni ko‘rsatishi shart.

Mabodo elektron usukunalar umuman ishlamasa, qanday chora qo‘llanilishi rasmiy hujjatda ochiqlanmagan.

Ayrim xorijiy davlatlarda bunday holatda elektron uskunalar olib qo‘yib, qaytarib berilmasligi kuzatiladi.

O‘zbekiston aeroportlarida joriy qilingan yangi tartib bir qancha xorijiy davlatlar, jumladan, AQShda yaqindan buyon amalda qo‘llanib kelinadi.

Yangi joriy qilingan tartibga ko‘ra, MXX xodimlariga yo‘lovchining elektron uskunalaridagi shaxsiy axborotlarni tekshirish va ular bilan tanishish taqiqlanadi.

Agar elektron uskunalarda taqiqlangan modda va ashyolar bo‘lsa, tekshirish to‘xtatilib, yo‘lovchining uchishi taqiqlanadi.

Shuningdek, elektron uskunalarni tekshirtirishdan bosh tortgan yo‘lovchi samolyotga qo‘yilmaydi.

Ozodlik manbalariga ko‘ra¸ joriy yil boshidan O‘zbekiston aeroportlaridan kirib-chiquvchilarning kompyuter¸ planshet¸ mobil telefon va fleshkalarini nazorat qilish kuchaytirilgan tartibda amalga oshirib kelinmoqda.

MXX xodimlari yo‘lovchilarning islomiy¸ muxolif va mustaqil Internet nashrlariga qiziqishini o‘rganib¸ ayrim hollarda¸ bunday saytlar mushtariylariga chora ko‘rmoqda.

Ozodlik suhbatdoshlaridan birining ta‘kidicha¸ Rossiyadan O‘zbekistonga kirayotganlar maxsus moslamalar yordamida tekshirilmoqda¸ ular yonidagi elektron axborot vositalaridagi materiallar va ular xotirasi sinchkovlik bilan o‘rganilmoqda.

Joriy yilning 1 fevralidan O‘zbekiston aeroportlaridan uchib ketadigan yo‘lovchilarga havo kemasi sahnida qo‘l yuki tarkibida barcha turdagi suyuqliklar, aerozollar va gellarni olib ketish taqiqlandi.

Suyuqliklar yo‘lovchilarning ro‘yxatdan o‘tkazilgan bagajiga joylashtirilishi lozim.

“O‘zbekiston havo yo‘llari” kompaniyasiga ko‘ra, istisno tariqasida bolalar ovqati va parvoz vaqtida muntazam talab etiladigan dori vositalari olib ketishga ruxsat etiladi.

Bolalar ovqati va dori vositalari shaffof, zich yopiladigan, hajmi 1 litrdan ko‘p bo‘lmagan plastik paketlarga joylashtirilgan bo‘lishi kerak.

XS
SM
MD
LG